E’tibor va g‘amxo‘rlik – insoniy burch
Inson qadri ulug‘langan, xotirasi sarbaland yurtda yashaymiz. Bugunimiz kechagi kundan yorug‘, ertamiz yanada fayzli, barakotli bo‘lishiga ishonchimiz komil. Navqiron avlod e'zozda, e‘tiborda, yoshi ulug‘lar ehtiromda. Xalqimiz ozod, yurtimiz obod. Shunday aziz Vatanda yashamoqlik, uning buyuk kelajagi yo‘lida mehnat qilmoqlik beqiyos baxt.
9 may – bu urushlarda qurbon bo‘lgan millionlab yurtdoshlarimiz xotirasiga ta’zim qiladigan, bugun saflarimizda yurgan, osmonimiz musaffoligi, yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan nuroniylarga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatiladigan kundir. Bunday kunlarda bugungi tinch va osuda hayot, musaffo osmon, to‘kinlik va farovonlikka qanday og‘ir yo‘qotishlar, sinov va mashaqqatlar evaziga erishilgani hayolimizdan o‘tadi. Bizga nasib etgan mustaqillik, tinchlik va osoyishtalikning ahamiyatini teranroq anglaymiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5081-sonli qarorini ijrosini ta'minlash hamda Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan xalqimizning jang maydonlaridagi, urush fronti ortidagi qahramonligi va fidokorona mehnatlarini qadrlash va ularni holidan xabar olish maqsadida, joriy yilning 7-may kuni O‘zbekiston Respublikasi FVV Akademiyasi va Yangihayot tumani hokimligi bilan hamkorlikda Yangihayot tumanida istiqomat qilib kelayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida xizmat qilgan bir qator vatandoshlarimizni holidan xabar olindi.
Jumladan, Aleksandr Soy, Sodiq Agzamov, Mariya Alekseyeva, Samiya Gumirova, Nasima Maxmutshina, Asya Gabrelyan, Nina Krist, Madamin Hakimov, Valentina Ruzova, Klavdiya Zayseva, Seydin Abenova, Minovvar Yusupova, Rixsi Kruglova, Anna Semenovna, Tatyana Barabashina, Zinayida Marozova, Dina Boyarinsova, Tatyana Kim, Sharofat Mirzabekova, Xusnutdinova Maryam va Izmaylova Maryamlarning xonadonlariga tashrif buyurib, ularning qalblariga bir olam quvonch ulashildi shu bilan birga xotiralarida o‘chmas iz qoldirgan sovuq urush kunlaridagi voqealarni yod etib, yoshlarimizni bugungi dorulamol kunlarning shukronasini qilishlarini bot-bot ta’kidlashdi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, shu kunlarda barchamiz o‘z insoniy burchimizni ado etib, bugungi tinch hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun jang maydonlarida jon berib urushdan qaytmaganlarni yod etamiz.
Zero, yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir kishi, ayniqsa, yosh avlod mana shu bayram timsolida yoshi ulug‘larni qadrlash, saxovatga muhtoj kishilarga ko‘maklashish kabi chin fazilatlarni qalbiga singdirmoqda.
Farhodjon XO‘JAYEV,
Akademiya katta o‘qituvchisi,
kapitan.