Futbol maktabidagi muammolar o‘z yechimini topdi
“Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 27-iyul sonida “Bolalar futboli shunday bo‘lsa...” sarlavhali maqola chop etilgan edi. Maqolada “Nasaf” professional futbol klubiga qarashli Nishon tuman bolalar va o‘smirlar futbol maktabining bugungi ahvoli tanqid qilingandi. Jumladan, maktab xodimlarining o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashayotgani, maktabdagi tibbiyot xonasida kerakli dori-darmonlar va texnik vositalarning yo‘qligi, futbol stadionlarining qarovsiz ahvolda ekani ta’kidlangan.
Ushbu maqola yuzasidan tahririyatimizga Qashqadaryo viloyat hokimligidan javob xati keldi.
“Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 27-iyul (58-)sonida chop etilgan Nishon tumanidagi bolalar va o‘smirlar futbol maktabi faoliyati xususidagi “Bolalar futboli shunday bo‘lsa...” nomli maqolada ko‘tarilgan muammolar tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘rganib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 31-yanvardagi “Futbol bo‘yicha bolalar-o‘smirlar sport maktablarining faoliyatini rag‘batlantirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 23-sonli qaroriga asosan Nishon tuman bolalar va o‘smirlar futbol maktabi “Nasaf” professional futbol klubi tasarrufiga berilgan.
O‘rganishlar davomida maqolada ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar to‘liq bartaraf etildi. Jumladan, maktabning futbol o‘yingohi qayta joriy ta’mirlanib, tayyor holatga keltirildi. Shuningdek, tibbiyot xonasi ham me’yor talablariga moslashtirilib, tibbiyot xodimi kerakli dori-darmonlar bilan ta’minlandi. Maktabda faoliyat olib borayotgan murabbiylarning bilim va malakasini oshirish borasida takliflar, “Nasaf” PFK mutaxassislari tomonidan bir qator tushunchalar berildi.
Nishon tuman bolalar va o‘smirlar futbol maktabi direktori Z.Yazdonov o‘z ishiga nisbatan mas’uliyatsizlik bilan yondashganligi hamda maqolada ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi sababli ogohlantirildi. Futbol maktabi ishchi-xodimlariga meh-nat intizomiga rioya qilish va ish tartib-qoidalari yuzasidan tushunchalar berildi. Shu bilan birga, “Nasaf” professional futbol klubi tomonidan futbol maktabiga kerakli sport jihozlari berildi. Kelgusida ham maktab kerakli sport jihozlari va anjomlari bilan ta’minlab borilishi rejalashtirildi”.