“Urush… bolam, urush”
Inson hayoti juda qiziq. Kimdir tasodiflarga, kimdir ko‘rgan tushiga, yana kimdir o‘z xayolot olamiga ishonadi ba’zida. Men-ku aslida bunaqa narsalarga unchalik ahamiyat bermayman, lekin yaqinda...
Gapning indallosini aytadigan bo‘lsam, kecha bobom tushimga kirdi. “Marhumlar bejiz tushga kirmaydi”, degan fikr xayolimdan o‘tdi-da, o‘zimcha tushimni sharhlamoqchi bo‘ldim. Аmmo qanchalik harakat qilmay, buni uddalashimga ko‘zim yetmadi. Kechasi ko‘rgan tushimni eslay olmadim (bu holat menda tez-tez takrorlanib turadi). Аnchadan beri bobomni xotirlamay qo‘yganimga qalban iqror bo‘lib, o‘kindim. Shu payt yaqinda o‘qigan qaysidir kitobdagi jumlalar yalt etib ko‘z o‘ngimdan o‘tdi: “Bizning bu dunyodan o‘tgan ajdodlarimiz har safar ularni duolarimiz orqali yo‘qlaganimizda minnatdor bo‘lib, g‘oyibona uyimizga tashrif buyurishadi”.
Biz unutganlarimiz boqiy dunyoda mavhumlik botqog‘iga g‘arq bo‘lishlari mumkinligi xayolimdan o‘tib, ko‘nglim biroz xijil bo‘ldi. Xayolot olami meni bolaligim tomon yetakladi. Bobom anchayin keksayib qolgan. Zo‘rg‘a qadam tashlar, ko‘zlari xiralashgani yetmaganday eshitish qobiliyati ham maqtaguday emasdi. “Ilohim, qariganda hech kimga muhtoj qilmasin-da”, degan gapni bot-bot takrorlashni odat qilgandi. O‘shanda bu gapning mohiyatini unchalik anglamasam-da, bu jumla zamirida allaqanday bir niyat mujassam ekanligini his qilardim. Meni qiziqtiradigan yagona narsa — bobomning oq-qora tasvirdagi fotosuratida ko‘ksini bezab turgan medallar va ko‘p vaqtlardan beri ochilmaydigan sandig‘ida turgan yaltiroq sovrinlari edi. “Bobo, bular nima, bularni qayerdan olgansiz?” kabi savollarni yog‘dirishim bilan u allaqanday ma’yus tortib qolardi. Savollarimga javoban esa “Urush… bolam, urush” deb qo‘ya qolardi. O‘sha kezlarda urush nimaligini unchalik tushunib yetmasam ham, u biz yaxshi ko‘rib yeydigan quymoqqa o‘xshash narsa emasligiga aqlim yetardi...
Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga 1,5 milliondan ortiq vatandoshimiz qatori mening bobom ham hissa qo‘shgan. Hayotning achchiq-chuchugi, oq-qorasini tanib ulgurmagan 27 yoshli yigit uchun urush dahshati begona bo‘lishi mumkin. Biroq urushning dahshati har qanday insonni lahzada ulg‘aytirishi hech yolg‘on emas! Bobomning birgina “Urush… bolam, urush” degani zamirida qancha iztiroblar mavjudligini bugun yaxshi idrok eta olaman. Kuli ko‘kka sovurilgan binolar, payhon bo‘lgan dalalar, tanklarga to‘lib-toshgan ko‘chalar, osmonni larzaga solgan bombalar, ochlik va uqubatdan ayanchli ahvolga tushib qolgan insonlar — bularning barchasi umrbod suratga aylanib kino tasmalarida qolib
ketishini istayman! Bunday tinchlik zamoniga yetib kelishimizda bobomga o‘xshagan minglab, millionlab fidoyi insonlar ko‘rgan qiyinchiliklar oldida har qancha ta’zim qilib, bosh egsak, shuncha kam. O‘tganlarning xayrli ishlarini doim yodga olib, xotirlash va qadrlash biz uchun ham qarz, ham farzdir!
O‘tkir RUSTAMOV,
Qarshi shahridagi 8-maktab o‘qituvchisi