Ota-onaga hurmatning chegarasi bormi?
“Qalban mehnatkash inson”. Bu iboraga ilk marotaba yozuvchi Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” asari mutolaasida duch kelganman. Qalban mehnatkash inson kim?
U o‘zini shunday botiniy, murakkab savollarga tutadiki, agar o‘zida javob topa olmasa, aslo xotirjam bo‘lolmaydi. Shuning uchun ham nodon kimsalar loqaydlik bilan ish qiladilar, ishni yaxshi uddalaganlarida ham majburiyat yuzasidangina bajaradilar.
Qachon o‘zingizni savollarga ko‘mib tashladingiz? Farzand sifatida ota-onangizni rozi qildingizmi? Ota-onalar bolam hech kimdan kam bo‘lmasin deb o‘zi bahramand bo‘lmagan sharoitlarni farzandiga muhayyo qiladi. Ular shunga majburmi? Butun umr o‘z orzu-havaslaridan voz kechib, farzandlari kelajagi uchun mehnat qilishlari to‘g‘rimi? Hatto bulbul ham bola ochganidan keyin sayrashni bas qilib, polaponlariga yemish tashish bilan ovora bo‘lar ekan. Ota-onalardan oxiratda farzandingga o‘zingdan keyin nima meros qoldirding deb so‘raladi. Xitoy donishmandlari shunday hikmat aytishgan ekan: “Agar bir yil foyda olishni istasangiz, sholi eking. Agar o‘n yil foyda olishni istasangiz, daraxt eking. Agar yuz yil foyda olishni istasangiz, farzand tarbiya qiling”. Bizning farzandlik burchimiz ham ota-onamizga yaxshilik bilan javob qaytarishimizdadir. Hatto safarga ham ularning roziligisiz chiqmaslik lozim. Agar ota-ona ish buyursa-yu, sizga bu malol kelsa, qaysi martabada bo‘lsangiz ham dunyodagi eng razil inson siz bo‘lasiz. Ijtimoiy tarmoqlarda 100 million like uchun onasini o‘ldirishini ta’kidlagan tiktoker butun ommaning g‘azabiga uchradi. “Koinot cheksizligiga shubham bor, insonning ahmoqligiga shubham yo‘q”, deb ta’kidlagan edi Albert Eynshteyn. Yoshlarimiz zamondan ortda qolmasliklari uchun davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Tiktokerlarni to‘gri yo‘lga solishga ko‘p harakat qilindi. Biroq jamiyatimiz uchun foyda keltiradigan avlod o‘rniga obunachi va like yig‘ish kasaliga uchragan qotillar paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, buni o‘z onasiga, uni ne-ne umidlar bilan voyaga yetkazgan, jigarbandining kamolini ko‘rishni istagan onaga ra’vo ko‘rganligini aslo kechirib bo‘lmaydi. Bu videoni ko‘rishga insonning yuragi betlamaydi.
Nahot, pul, mashhurlik uchun inson zoti hamma narsadan, hatto ota-onasidan, ham voz kechib ketaversa.
Sinfdoshlarimiz bilan bir kuni ota-onamizga xat yozdik. Xat oxirida ota-onamizning ismini qayd etishimiz lozim edi. Ustozimiz xatlarni o‘qib chiqib, bir sinfdoshimizga “ota-onangning ismini yozolmaysanmi?”, deb qoldi. Shunda sinfdoshim bizga bolalikdan ota-onamizning nomini yozish, aytib chaqirish, hazil-mazax qilish mumkin emasligi uqtirilganini ta’kidladi. Barchamiz hayratdan qotib qoldik, haqiqatan ham ota-onaga hurmat-ehtiromning chegarasi bo‘lmasligini anglab yetgandik.
Ko‘zimda yosh bilan o‘qigan hikoyamni quyida keltirmoqchiman. Ushbu hikoyada malayziyalik talabaning ota-onasiga ehtiromi jamlangan. Buyuk Britaniyada ta’lim olayotgan Muhammad ismli talaba 3 yil davomida aviachiptalar va safar xarajatlari uchun o‘qishdan so‘ng farroshlik qilib pul jamg‘aradi. Chunki u universitetni bitirish marosimida ota-onasining ham qatnashishini juda istaydi. Muhammadning ota-onasi o‘g‘liga munosib ta’lim berish uchun butun umr mehnat qilishgan edi. Tirishqoq va a’lochi Muhammad o‘rta maktabni yuqori baholar bilan tamomlab, Buyuk Britaniyadagi Essex universitetida o‘qish uchun stipendiya bilan taqdirlandi. So‘ngra bo‘lajak universitet talabasi butun qishloq tomonidan o‘qishga kuzatib qo‘yilgan. “Ota-onam biron marta ham ona qishlog‘ini tark etmagan. Ular butun umr mening munosib ta’lim olishim va kerakli kasbni egallashim uchun mehnat qilishgan. Men ham ularning o‘g‘li sifatida bitiruv oqshomida, diplom olish marosimida qatnashishlarini xohladim va shunga harakat qildim”, — deydi Muhammad. Nihoyat kutilgan damlar yetib, 2019-yilning iyul oyida o‘qishni tamomladi. Ota-onasi uni shaxsan tabriklash imkoniyatiga ega bo‘lib, Buyuk Britaniyaga uchib kelishdi. Ushbu yoqimli lahzalar muhrlangan rasmlar butun internetda tarqalib, millionlar e’tiboriga tushdi. Bu hikoya ham farzandlarning ota-onalariga ehtirom ko‘rsatishlari, o‘zaro munosabatlarida minnatdor va samimiy bo‘lishlari kerakligi haqida bir ibratdir. Ota-onalar shunday solih farzandlari bo‘lishini har doim Ollohdan so‘raydilar.
Inson umri juda qisqa. Har narsa yonib-kuyishga arzimaydi. Siz boy-badavlat insonga havas qilmang, mansabdor insonga havas qilmang, biroq ota-onasini rozi qilgan insonga har qancha havas qilsangiz oz. Odamlarga yaxshilik qilish ota-onadan boshlanadi.
Ularning duolari bilan umrimizga fayz qo‘shiladi. Martabamiz yanada ulug‘ bo‘ladi.
Dilfuza OLIMOVA,
O‘zJOKU talabasi