Sport maktablari xodimlarining oyligi 2019-yil 1-oktabrdan oshiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sport maktablari rahbar, trener va instruktor-metodistlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tasarrufidagi bolalar-o‘smirlar sport maktabi, sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi, sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktabi, oliy mahorat sport maktabi, oliy sport mahorati maktabi, respublika oliy sport mahorati maktablarida sport tayyorgarligi sifatini yangi bosqichga ko‘tarish,
ko‘p yillar davomida samarali mehnat qilib, sport ta'limi samaradorligini oshirishga ulkan hissa qo‘shib kelayotgan fidoiy mutaxassislarni rag‘batlantirish, ularni ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, sport maktablari direktori, direktor o‘rinbosarlari, trener, metodistlari mehnatini munosib rag‘batlantirishni yanada kuchaytirish maqsadida qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining sport maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalarini 2019-yil 1-oktabrdan:
direktor va direktor o‘rinbosarlari 2 baravarga;
trener, instruktor-metodistlari uchun o‘rtacha 1,7 baravarga oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qarorlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni 2019-yil uchun ajratadi hamda 2020-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlari parametrlarida nazarda tutadi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga barcha sport maktablari faoliyatini tanqidiy o‘rganib chiqib, sport maktablarining samaradorligini baholashning aniq mezonlarini joriy qilish, budjetdan tashqari daromadlarini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.