Kitobxonlik — huquqbuzarliklarni qisqartiruvchi omil
Zamonaviy jamiyat postindustrial rivojlanish bosqichida bo‘lib, u yangi axborot makoni bilan ajralib turadi va audiovizual axborot uzatish vositalarining kuchli rivojlanishi bilan tavsiflanadi. Bu tendensiyalar o‘z o‘rnida o‘qish jarayoniga sezilarli ta’sir qiladi: bir tomondan, o‘qishdan uzoqlashtiradi, boshqa tomondan – ular o‘zga yo‘llar bilan ma’lumot olishga imkon beradi.
Afsuski, bunday sharoitlarda yoshlar o‘rtasida o‘qishga qiziqish sezilarli darajada pasaymoqda, ko‘pchilik tomonidan adabiyotni o‘qish majburiy, yoqimsiz bir ish sifatida qabul qilinmoqda. Shundan kelib chiqib, shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan biri bu — ongli ravishda o‘qishga bo‘lgan qiziqishni tiklash masalasi bo‘lib qolmoqda.
Yoshlarni kitobxonlikka jalb qilish masalasini amalga oshirish yoki amaliyotga tatbiq etish usuli bunga tegishli sharoit yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar bilan chambarchas bog‘liqligini anglagan holda, ularni rivojlanish usullari bilan ham birgalikda ko‘rib chiqish lozim. Bunday usullar sifatida mahalliy hokimiyat va o‘zini o‘zi boshqarish organlarining muhim vazifalaridan biri bo‘lgan turli xil loyihalarni amalga oshirishni taklif qilish mumkin. Masalan, mahalliy aholi manfaatlarini va qiziqishini inobatga olgan holda har bir mahallada mini-kutubxonalarni yaratish, joylarda yangi o‘qishni boshlagan kitobxonlar bilan konsultativ-maslahat ishlarini tashkillashtirish va faollashtirish, uyushmagan yoki ishsiz yoshlar o‘rtasida turli tanlovlar o‘tkazish, badiiy kitoblarni nashr etish, joylarda uchrashuvlar, kitobxonlikka jalb qiladigan qiziqarli tadbirlarni tashkillashtirish, audiokitoblar, kitoblarga bag‘ishlangan turli televizion va radio dasturlarni yaratish, adabiy yangiliklarni muhokama qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
2020–2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashning milliy dasturi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan. Dastur bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Birinchi bosqich – 2020-2021-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Ikkinchi bosqich – 2022- 2023-yillarda o‘qish madaniyati infratuzilmasini mustahkamlash.
Uchinchi bosqich – yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini, ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish hisobiga 2024-2025-yillarda inson kapitali sifatini oshirish.
Qabul qilingan hujjatda har yili aprel oyining birinchi haftasida “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkazilishi belgilangan va 2020-2021-yillarda Dasturni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan, unga ko‘ra:
noshirlar tomonidan yozuvchilarga qalam haqi to‘lash masalalarini takomillashtirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi;
rassom va dizaynerlarga mualliflik huquqi va gonorar to‘lash tartibi va miqdori to‘g‘risidagi nizom loyihasi;
kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadbirlar samaradorligini baholash tizimini, “Eng yaxshi o‘qish platformasi”, “Eng yaxshi kitobxon jamoati”, “Eng yaxshi o‘qiydigan o‘quv muassasasi” reytinglarini kiritish va boshqa qator ishlarni amalga oshirish belgilangan.
Shunday qilib, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish, ularni kitob o‘qishga qiziqtirish masalasi bir qarashda kichik bir e’tiborsiz qoldirsa bo‘ladigan masaladek tuyulsa-da, biroq hozirgi globallashuv jarayonida yoshlar ongini turli yot g‘oyalar bilan to‘ldirishga, ularni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirishga yo‘naltirilgan harakatlar davrida, ushbu tashabbus dolzarb va amalga oshirilishini kechiktirib bo‘lmaydigan chora sifatida ko‘rilishi darkor.
Chunki kitobxonlik bugungi kunda olib borilayotgan yoshlar siyosatining asosiy bir omillaridan bo‘lib, u yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli va samarali o‘tkazishga, ma’naviy-ma’rifiy, axloqiy-ruhiy, vatanparvarlik va mehnatsevarlik tuyg‘ularini rivojlantirishga, va eng asosiysi, kelajakda to‘g‘ri yo‘lni tanlashga va ular o‘rtasida huquqbuzarliklarni qisqartirishga xizmat qiladi.
Shuhrat SHOKIROV, TDYU Ixtisoslashtirilgan filiali o‘qituvchisi