Murabbiyimning qattiqqo‘lligi g‘alabalarim asosi
Sport inson salomatligi uchun muhim sanalishi bilan birga, hayotda muvaffaqiyatlarga erishishiga yordam beradi. Boks er yigitning yurt sharafini dunyoga taratishiga, davlat bayrog‘ini jahon sahnasida hilpiratishiga katta yo‘l ochuvchi hamda g‘alabalarga yetaklovchi sport turidir.
Bunda halollik, adolat, kuch, iroda va g‘urur ustunlik qiladi. Bu hissiyotlar har gal musobaqalarga borish avvalida ko‘nglimdan o‘tadi. Va har gal ustozim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy To‘lqin Qilichovning daldasi menga madad bo‘ladi. Murabbiyim bolalikdan bizni tarbiyalab, sportda qanday yutuqlarga erishish lozimligini o‘rgatgan. Boksning sir-asrorini shu insondan o‘rganganman.
Chirchiq olimpiya zaxiralari maktabida 6 yil ta’lim-tarbiya olganman. Bu maktabga kelganimda, avvaliga futbol bilan shug‘ullandim. Keyinchalik rahmatli dadamning orzusi meni boks maydoniga yetakladi. Bu yerda murabbiyim To‘lqin akadan nafaqat jismoniy tarbiyani, balki qat’iyatlilik va mardlikni ham o‘rgandim. U bizga sportchi o‘zini ko‘cha-ko‘yda qanday tutishi-yu jang maydonida qanday g‘ayrat ko‘rsatishi lozimligini uqtirib kelgan. To‘lqin akaning o‘git va tanbehlariga haligacha quloq tutaman, barcha masalalarni u kishi bilan maslahatlashaman. Trenerimizning qattiqqo‘lligi va nazorati hanuz bizga saboq bo‘lmoqda. Shu kungacha boks bo‘yicha jahon chempionati, jahon kubogi, ikki marta Osiyo chempionati va bir bor Osiyo kubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. 8 marta O‘zbekiston chempioni bo‘ldim. Faoliyatimdagi birinchi xalqaro musobaqa — 2013-yili Bolgariyada o‘tgan qit’a miqyosidagi turnirda kumush medal sohibi bo‘ldim. Qatar poytaxti Doha shahrida tashkil etilgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida bronza medalga sazovor bo‘ldim. Rio—2016 Olimpiadasi yo‘llanmasini esa Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo-Okeaniya mintaqasidagi musobaqada qo‘lga kiritdim. Barcha g‘alabalarimga trenerim To‘lqin Qilichovning qattiqqo‘lligi, qat’iyatliligi, “Hamisha oldinga intil, ortga yo‘l yo‘q” degan daldasi sabab bo‘lgan.
Musobaqalar oldidan, ayniqsa, jahon chempionati avvalida To‘lqin Qilichov g‘alaba qozonishim uchun jon koyitib qayg‘uradi. Har on yonimga kelib, bizga xalqimiz, Prezidentimiz qarab turganini ta’kidlaydi, shu jangda g‘olib bo‘lishim zarurligini uqtiradi. Mana shunday tayyorgarlik jarayonida boshqa raqiblarimning ustozi bunchalik ter to‘kmayotgandek tuyuladi go‘yo. Bu tuyg‘u ustoz-shogirdlik maqomining yuksak namunasidir.
Bahodir JALOLOV, boks bo‘yicha jahon chempioni, xalqaro toifadagi sport ustasi