Qo‘li gul qizlar ulg‘aysin
Yigirma yillik faoliyatim davomida yosh avlodga kasb-hunar sirlarini o‘rgatib kelyapman. Qizlarning qo‘li gul, yigitlarning uquvli bo‘lishida amaliy mashg‘ulotlarning ahamiyati katta.
Qadimda hatto saroy malikalari ham biror-bir hunarni egallashga harakat qilgan. Shu sababdan o‘quvchilarimga o‘quv mashg‘ulotlarim davomida o‘zlari, xonadonlari uchun kerakli bo‘lgan mahsulotlarini tayyorlashni o‘rgatishga harakat qilaman.
Texnika, axborot asri deymiz-u, lekin arzimas qo‘l ishlarini ham bajara olmayotgan yoshlarga qarab achinasan ba’zida. Shuning uchun ham ayrim kundalik hayotda foydalanish mumkin bo‘lgan buyumlar yasashni texnologiya darslarida qizlarga o‘rgatib boraman. Chunki qiz bola oilada farzand tarbiyasi, muomala madaniyati, o‘zini tuta olishi, kattalarga hurmat ko‘rsatishi va boshqa bir qator yaxshi xislatlari bilan namuna bo‘lishi kerak. Bu galgi darsimda “Qiz bolalar sumkasini tikish texnologiyasi” mavzusida ochiq dars o‘tdim. “Aprel – amaliy fanlar oyligi” munosabati bilan tashkil qilingan bu darsim o‘quvchilarda juda katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki bugungi kun yoshlari asosan tayyor mahsulotlar, tayyor jihozlar bilan ishlashga o‘rganib qolayapti. Shuning uchun ham darslarimda o‘quvchi qizlarga hayot uchun zarur buyumlarni yasashni o‘rgatib boraman.
O‘qituvchilik dunyodagi kasblarning eng mas’uliyatlisi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Chunki ular hayotning o‘ydimchuqur ko‘chalaridan millat kelajagini yelkalab o‘tadi. O‘z kasbini chin yurakdan sevgan haqiqiy pedagog har qanday sharoitda o‘quvchilarga bilim berishdan charchamaydi.
Nafisa HOSHIMOVA, Shayxontohur tumanidagi 324-maktabning texnologiya fani o‘qituvchisi