Bolaga do‘st bo‘ling
Yaqinda tumanimizdagi rus tiliga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabda ko‘p yillik tajribaga ega rus tili o‘qituvchisi sifatida o‘z taqdimotimiz bilan ishtirok etdik. Bu tadbirning sog‘lom bahs-munozara muhitida o‘tgani hamda tajribalarimiz rossiyalik mutaxassis Valentina Kimga ma’qul kelgani quvonarlidir.
Mana shu kichik e’tirof bizga o‘qituvchilik kasbidan faxrlanish bilan birga katta mas’uliyat yukladi. Shunda yaratilgan shart-sharoit, yangidan ta’mirdan chiqarilgan sinf xonasida smart doska, eng so‘nggi rusumdagi kompyuter texnologiyasi, proyektor, rus adabiyoti namoyandalarining bolalar tafakkurini boyitishga mo‘ljallangan eng yorqin nashrdagi rang-barang asarlari ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. Hamma gap o‘quvchini qiziqtira olishimiz, ular dunyoqarashida yangicha tafakkurni shakllantirib bilim bera olishda ekanini angladim.
Bugun rus tili o‘qituvchisi sifatida maktabda xorijiy tillarni o‘rganib, kelajakda oliy o‘quv yurtlariga kirishni orzu qilayotgan yoshlar ko‘pligidan ko‘nglim ko‘tariladi. Ular bilan darsdan tashqari o‘tkaziladigan fan to‘garaklarida do‘stona suhbatlashishni yoqtiraman. Bilasizmi, bola qalbi shunchalar tozaki, siz unga chinakamiga mehr ko‘rsatib, qalbiga quloq solsangizgina uni taniy boshlaysiz. Men har bir bola o‘z o‘qituvchisiga ishonishini istayman. Darslarda qo‘llayotgan metodlarimda millatlararo totuvlik tushunchalarini singdirishga harakat qilaman. Bu tushunchalarni ular tafakkurida shakllantirish oddiy qoidaga asoslanadi. O‘quvchingiz bilan yaqin do‘st bo‘lib, unga o‘zingizdagi bor bilimdan tashqari ma’naviy tarbiyani yuqtirib borishni unutmang. Zero, shogird ustozning yuzidir. Oynada o‘z aksimizni ko‘rishni istasak, yoshlarni qo‘lidan tutib ularga doim to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsata olishimiz kerak.
Muqaddas AKBAROVA, Shayxontohur tumanidagi 299-maktabning rus tili o‘qituvchisi