Ulug‘bek qo‘ygan narvondan biz emas, boshqalar chiqdi
Har qanday davlatning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori o‘sha davlatda ilm qay darajada rivojlanganligiga bog‘liq.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining ilmiy-ommabop nashri bo‘lgan “Fan va turmush” jurnali necha yillar mobaynida xalqimizga ilm-u ma’rifat ulashib keldi. Ming afsuski, keyingi 20–25 yil davomida “Fan va turmush”, “O‘zbekiston adabiyoti va san'ati”, “Sharq yulduzi” kabi gazeta va jurnallar adadi tushib, na maktab, na universitet kutubxonalarida va na matbuot shoxobchalaridan ularni topib bo‘ladigan bo‘ldi. Bozor iqtisodiyoti qonunlarini chetlab o‘tib bo‘lsa-da, ilm-u ma’rifat tarqatuvchi ushbu nashrlarga imtiyozli narxlarda obuna tashkil qilish maqsadga muvofiq deb o‘ylayman. Bizga Olloh bergan buyuk ne’mat bo‘lmish mustaqilligimizni mustahkamlash uchun birinchi navbatda nima kerak? Albatta, ilm-ma’rifat. Ilm-fan yo‘lida sarflangan mablag‘ bir necha barobar foydasi bilan qaytadi. Shu bois ilmiy muassasalarda ishlaydigan kadrlarning diplomiga emas, ilmiy salohiyatiga e’tibor qaratish kerak.
Chamasi bundan 5-6 yil muqaddam televizorda berilgan bir ko‘rsatuv yodimga tushdi. Oliy o‘quv yurtlaridan tanlab olingan yetti nafar talaba tik oyoqda saf tortib turardi. Boshlovchi ularga savol berdi: “Parrakli samolyotda oyga borib bo‘ladimi?”. Talabalar bir-ikki daqiqa sukut saqlab qolishdi. “Kim borib bo‘ladi, desa bir qadam oldinga chiqsin” dedi boshlovchi. Bir bilimdon oldinga chiqdi, keyin ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi ishtirokchi... Bu voqeani eslashimga sabab, talabalarimizning ko‘pchiligi shiddat bilan rivojlanib borayotgan ilm-u fan taraqqiyoti talabiga javob berolmaydi. y erning tortishish kuchini yengib kosmosga chiqish uchun sekundiga 7,9 kilometr birinchi kosmik tezlik talab qilinadi. Bunday tezlikni parrakli samolyotda hosil qilib bo‘lmasligini talabalar orasidan saralab olingan bilimdonlar bilishi kerak edi.
Bugun aniq fanlar bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlashga katta urg‘u berishimiz kerak. Ommaviy axborot vositalari orqali ilmiy mavzularda kengroq chiqishlar qilish, ayniqsa, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan barcha o‘quv muassasalari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, O‘zFA nashrlari, xususan “Fan va turmush” jurnali bilan barcha ta’lim muassasalari kutubxonalarini ta’minlash zarur.
Qaysi davlatning ilmiy, iqtisodiy, siyosiy savodxonligi past bo‘lsa, bu davlat og‘ir xastalikka uchrabdi deyish mumkin. Biz ham endi buyuklarimizdan faxrlanib yurish bilangina chegaralanib qolmay, ularga munosib voris bo‘lishga intilaylik. Koinotga ilk bor bizning Ulug‘bek bobomiz narvon qo‘ygan bo‘lsa, o‘sha narvondan boshqalar chiqib ketib bo‘ldi. Ibn Sino dahomiz tibbiyot faniga asos solgan bo‘lsa, bugungi kunda eng murakkab tibbiy jarrohlak muolajalari boshqa ellarda qilinmoqda.
Buyuk astronom olim Galiley “Matematikaga asoslanmagan har qanday ilm safsatadir” deydi. Bu borada Galiley mubolag‘a ishlatgan albatta. Ammo aniq fanlar insoniyat taraqqiyoti uchun katta ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatib bermoqchi bo‘lganini tushunishimiz kerak. Yoshlarimizning ilmiy saviyasini oshirish uchun xorij davlatlariga o‘qishga yuborish bilan cheklanib qolmay, xorijning nufuzli oliy o‘quv yurtlaridagi kerakli ilmiy adabiyotlarni keltirib, o‘z ona tilimizga tarjima qilib o‘qitishimiz zarur. Chunki kishi o‘z ona tilida eng murakkab ilmiy jarayonni tushuna olishi, bilishi, o‘z tilida tafakkur qila olishi lozim.
Mursalxon OBIDOV,
Kasbi tumani