“Targ‘ibotchiman — maktabga hurmat, maqtov, shuhrat talabida bormadim”
Bolalikdan she’r yozishga urinib, yondaftarcha tutgan yoki ichki kechinmalarini kundaligi bilan sirlashgan insonlar ko‘p. Ayni shu davrda o‘quvchi qalamini sayqallab, chinakam ijod olami sari yetaklaydigan va rag‘batlantiradigan yo‘lboshchiga ehtiyoj sezadi. Yoshlarni kitobxonlikka jalb etish, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish va ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilgani bejiz emas. Prezidentimizning 2020-yil 6-noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga binoan maktablarda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy etildi.
Mazkur lavozimga taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va boshqa ijodkorlar tayinlandi. Targ‘ibotchilar maktabga o‘zgacha ijodiy ruh olib kirdi. Mavzu yuzasidan maktablarda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi sifatida ish boshlagan ijodkor va pedagoglar bilan suhbatlashdik, yangilikning mazmun-mohiyati, jarayondagi muammo va kamchiliklar haqida fikrlashdik.
Shahnoza RASULOVA, Yunosobod tumanidagi 274-maktab direktori:
— Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimining joriy etilishi biz rahbarlarni ham mamnun qildi. Dastlab, bu xabarni eshitganimda maktabimizga ushbu lavozim uchun munosib nomzod kim ekanini darrov payqadim. Bu inson 39 yil mobaynida maktabda ona tili va adabiyot fanidan dars bergan, shu bilan birga respublikamizdagi ta’lim nashrlari — “Tong yulduzi”, “Ma’rifat” gazetalarida ham faoliyat yuritgan, keyinchalik nafaqaga chiqqan bo‘lishiga qaramay, maktab bilan doimiy aloqada bo‘lib, ijodkor o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlagan, hech qanday manfaat kutmay, faqat o‘quvchilar va ish joyiga sadoqati sabab norasmiy targ‘ibotchi sifatida ishlagan Mahmuda opa Valiyeva bugun rasman o‘z lavozimida ishlamoqda. Mahmuda opaning boshqa targ‘ibotchilar uchun o‘rnak jihatlari bisyor. Avvalo, o‘z ishiga sidqidildan va mas’uliyat bilan yondashishi, bolajonligi tahsinga loyiq. Ish boshlaganda gaplashib oldik, ortiqcha talablar qo‘ymadim. Chunki u kishiga nisbatan menda ham, jamoada ham ishonch bor edi. Ikki oyda o‘quvchilarimizda o‘zgarishlar sezildi. Kutubxonaga qatnovchilar soni oshdi. Maktabda qizg‘in ijodiy muhit paydo bo‘ldi. Boshqa ijodkor-targ‘ibotchilar ham o‘z vazifalarini tushunib, rahbariyat bilan do‘stona ishlasa, hech qanday muammo yuzaga kelmaydi.
Adiba UMIROVA, “Xalq so‘zi” gazetasi muxbiri, Shayxontohur tumanidagi 19-maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi:
— Mazkur lavozimning yoshlarning bilim saviyasi pasayib, kitobdan uzoqlashib borayotgan bir paytda tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi. Hatto o‘qituvchilarning aksariyati badiiy asar o‘qish u yoqda tursin, o‘z sohasiga tegishli gazeta, jurnallardan bexabar. Maktab kutubxonasida ta’limga oid davriy nashrlar juda kam. Shu sabab mustaqil o‘qish, o‘zlashtirish, fikrlash sust. Ikki mingga yaqin o‘quvchisi bor maktabdan shoir, yozuvchi, jurnalist, olim, usta-hunarmandchilikka qiziqadigan birorta o‘quvchi chiqmasligi — o‘sha yerda kitobxonlik nol degani. Dastlab kutubxonada o‘quvchilar qanaqa kitoblar o‘qiyotgani bilan qiziqib, so‘rovnoma o‘tkazdim. Ma’lum bo‘lishicha, 4–7-sinflarda kitobxonlik darajasi qoniqarli, yuqori sinf o‘quvchilari esa oliy o‘quv yurtiga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rishdan ortmaydi. Aslida, maktabga hech bir hurmat, maqtov, shuhrat talab etmay, o‘quv-tarbiya ishlari, ma’naviy muhit, bolalarning ijodiy qobiliyatini o‘stirishga hissa qo‘shish uchun bordim.
Zamonaviy maktab direktori kim, degan savolga hech ikkilanmay maktabimiz rahbari Rayhona Kulunchakovani ko‘rsatgan bo‘lardim. Ijodiy hamkorlikni rasmiyatchilik yuzasidan emas, ijodiy munosabat bilan boshladik. Adabiyot darslariga kirib, yosh kitobxonlar ro‘yxatini shakllantirdim. Mahorat darslariga ijodkor,
tarixchi, tarjimonlar, jurnalistlar, hunarmandlarni ham taklif etyapmiz. Targ‘ibotchi orqali maktabga ne-ne ijodkorlar, kutubxonaga yangidan-yangi asarlar kirib boryapti. Ular matbuotga o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan maktab ancha ta’mirtalab ekani, sport maydonlari, madaniyat zallari mavjud emasligi, kutubxonalarda zarur adabiyotlarga ehtiyoj kattaligini
dadil ko‘tarib chiqishi ham kerak.
Mehribon QURBONNIYOZOVA, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsat- gan jurnalist, Yashnobod tumanidagi 216-maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi:
― Ayrim hududlarda targ‘ibotchi ish boshlagan dastlabki kunlardanoq ma’naviyat bo‘limi, maktab va ijodkorlar o‘rtasida tushunmovchiliklar yuzaga keldi. Ma’naviyatchilar hukumat qarorining mohiyatini to‘g‘ri tushunmay, targ‘ibotchilarni bo‘lar-bo‘lmas yig‘ilish-u seminarlarga jalb etdi, maktab direktorlari esa yarim shtat ish o‘rni uchun yarim kun maktabda bo‘lishi va targ‘ibotchi uning buyrug‘i bilan ish ko‘rishi kerakligini talab qildi. Oqibatda ko‘pgina salohiyatli
jurnalistlar maktabdan bezib qoldi. Xorazimda ijodkor ustozimizga mayda gaplar bilan “jurnalistlarning burnini yerga ishqalab ishlatamiz” deya turli talablar qo‘yib (majlisga borasiz, kun bo‘yi maktabda o‘tirasiz), asabini buzishgan va ijodkorning ishga ishtiyoqini so‘ndirgan holatlar haqida eshitdik. Halollik, adolat, haqiqat uchun so‘z mas’uliyatini olgan ijodkorlar bunday munosabatga also loyiq emas. Shu kabi holatlar soha rivojiga bolta urishi mumkin. Bugungi o‘quvchilar bilan ishlash ham osonmas. Yurish-turishingiz, madaniyatingiz, xatti-harakatingiz orqali yoshlarni o‘zingizga ishontira olishingiz zarur. Aks holda, maktabga xo‘jako‘rsinga borib, davlatning pulini “o‘zlashtirgan” bo‘lasiz. Bu ishga taklif bo‘lganda ko‘p o‘ylangandim, qarorim to‘g‘riligini keyin angladim. 22 yil televideniyada muharrir sifatida ishlaganim bois, ishni teleko‘rsatuv tayyorlash haqida mahorat darslaridan boshladim. Ular bilan turli mavzularda film, rolik, ko‘rsatuvlar tayyorlashga kirishdik. She’riyat va jurnalistikaga havasmandlar bilan davra suhbatlari, she’rxonlik musobaqalarini o‘tkazdik. Haftada bir kunni kitobxonlikka bag‘ishladik. Bolalarning “ustoz”, deya murojaat qilishi, beg‘ubor, samimiy gap-so‘zlari, hatto to‘polonlari ham dilimni yayratdi. Endigi muhim masala ijodkorlarga bog‘liq. Targ‘ibotchida maktabga ko‘rinib kelsam bo‘ldi, tadbir, uchrashuv o‘tkazib, nomiga to‘garaklar tuzib, bir-ikki o‘quvchi bilan ishlayman-da, degan tushunchalar bo‘lmasligi kerak. Ishlashga kuchi yetsagina maktabga borsin. Aks holda, qo‘shimcha daromad ko‘zlab o‘zi bilgan maktablarga tanish-bilishchilik bilan kirib oladiganlar bo‘lsa, bu yangilik mutlaqo o‘zini oqlamaydi.
Nomi sir qolishini xohlagan ijodkor:
— Bu ishlar, menimcha, xo‘jako‘rsin uchun qilinyapti. Sababi, targ‘ibotchilar deyarli hamma maktablar uchun kutilmagan, ya’ni “istalmagan” boshog‘riq sifatida qabul qilinyapti. Direktordan tortib, adabiyot muallimlarigacha bizni juda sovuq qarshi oldi. Negaki, ular bizni “yozuvchi”, kamchilik izlaydigan toifa deb biladi. Yana bir katta muammo shuki, ayrim maktablarda adabiyot darslari yuzaki o‘tilyapti, ayniqsa, shahar maktablarida o‘qishga kiruvchi o‘quvchilarning 99 foizi repetitorga qatnaydi. Adabiyot, ijod haqidagi gaplarimiz ularga qiziqmas. Maktabda to‘garaklar deyarli yo‘q. Adabiyot muallimasi bir guruh turli yoshdagi o‘g‘il-qizlarni to‘plab berdi. “Qani, kelajakda kim bo‘lmoqchisiz, qanday kasb egasi bo‘lishni xohlaysizlar?”, deb savol berdim. To‘rttasi shifokor, yana ikki nafari yurist, prokuror, DAN xodimi bo‘lmoqchiligini aytdi. “Kim o‘qituvchi bo‘lishni istaydi?”, dedim. Orqa partada o‘tirgan bir qizaloqqina qo‘l ko‘tardi. Mana haqiqiy ahvol. Ma’naviyat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bu bolalar eng iqtidorli, adabiyot, she’riyat, san’atni juda yaxshi ko‘radi, to‘g‘rimi bolalar, deb qo‘yadi ularga qarab. O‘quvchilar zo‘rg‘a bosh irg‘adi. Gapini bo‘ldim va so‘radim “Qani, kim menga Rauf Parfi haqida gapirib beradi?”... Yigirma chog‘li bolaning birortasi miq etmadi. Chidolmadim, xalq orasida mashhur bo‘lgan “Laylo” qo‘shig‘idan ikki qatorini aytsam, e, bu Ilhom Farmonovning she’ri-ku, desa bo‘ladimi, haligi adabiyot muallimasi. O‘qituvchisiki dunyoga taniqli Rauf Parfi bilan xonandani ajratolmasa, ular o‘qitayotgan o‘quvchidan nima kutamiz? Bilganlari darsliklarga kirgan uch-to‘rt shoir yo adib, xolos...
Kumush O‘SAROVA, “Artel” kompaniyasining matbuot xizmati bosh mutaxassisi, Yunusobod tumanidagi 70-maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi:
— Ushbu masala birinchi muhokamaga qo‘yilganida Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi bilan ish boshlaganman. Mana, 4 oydan buyon targ‘ibotchi lavozimida ishlayapman. Dastlab, maktabimiz rahbari: “o‘quvchilar siz sabab kitobga qiziqsin, kitob o‘qisin. Tadbirlar-u yig‘ilishlar ikkinchi darajali. Avvalo, bolalarni mutolaaga o‘rgating”, deya talab qo‘ygandi. Haqiqatan ham, ayrim rahbarlar maktabdagi barcha tadbirlarni targ‘ibotchining zimmasiga yuklamoqda. Aslida, uning vazifasi o‘quvchilar bilan ishlash. Birorta ham badiiy kitob o‘qimagan, adabiyotdan bexabar o‘quvchilarni jamlab, adabiy kecha o‘tkazishdan nima naf?! Bu bilan faqat o‘zimizni aldaymiz. Shuning uchun targ‘ibotchi ishni kitob o‘qitishdan boshlashi kerak. 22 nafar o‘quvchidan iborat “Parvoz” nomli ijodiy to‘garak tashkil qildim.
Telegramda ham guruhimiz bor. Haftada ikki marta bolalar bilan jonli muloqot olib boraman. Boshqa payt mashg‘ulotlar onlayn davom etadi. Har dushanba hafta hikoyasi beraman. Shu asosida viktorinalar o‘tkazamiz. Bundan tashqari, darslikda yo‘q, o‘quvchilar uchun qiziq bo‘lgan mavzularni o‘tishga harakat qilaman. Oilangiz bilan o‘qing, deya ota-onalarni ham jalb qildim. Qattiqqo‘l ustozman. Bir marta vazifa bajarmagan o‘quvchidan Navoiyning ikki g‘azalini yod olishini talab qilaman. Hozir o‘quvchilarimning dangasasi ham 10 ta g‘azalni yod biladi. Bir oy davomida yaxshi o‘qigan, namunali o‘quvchini moddiy rag‘batlantiraman. Ota-onasini chaqirib, maqtovlar bilan yuz ming so‘m miqdorida pul mukofoti beraman. Bu orqali o‘quvchilarda qiziqish ortadi, birinchi bo‘lishga intiladi. Maktab rahbariyatidan minnatdorman. Doim meni qo‘llab turadi. Alohida xona ajratishdi, hatto o‘quvchilarimning maxsus formasi ham bor. Albatta, targ‘ibotchi uchun quvvatlov va madad muhim.
Gulshan RAHIM, filologiya fanlari nomzodi, Sirg‘ali tumanidagi 266-maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi:
— Bizga jamiyatga yangi epkin olib kirish imkoni berildi. Bor kuchimiz bilan qobiliyatli o‘quvchilarni yuzaga chiqarishimiz kerak. Agar biz maktab ma’naviyatchilaridan “sal yangicha, sal o‘zgacha” ishlay olmasak, unda ijodkorligimiz qayda qoladi? Targ‘ibotchilik faoliyatimning dastlabki kunlari talantli bolalarni katta zalga yig‘ib berishdi. O‘quvchilar orasida 5-, 6-, 7-sinf bolalari bor edi. Ijodga qiziquvchilar ko‘pligidan quvondim. Ammo ota-onalardan biroz ranjidim. Ular bolalari taqdirini mutlaqo maktab zimmasiga tashlab qo‘ygan. Ayrimlari bilan na telefon orqali, na ko‘rishib gaplasha oldim.
Maktablarga nafaqat shoir, yozuvchilar, balki olimlar, sportchilar va boshqa soha vakillari ham jalb etilishi kerak. Ular o‘zlariga munosib shogirdlar tayyorlashadi. Maktab masalasi endi nafaqat maorif idoralarining masalasi, balki butun jamiyatimizning “dardiga” aylanishi kerak. Nazarimda, hozirgi paytda maktab va ijtimoiy hayot, o‘quvchilar va kattalar o‘rtasida jarlik bordek, ta’lim-tarbiyada muammolar faqat XTBlarning shaxsiy masalasiga aylanib qolgandek.
Bolalarda har kuni ko‘radigan o‘qituvchisi, ota-onasidan boshqa, har zamonda bo‘lsa ham, chekkadan kelgan “mehmon”larni eshitish, ularga yoqish istagi borligini hisobga olishimiz kerak. Faqat o‘quvchini xohishimizga bo‘ysundiravermay, ularning istagi, qalbiga
qarab ish tutishimiz lozim. Agar shu yo‘ldan borsak, maktab bilan jamiyat o‘rtasida bog‘lanish paydo bo‘ladi, shaffoflikka erishamiz, nima sarak yo puchakligi, muammo qayerda, nimadaligi ko‘zga tashlanadi.
Mavluda TOSHPO‘LATOVA, jurnalist:
— Ijodkorlar maktabda ishlashining ijobiy tomonlari juda ko‘p. Ammo ijod ahli uchun ma’lum qolipda ishlash muammoli. Ta’limdagi ayrim holatlar ijodkor uchun juda erish tuyuladi. Maktabda ishlayotganimizga ko‘p bo‘lmadi. Shu bilan birga tig‘iz ishlamaymiz. Yaxshiyam shunday. Ijodkorning kundaliklashuvi, kirchimollashuvi har doim ham ijobiy natija bermaydi. Maktabimda muhit yaxshi, ammo kamchiliklardan xoli emas. Bu rahbariyatga bog‘liq masala. Maktab direktorining ijodiy targ‘ibotchiga “o‘z qo‘l ostidagi” sifatida qarashi va muomalasi g‘ashga tegadi. O‘qituvchilarga qanchalar qiyinligini anglaganday bo‘lasan kishi. Jamiyatimizni ichidan yemirayotgan, e’tiborsizlik, byurokratlik, bugungi kelishuv ertaga to‘g‘ri kelmasligi, ish ko‘pligi yoki sun’iy qo‘nimsizlik, betoqatlik oqibatida birorta ham ishni eplamaslik holatlari yuzaga kelmoqda. Maktabda shoshmashosharlik, hovliqish ko‘p, ammo natijani tahlil qilish yo‘q ekan. Rahbariyatga o‘z taklif va rejalarimni bosqichma-bosqich kiritdim. Ammo talab qilingan sharoit yaratib berilmadi. Ishlarimga sun’iy xalaqit berildi. Ular targ‘ibotchini raqobatchi deb emas, o‘z ishida yordamchi deb bilsa, professional sifatida hurmat qilsa, natijaga erishish mumkin. Lekin o‘quvchilar orasida “bo‘laman” deganlari bor. Ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan nimagadir erishish mumkin. Toki bu avlodni ham yo‘qotmaylik. Ularda mas’uliyat, ko‘zida olov bor. O‘rta va yuqori sinf o‘quvchilarida loqaydlik, bepisandlikni ko‘rdim. Ularni majburlash mutlaqo besamar. Bugungi maktablar boshi gangib qolgan, ko‘p bolali onaga o‘xshaydi. O‘ziga o‘zi ko‘p ishlarni, vazifalarni, keraksiz qog‘ozbozliklarni orttirib olgan va bundan hali-beri voz kechmasa kerak. Masalan, men beshta so‘rovnoma to‘ldirdim. Vaholanki, ularning mazmuni bir xil, shakli sal boshqacha. Bir xil ma’lumotlarni kiritib, bir savolga to‘rt-besh marta javob yozdim. Hali ham maktablarimizda axborot texnologiyalari joriy qilinmaganligi, hatto oq qog‘oz topish muammoligidan hayron qoldim.
To‘g‘risi, ushbu yangilikning istiqboli biroz mavhum, nazarimda. Hozirgi taraddudsizlik va tushunmovchiliklar, mohiyatni anglamaslik, tadbirbozlik, qog‘ozbozlik, majlisbozliklar targ‘ibotchilar faoliyatiga tushovdir. Avvalambor, maktab rahbariyati, tuman xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilarining bu masalaga yondashuvi, munosabatini to‘g‘ri shakllantirish lozim.
Axtamquli KARIMOV, “Tong yulduzi” gazetasi adabiyot bo‘limi muharriri, Shayxontohur tumanidagi 276-maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi:
— Respublikamizdagi jami targ‘ibotchilar har bir maktabdan yiliga o‘n nafardan ijodkor o‘quvchini yetishtirsa, bu respublika bo‘yicha yuz ming nafarni tashkil etadi. Bordi-yu o‘sha ijodkor o‘quvchilarning har birining o‘rtacha o‘n nafardan o‘rtog‘i bo‘lsa, unda bir million bolaning ma’naviy dunyoqarashi o‘zgargan bo‘ladi. Men targ‘ibotchilikni yuksak mas’uliyat deb bilaman. Bilimli, salohiyatli insongina minglab insonlarni ezgulik sari yetaklay oladi. Ushbu lavozimda ish boshlaganimga ikki oydan oshdi. Ammo maktabdagi muhitdan qoniqmadim. Ijodkorman degan o‘quvchilarning ham nutqi ravon emas, kitob o‘qimagan. Sakkiz qator she’rni yoddan bilmaydi. Bir bayt g‘azal ayt desam, “bayt nima?”, deb hayron. “Qaysi shoir yoki yozuvchining kitobini o‘qigansiz?”, degan savolim esa ochiq qoldi. Ona tili va adabiyot fanidan dars beradigan ustozlarga ko‘p narsa bog‘liq.
Ustozlar begona odamdek yovsirab qaraydi. Go‘yo sen maktabga kimningdir nasibasini qirqish uchun kelgansan. Men Yozuvchilar uyushmasining topshirig‘i bilan ishni fevral oyidan boshladim. Shartnoma 1-apreldan tuzildi. Maoshni esa 12-aprelda (590 ming so‘m) oldim. Gap pulda ham emas. Balki mening o‘rnimga bir farrosh ishga olinganida qancha joylar tozalangan bo‘larmidi?! Ammo ko‘ngilni tozalash og‘ir masala. Biz bilim dargohidagi kitobxon va ijodkor o‘quvchilar olamini gullatishimiz kerak. O‘shanda ko‘zlangan maqsadga erishamiz. Ijodkor o‘quvchilar seni izlashga tushsa, sa’y-harakating besamar emas. Ammo o‘quvchilarning adabiyotdan yiroqligi, maktabda ma’naviy muhitning sustligi ko‘ngilni g‘ash qildi. Adabiyotga zo‘rlab olib kiradigan targ‘ibotchilar kerakmi bizga?
Shahnoza BOBOJONOVA, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Zangiota tumani bo‘linmasi rahbari:
― Aprel oyi oxirlarida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimiga Yozuvchilar uyushmasi va umumta’lim maktablari direktorlari tavsiya etgan nomzodlar bilan suhbat o‘tkazildi. Suhbat jarayonida nomzodlar tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar hamda kelgusi rejalari haqida gaplashildi. Ishlashga ishtiyoqmand ijodkorlarga tavsiya xati berildi. Zangiota tumanida jami 43 ta umumta’lim maktabi bo‘lib, shundan 31 ta maktab mazkur lavozimga xodimlarni ishga qabul qilgan va ular hozirgi kunda faoliyat olib bormoqda. Targ‘ibotchilarimiz faoliyatini kuzatib borish, belgilangan vazifalarni vaqtida yetkazish, ular bir-biri bilan tajriba almashishi uchun telegram guruhi tashkil qildik.
May oyida ishlagan targ‘ibotchilar faoliyatini o‘rganish va tahlil qilish maqsadida hisobot tahlili o‘tkazildi. Afsuski, natija biz o‘ylagandek bo‘lmadi. Ayrim targ‘ibotchilar bir oy davomida ishni qanday tashkil etishni bilmagan. Ba’zilari maktabda aytarli ish bajarmagan, o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik qilgan. Bu masalada faqat targ‘ibotchini ayblash ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Sababi, ba’zi maktab rahbarlari qarorda ko‘rsatilganidek, 20 soat maktabda bo‘lishi shartligini aytib, ularga o‘z xodimidek munosabatda bo‘lgan. Ko‘pchilik rahbarlar ushbu yangilikning mohiyatini hanuz anglamagan. Shu kabi vajlar ham ijodkorlarni maktabdan uzoqlashtirgan bo‘lishi mumkin. Maktab direktorlariga tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida seminar o‘tkazmoqchimiz. Albatta, ijodkorlar erkinlik xohlaydi. Rahbarlarning tazyiq va talablari ularning nafaqat ishidan sovishi, balki maktab bilan hamkorlikni bekor qilishga olib kelishi mumkin. Yoz fasli sinov muddati bo‘lib, targ‘ibotchilarning faoliyati obdon o‘rganiladi va munosiblar lavozimida qoladi, qolganlari bilan xayrlashamiz.
Yulduz JABBOROVA, Yakkasaroy tumanidagi 26-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:
― O‘quvchilarim orasida she’riyatga, hikoya va ertak yozishga qiziqadiganlari ko‘p. Ba’zida ular bilan vaqt orttirib ishlay olmayman. Bunday o‘quvchilarga ko‘proq e’tibor va turtki kerak. Maktablarda yangi lavozim joriy qilinishi haqida eshitganimda o‘quvchilarimni o‘yladim. Targ‘ibotchi kelgan kuniyoq topib, gaplashaman va ijodga moyilligi bor o‘quvchilarimni uning qo‘liga topshiraman, deb o‘ylagandim. Ammo bunday bo‘lmadi. Targ‘ibotchimizni har doim ham ko‘rmaymiz. Balki maktablarga ijodkorlar yetarli bo‘lmagandir, balki ularda vaqt masalasi muammodir. Boshqa hamkasblarimdan so‘raganimda ham targ‘ibotchisini tanimasligi, bilganlari ham juda kam kelishini aytishdi. Bu borada taklifim bor edi. O‘zbek tili va adabiyoti universiteti yoki jurnalistika fakultetlarining so‘nggi bosqichida o‘qiyotgan faol va ijodkor talabalar targ‘ibotchilikka jalb qilinsa yaxshi bo‘lardi. Ularda vaqt masalasi shoir, yozuvchilarga nisbatan bemalolroq. Qolaversa, maosh berilishi talabani yanada ruhlantiradi.
“Ma’rifat”muxbiri
Niginabonu SHUKUROVA
tayyorladi.