Urushning birinchi kuniyoq jasorat ko‘rsatgan o‘zbek o‘g‘loni
Tarix Vatan ozodligi yo‘lida kurashgan qahramonlar nomini unutmaydi. Chinakam jasorat qachon bo‘lmasin, qalqib yuzaga chiqaveradi. 1941-yil 22-iyunda fashistlar Germaniyasi Sobiq Ittifoqqa urush e’lon qilmasdan hujum boshladi. Urushning birinchi kunidayoq jasoratli o‘zbek o‘g‘lonlari dushmanga qarshi jang maydoniga chiqdi. Ular bu yo‘lda jonini ham ayamadi.
Bugun Zomin tumanidagi Yom qishlog‘ida sakkiz mingdan ortiq odam istiqomat qiladi. Mazkur qishloq tarixi haqida O‘rish Majidov qalamiga mansub “Men bilgan Yom va yomliklar” risolasida ko‘plab qiziqarli ma’lumotlar mavjud. Muallifning qayd etishicha, qadim qishloqning Ikkinchi jahon urushi davridagi o‘tmishi ham qahramonliklarga boy. Nemis fashistlariga qarshi urushda ushbu qishloqdan 142 kishi Vatan himoyasi uchun otlangan. Shundan 116 nafari urushdan qaytmagan. Yurt himoyasi yo‘lida jonini fido qilgan ana shunday yomliklardan biri – Brest qahramoni Avazmat Niyozmatovdir.
Qirq yilda oshkor bo‘lgan haqiqat
Avazmat Niyozmatovning singlisi, 82 yoshli Xosiyat Niyozmatovaning xotirlashicha, akasi dilkash, quvnoq va jusurligi bilan el og‘ziga tushgan yigit bo‘lgan. Avazmat texnikani boshqarish, ot choptirish bo‘yicha katta mahorat egasi sifatida tanilgan. Shuning uchun ham o‘sha yillari kolxozda mexanizator va ot sporti bo‘yicha instruktor bo‘lib ishlagan. U tuman, viloyat va respublika musobaqalarida ko‘p marta sovrindor bo‘lgan. Avazmat armiya uchun otlar tayyorlab berishda ham g‘ayrat-shijoat ko‘rsatgan.
Afsuski, Yom qishlog‘idan Vatan mudofaasiga otlangan Avazmatning nomi ancha yillar “bedarak yo‘qolgan” tamg‘asi bilan tilga olindi. Uning askar ukasi Xolmat
Niyozmatov va urush faxriylari tomonidan olib borilgan izlanishlar oxir-oqibat o‘z natijasini berdi. O‘sha vaqtda Sirdaryoda yashagan, asli zominlik bo‘lgan 61 yoshli
Madamin Hojiyevning 1981-yili “O‘zbekiston” radiosi “Jasorat” dasturiga bergan intervyusi tarixiy haqiqatni oshkor qildi. “Bedarak yo‘qolgan” Avazmat Niyozmatovning 125-o‘qchi polk 2-batalyon jangchisi, Brest qal’asi himoyachisi bo‘lgani aniqlandi.
Jasur jangchining qahramonligi 1988-yili Qahramon Brest qal’asi ilmiy kengashi, Sobiq Ittifoq Mudofaa vazirligi tomonidan tan olinib, Brest memorial majmuasi marmar taxtasiga ism-familiyasi yozib qo‘yildi. Shuningdek, uning hayoti va qahramonligini targ‘ib qilish uchun muzeyning 9-zalida alohida joy ajratildi. Shu tariqa, Vatan uchun kurashgan bir qahramonning nomi tarix sahifalaridan munosib o‘rin oldi.
Gitlerchilar zarbasini birinchi qabul qilganlar
Tarixdan ma’lumki, gitlerchilarning hujum zarbasini “Sharq darvozasi” bo‘lgan Brest qal’asi garnizoni jangchi-chegarachilari birinchi bo‘lib qabul qildilar. Ular orasida o‘zbekistonliklardan Ahmad Aliyev, Muhammadjon Abduvaliyev, Avazmat Niyozmatov, Saidahmad Boytemirov, Tursun Xidirov, Madamin Hojiyev, Nurum Siddiqov va boshqalar mardonavor qarshilik ko‘rsatib jang qildilar.
Ulardan ba’zilari shu tuproqqa bosh qo‘ydi. Ayrimlari esa Berlingacha bordi.
1941-yil 22-iyundagi janglarda Avazmat Niyozmatov bilan birga qatnashgan va uning jasoratini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Madamin Hojiyev bir qishloqda voyaga yetishgan. Ikki qishloqdosh 1940-yil sentabrda shu yerdan harbiy xizmatga birga jo‘nashgan. Ular xizmat davrida bir polkning boshqa-boshqa rotalarida bo‘lishgan. Madamin Hojiyevning Niyozmatovlar oilasiga yuborgan xatida qayd etilishicha, Avazmatning rotasi qal’a tashqarisida,
Madaminning rotasi esa Brest qal’asi ichida joylashgan.
Madamin Hojiyevning xotirlashicha, Avazmat Niyozmatov urush boshlangan dastlabki kunda qal’a himoyasining qahramoni sifatida nemislarning bir necha hujumlarini qaytargan. Bug daryosining qal’a ichidan o‘tadigan irmog‘i bo‘ylab oqimga qarshi yuz metrcha masofa suzib borish jarayonida yarador bo‘lishiga qaramay, shiddat bilan yugurib borib, nemislarning o‘t ochish nuqtasini qo‘l granatalari bilan yakson qilgan. O‘zi halok bo‘lsa-da, dushmanni chekinishga majbur etgan.
Jasur jangchining so‘nggi jangovar topshirig‘i
Avazmat Niyozmatovning vzvod komandiri bo‘lgan farg‘onalik katta serjant Muhammadjon Abduvaliyevning xotiralari ham diqqatga sazovor. Xususan, uning “Sirdaryo haqiqati” gazetasining 1989-yil 23-martdagi sonida “Zomin o‘g‘loni – Brest qahramoni” nomli maqolasida xotirlanishicha:
“...Dahshatli jang boshlangan kuni u ham ko‘pchilik qatori qal’a ichida edi. To‘satdan boshlangan hujum uyqudagi jangchilarimizni dastlab shoshirib qo‘ydi. Oradan ko‘p o‘tmay hammamiz jangovar holatda turdik. Bizdan bir necha barobar kuchli bo‘lgan dushman ham yerdan, ham ko‘kdan tinimsiz hujum qilardi. Qal’ada harbiylardan tashqari ularning oilalari va yosh bolalari ham bor edi. Dushman bizni har tomonlama o‘rab olganligi tufayli ayollar va bolalarni qutqarib qolish imkoniyati deyarli yo‘q edi.
Qal’a qo‘mondonligi uning sharqiy darvozasi tomonidan dushmanning nisbatan kuchsizligini payqab himoyachilardan bir guruhini qal’adan olib chiqib ketish uchun tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Biroq, aksiga olganday, mustahkam o‘rnashib olgan dushman pulemyotchisi bu tomondan ham sira ko‘z ochirgani qo‘ymas edi. Shunda oddiy askar Avazmat Niyozmatov dushman pulemyotining ovozini o‘chirish to‘g‘risida buyruq oldi. U Bug daryosi orqali qal’a tashqarisiga chiqa boshladi. Biroq uni sezib qolgan dushman tinimsiz o‘qqa tutdi. Jasur jangchi yaralanganiga qaramay jangovar topshiriqni ado etdi. Dushman dzotini portlatib yubordi. Ammo o‘zi ham halok bo‘ldi”.
Qahramonning jasorati izsiz ketmadi
Urushdan keyin Zomin tumanidan bir guruh yurtdoshlarimiz Avazmat Niyozmatov qabrini izlash va abadiylashtirish maqsadida ikki marotaba Brestga borib, uning nomini marmar taxtaga yozdirib keldilar. Yom qishlog‘i qabristonidagi Avazmat Niyozmatovning ramziy qabriga Brestdan olib kelingan tuproq qo‘yildi. Brest qahramoni o‘sib-ulg‘aygan xonadonda hozirda uning ukasi Xolmat Niyozmatovning oila a’zolari istiqomat qilmoqda.
Bugun Vatan ozodligi uchun jasorat ko‘rsatgan Avazmat Niyozmatov va u singari ko‘plab o‘zbek o‘g‘lonlarining mardligi avlodlar e’tirofida. Yurt himoyasi uchun o‘z jonidan kechgan mardlarning shonli hayot yo‘li esa yosh avlod vakillariga chinakam vatanparvarlik namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Akbar BOBOBEKOV,
O‘zbekiston Milliy universiteti
Tarix fakulteti katta o‘qituvchisi