Milliy qadriyatlar bayrami
Navro‘z — qirq kungacha davom etadigan umumxalq shodiyonasi. U haqida ulug‘ ajdodimiz Abu Rayhon Beruniy shunday yozadi: “... Navro‘z butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, ya’ni bahor yomg‘irining birinchi tomchisi tushishidan gullar ochilguncha, daraxtlar gullashidan mevalar yetilguncha, hayvonlarda shahvat qo‘zg‘olishidan to nasl vujudga kelguncha davom etadigan vaqtda keladi. Shuning uchun Navro‘z olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan”.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, dastlabki yetti kun Navro‘zning birinchi bosqichi bo‘lib, bayramning avj nuqtasi hisoblangan. Shu kunlar mohiyati yetti raqamida aks etgan. O‘tmishda Navro‘z dasturxoniga yetti xil taom tortilishi, yetti xil ko‘katdan ko‘ksomsa tayyorlanishi, yetti xil dondan Navro‘z go‘jasi pishirilishi, qolaversa, shu yetti kun davomida kamonchilar, dorbozlar, polvonlar musobaqasi o‘tkazilib, yettinchi kuni nishonga oltin tanga qo‘yilishi ham bejiz emas.
Navro‘z sumalak, halim saylidan boshlangan. Otchopar, uloq, kurash singari xalq o‘yinlari o‘ynalgan, bahor haqidagi qo‘shiqlar kuylangan. Bundan tashqari, bayram lola sayli, boychechak aytish, qarindosh-urug‘, mahalladoshlarning bir-biridan xabar olishi, hashar va “ho‘kiz shoxini moylash” kabi an’analar bilan aprelda ham davom etgan. Navro‘z odamlarni tabiat bilan uyg‘un bo‘lib yashashga undagani sababli tantana bilan nishonlanishi kayfiyatni ko‘taradi, davrlar osha yashayveradi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Ne’mat Aminovning “Bir asr hikoyati” kitobida kurash va polvonlar to‘g‘risida shunday hikoyat keltirilgan: “... Man Sizga aytsam, payg‘ambarlar o‘z mo‘jizalari bilan, avliyo-valilar karomatlari bilan, bahodir va pahlavonlar imo-ishoralari bilan el orasida mashhur bo‘lganlar. Akam rahmatli Shukrullo maxsum bir hikoyani aytib bergan edilar. Amirning rikobi polvonlari haqida. Shu hamon esimda. Bu hikoyani u kishi amirning rikobi polvoni, qorako‘llik Ahmad polvondan eshitgan ekanlar.
Ahmad polvon shaharda turg‘un bo‘lib qolgan qarovsiz bir chol bo‘lib, bizlarning “Sanoat” kolxozi saroyida saroybonlik qilgan juda kamgap qariya edi. Amir Olimxon taxtga o‘tirgan yilning ikkinchimi yoki uchinchi yilida Guli surx(Navro‘z) bayrami munosabati bilan Shirbuddinda o‘tkazilgan bir kurash musobaqasi haqida hikoya qilib bergan ekan. Bu kurashga butun amirlikka qarashli bu yog‘i Chorjo‘y-u Forob, bu yog‘i Xatirchi-yu G‘ozg‘on ato, nariyog‘i Dushanba — Hisor va yana bir tomoni G‘uzor hamda Boysun tog‘lariga tutash manzillardan yelkasi yerga tegmagan mashhur polvonlar taklif etilgan ekan... Katta yalanglikda minglab chodirlar tikilibdi. Bir yonda dorbozlar, yana bir yonda qo‘g‘irchoqbozlar davra qurishgan. Bir tomonda qo‘chqorlar kalla tashlashadi, ikkinchi tomonda bedana va xo‘roz urishtirish... jarchilarning tomoqlari quruqshab ovozlari bo‘g‘ilib qolgan.
Alqissa, Navro‘z oftobro‘yasida tikilgan amiri sabzarang chodirda rikobi polvonlar uchun doshqozonlarda osh tortilibdi. Hammaning og‘zida ertaga bo‘ladigan qorako‘llik Ahmad polvon bilan g‘uzorlik Panji polvonning ta’rif-tavsifi.
Nihoyat, polvonlar oldiga ikkita chinni laganda osh qo‘yilibdi. Osh ustiga ikkita ilik qo‘yilgan ekan. Katta dabdaba bilan chodirga Polvon bobo kirib kelib, “Ali sher-u xudo” vorislarini uzundan uzoq duo qilgach, hariflarni oshga taklif qilibdi. Birinchi bo‘lib g‘uzorlik Panji polvon laganga qo‘l cho‘zib, novvosning oldi oyog‘i boldir suyagini olib, go‘shtini obdon tozalabdi, so‘ng ilikni ikki tomonidan ushlab osongina “qars” etib sindiribdi. Hamma shiftga tiralgan omonat xari sindimi, deb o‘ylab atrofga alanglab qolibdi. Panji polvon osh ustiga chakillab tomayotgan ilikni ho‘plab kovshanib qo‘yibdi.
Ertasiga katta maydonda kurash bo‘libdi. Buni qarangki, davra aylanayotgan g‘uzorlik Panji polvonga Ahmad polvon betob bo‘lib qolgani sababli shogirdi Qoryog‘di polvon ro‘baro‘ bo‘libdi. Dastlabki hamlada Qoryog‘di polvon harifining yelkasiga chang solib, mayda qavilgan olacha to‘nidan laganday joyini yulib olibdi.... hokazo, bu gal ham Ahmad polvonning yelkasi yer iskamay qolibdi...
— Man sizga aytsam, maxsum uka, o‘sha ilik suyagi “qars” etib singanda yuragim “shuv” etib ketgan edi. “Shuv” etgan yurak bilan davraga chiqib bo‘lmasdi-da! Mardimaydonlarning risolasida shunday yozilgan!..
Shu-shu davra aylanmaydigan bo‘ldim, — deya tan olgan ekan Ahmad polvon chuqur dami sar tortib...
Otamning gaplarini tasdiqlagan bo‘ldim...”.
Akram AKMALOV, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi