Toleying kulsin, ona tilim!
Ancha yillar avval ijodkorlardan iborat targ‘ibot guruhi tumanimizga kelib qoldi. Tashkiliy ishlarga qarashib yurgan mahalliy yosh faollardan biri:
— Aka, bularning ichida shoirlar ham bormi? — deb so‘rab qoldi.
Ochig‘i, uning savolidan biroz ensam qotdi. Chunki targ‘ibot guruhida ikki nafar mashhur shoir bor edi. Nahotki, ma’naviy-ma’rifiy ishlarga daxldor bu ukamiz ularni tanimagan bo‘lsa?!
— Ha, shoirlar bor, — dedim ko‘nglim xiralashganini bildirmay, so‘ng o‘zaro suhbatlashib turgan ijodkorlar tomon ishora qildim.
— Iltimos, meni ularga tanishtirib qo‘ying.
— Biror ishingiz bormi?
— Ha, bor. Shoir akalarga she’r zakaz qilmoqchiman, — dedi u.
Keyin ma’lum bo‘ldiki, ukamiz unda-munda xonish qilib turar ekan. Sipo bir tilda ta’riflaganda, estrada yo‘nalishida kuylashga ishtiyoqmand, kelajakda yulduz bo‘lish orzusida. Xullas, mahalliy yosh qo‘shiqchini ijodkorlarga tanishtirdim. Shoirlar uni iliq qarshi oldi, so‘zlarini, istaklarini tinglashdi.
— Xo‘p, uka, sizga yordam beramiz, — dedi ijodkorlardan biri xayrixoh ohangda.
— Lekin bitta “no”si bor, — deb qoldi bir payt yulduzlikka ishtiyoqmand ukamiz. —she’rlaringizda “yonoq”, “dudoq” degan so‘zlar bo‘lmasin, hozirgi yoshlar bunaqa eskicha so‘zlarni tushunmaydi.
Ijodkorlar bir-biriga hangu-mang tikilib qolishdi. Men ham mulzam tortib bir chekkaga qaradim.
Oradan ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsa-da, ona tilimiz to‘g‘risida, uning kechasi, buguni, ertasi borasida so‘z borganida o‘sha voqea bot-bot esimga tushadi.
Sir emas, har qanday mamlakatning chinakam mustaqilligini belgilaydigan unsurlardan biri bu tildir. Har bir davlatning o‘z jo‘g‘rofiy chegarasi, pul birligi, bayroq-tug‘rosi bo‘lgani singari o‘z davlat tili ham bo‘lishi shart. Shu nuqtayi nazardan yurtmizda rasmiy muloqot, ish yurituv, o‘zaro muomala o‘zbek tilida olib borilishi qonun doirasida belgilab qo‘yilgani barchamizni quvontiradi. Afsuski, o‘tgan chorak asr davomida o‘zbek tili gurkirab rivojlandi, boshqa tillar oldida mavqeyini tiklab oldi, deya bemalol maqtana olmaymiz. Chunki ona tilimizning davlat tili sifatidagi maqomi ko‘p sohalarda, ayniqsa, boshqaruv idoralarida nazar-pisand qilinmadi. Rasmiy yozishmalar, yig‘inlar asosan rus tilida olib borilishi ma’qul sanaldi. O‘zbek tilini rivojlantirish, boyitish, izzatini oshirish borasida jiddiy, ko‘lamli sa’y-harakatlar deyarli sezilmadi. Aksincha, bilib-bilmay, istab-istamay borini ham barbod qilish holatlari ko‘zga tashlandi.
Hatto, mustabid sho‘ro tuzumi davrida ham baland nufuzga ega sanalgan Respublika o‘zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot institutining boshqa bir universitet tarkibiga qo‘shib yuborilishi shukrki, bu xato keyin to‘g‘rilandi singari chuqur o‘ylanmay amalga oshirilgan ishlarni eslab o‘tishimiz mumkin. Shuningdek, o‘rta maktablarda darsliklar saviyasi mazmun-mohiyat, metodik jihatdan sayozlashib ketdi, o‘zbek tili bo‘yicha saboqlar soati qisqartirildi, oqibatda, “yonoq”, “dudoq” kabi toza turkona, go‘zal so‘zlarni-da tushunmaydigan dudmal avlod paydo bo‘ldi. Balki bu boradagi fojialar, inqiroz yana chuqurlashishi mumkin edi, ammo, ne baxtki, millat toleyi yana kuldi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z faoliyatining ilk pallasidayoq milliy qadriyatlar, ma’naviyat masalalariga jiddiy e’tibor qaratdi. Jumladan, o‘zbek tilining nufuzini oshirish, rivojlantirish borasida dadil qadamlar tashlandi, oliy maqomdagi qator rasmiy hujjatlar qabul qilindi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligini tantanali nishonlash borasidagi qaror, “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon fikrimizning dalilidir. Shuningdek, avval yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ham tezkor chora-tadbirlar ko‘rildiki, barchasi tahsinga loyiqdir. Chunonchi, maktablarda barcha fanlar qatori o‘zbek tilini o‘rgatishni tubdan isloh etish borasida amalga oshirilgan ko‘lamli islohotlar, Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamentining tashkil etish xalqimizning, ziyolilarimizning haqli e’tirofiga, olqishlariga sazovor bo‘ldi. Qolaversa, ilm ahliga, ular qatori o‘zbek tili va adabiyoti mutaxassislariga ko‘rsatilayotgan moddiy-ma’naviy yordam, ularni uy-joy, maishiy shart-sharoitlar bilan ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan g‘amxo‘rlik, e’zoz-e’tibor ko‘ngillarga quvonch, surur bag‘ishlaydi. Albatta, mamlakatimiz ziyolilariga ko‘rsatilayotgan bunday mehr-muhabbat, izzat-ikrom zamirida bittagina xohish-istak, ezgu orzu yotibdi: jonajon Vatanimizning ilm-u fanini yanada rivojlantirish, o‘zbek tilining nufuzini, mavqeyini oshirish, shu barobarida, yurtimizni har tomonlama taraqqiy topgan qudratli davlatlar qatoriga olib chiqish. Modomiki, Prezidentimiz, hukumatimiz bu borada bemisl imkoniyatlar yaratib, g‘amxo‘rliklar ko‘rsatib turgan ekan, yurtmiz olimlari, ziyolilari ham yuksak ishonchga, ehtiromga munosib bo‘lishlari lozim.
Alalxusus, o‘zbek tilini rivojlantirish, boyitish, hurmatini oshirish faqat rahbariyatning rasmiy ko‘rsatmalarigagina bog‘liq emas. Bu masalada barcha bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilishi zarur. Jumladan, mutaxassis olimlarimiz adabiy til me’yorlarini qayta ko‘rib chiqishlari, uni shevaga xos deya ilgari bir chekkaga surib qo‘yilgan so‘zlar, iboralar, so‘z birikmalari bilan boyitishi kerak. Shuningdek, zamonaviy fan-texnika, texnologiya bilan bog‘liq, ajnabiy tillarga xos so‘zlarni, atamalarni millatimiz nutqiga mos tarzda o‘zlashtirib iste’molga kiritish ham maqsadga muvofiq.
Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilgani yangi davrning eng quvonchli, e’tiborli voqealaridan bo‘lgani haqida aytib o‘tdik. Endlikda bu tashkilotning nufuzini, nazorat vakolatini yanada oshirish ayni muddao. Chunki ko‘cha-ko‘yda, teleko‘rsatuvlarda, hatto kinolarimizda o‘zbek tili ayovsiz xo‘rlanayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Departament ushbu didsizlik, nopisandlik illatlari ustidan nazorat yuritsa, aybdorlarni qonuniy tarzda javobgarlikka tortsa, ona tilimizning tozaligi, rivojlanishi borasida ijobiy natija berishiga ishonamiz. “Jevachka” o‘zbekchada “saqich”, “kachela” “arg‘imchoq” bo‘lishini so‘nggi chorak asrda ulg‘aygan avlodning aksariyati bilmaydi, desak aslo mubolag‘a emas. Mamlakatimiz hayotida boshlangan yangi davrda bunday jiddiy qusurlarni bartaraf etmaslik, loqaydlik millat manfaatlariga xiyonatdir. Bartaraf etish borasidagi mas’uliyatning zalvorli yuki, eng avvalo, muallim-murabbiylarning, tarbiyachilarning zimmasiga tushishi tayin. Zero, jajjilarimiz, bolalarimiz bog‘cha, maktab davridayoq ona tilida ravon so‘zlashga o‘rganishlari lozim.
Ko‘rinib turibdiki, yangi davr milliy tilimizning ravnaqi, nufuzini yuksalshitirsh borasida har birimizning oldimizga tegishli talablar, javobgarlik, vazifalar qo‘ymoqda. Xuddi shu mas’uliyatni, burchni to‘g‘ri anglab, barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, avlodlar oldida yonog‘imiz qizarib qolmaydi, kelajakka yorug‘ yuz bilan yuzlanamiz.
Abdumannon MAXSIMOV,
G‘uzor tumanidagi 19-maktab o‘qituvchisi