Maktabdan tashqari bilim — “Barkamol avlod” bilan
Prezidentimizning 2019-yil 30-sentabrdagi “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 215 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablarining faoliyatini takomillashtirish maqsadida bir qator tizimli vazifalar belgilab berilgandi.
Joriy yilning 13-aprel kuni yurtboshimiz rahbarligida yoshlar bandligini ta’minlash va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Prezidentimiz “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatiga alohida e’tibor bilan to‘xtaldi. Xususan, “Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga e’tiborni yanada kuchaytirish zarur. Bu borada respublikada mavjud 215 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlari imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanish kerak. Bugungi kunda “Barkamol avlod” bolalar markazlari bor yo‘g‘i 175 ming nafar (3 foiz) yoshlarni qamrab olgan. Viloyat, tuman va shahar hokimlariga o‘n kun muddatda “Barkamol avlod” markazlarida zamonaviy to‘garaklar ochish va ularning har bir maktabda tarmoq filiallarini tashkil etish orqali qamrovni kamida 3-5 baravarga oshirish bo‘yicha rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirsin (respublika bo‘yicha kamida 500 ming yoshlarni qamrab olish kerak)” deya belgilab bergan aniq va tizimli ko‘rsatmalari nafaqat hokimliklar balki Respublikamizda faoliyat yuritayotgan barcha “Barkamol avlod” bolalar maktablari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
Hozirgi kunga kelib, Respublikamizda 215 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablarida 7 yo‘nalishda 65 nomdagi 6 218 ta to‘garaklar faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur to‘garaklarlarga jalb etilgan 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchi-yoshlarimiz quyidagi yo‘nalishlarda:
Madaniyat va san’at — 28 647 nafar, texnika, konstruktorlik va modellashtirish — 27 617 nafar, jismoniy tarbiya va sport — 11 594 nafar, hunarmandchilik va qo‘l mehnati — 60 145 nafar, turizm va ekologiya — 25 924 nafar, oliy ta’lim muassasalari va maktabga tayyorlov kurslari — 9 543 nafar, xorijiy tillar — 11 595 nafar, jami 175 065 nafar o‘quvchi-yoshlar qo‘shimcha bilim va hunarlarni o‘rganib kelmoqdalar. Ularning 3691 nafari imkoniyati cheklangan, 369 nafarini ichki ishlar organlarida profilaktik hisobga olingan o‘quvchilardir.
“Barkamol avlod” maktablari viloyat va tuman (shahar) markazlarida joylashib, asosan ularga ushbu hududlardagi o‘quvchilar jalb etilgan. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Bugun bolalarimizni maktab, ota-ona yoki institut emas, aksariyat holda qo‘lidagi telefon tarbiyalamoqda. Mobil telefon endi oddiy aloqa vositasi emas, ko‘pincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanmoqda. Ma’naviyatimizga mutlaqo begona, zararli g‘oyalar chegarani buzmasdan, bildirmasdan xonadonimizga, jamiyatimizga kirib kelyapti. Soat sari emas, daqiqa sari kirib boryapti. Bularning barchasi biz uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yangrashi zarur” deya bildirgan fikrlari zamirida juda katta ma’no, chuqur o‘ylangan maqsad bor.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularga maktabdan tashqari vaqtlarida qo‘shimcha, yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘rgatish, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish orqali ularda turli yod g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish, ommaviy madaniyatning turli ko‘rinishlariga ergashishini oldini olish, jamiyatga sog‘lom fikrlovchi, hayotda o‘z pozitsiyasiga ega yosh avlodni tarbiyalashda “Barkamol avlod” bolalar maktablari ma’suldirlar va ulardagi imkoniyatlar jamiyatimiz uchun katta foydali manbayidir.
Yurtboshimiz belgilab bergan vazifalar bugungi kunda “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishda bir qator muammoli vaziyatlarni yechishda biz pedagog-xodimlar uchun katta umid bag‘ishladi. Sababi, bugungi kunda “Barkamol avlod” maktablariga yaqindan e’tibor berilmaganidan ular faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Endilikda ushbu masalalar yechimini maktablarda tarmoq to‘garaklarini barcha sharoitlarni yaratgan holda tashkil etilishida, o‘quvchi-yoshlar qamrovini oshirishda, turli xil madaniy tadbirlarni ko‘paytirish orqali o‘quvchilarni maktablarga jalb etishda dastak bo‘lishiga ishonamiz.
Sevara MAHMUDOVA, Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori