Asqad Muxtor 100 yoshda
Asqad Muxtor tavalludiga 100 yil to‘ldi. Sana munosabati bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga shoir-yozuvchilar, talabalar, adabiyot ixlosmandlari jam bo‘lishdi.
Buyuk nosir, shoir, mohir tarjimon Asqad Muxtor 1920-yil 23-dekabrda tug‘ilgan. U “Opa-singillar”, “Tug‘ilish”, “Davr mening taqdirimda”, “Chinor” kabi romanlari, bir qator qissa, hikoya va dramalari, shuningdek, falsafiy lirikasi, badiiy jihatdan yuksak tarjimalari bilan XX asr o‘zbek adabiyotining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan so‘z san’atkoridir.
O‘zbekiston xalq shoiri, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid tadbirni ochib berar ekan, Asqad Muxtor o‘tgan asr o‘zbek adabiyoti maydoniga o‘zgacha ruh olib kirgani, ko‘p qirrali ijodida zamondoshlarimiz hayoti va tafakkurida yuz bergan eng muhim o‘zgarishlarni qalamga olganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ibrohim Gʻafurov ham yozuvchi bilan bog‘liq xotiralari va fikrlarini qatnashchilar bilan O’rtoqlashdi:
— Asqad Muxtor hamisha xalqning ko‘nglini ko‘taradigan, odamlar qalbiga quvonch olib kiradigan, ularni o‘ylatib qo‘yadigan so‘zlarni topib aytgan. Shoir ko‘zi bilan hayotga, olamga nigoh tashlasangiz, go‘yo hayratlar girdobiga tushasiz, dunyo sirga, sehrga to‘ladi, har bir narsa, hodisa o‘ziga xos ma’no kasb etadi, nazaringizda daryoda suv emas xotiralar oqadi, daryo oqimi bosib o‘tgan yo‘l umr yo‘lingiz bo‘lib ko‘rinadi...
Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqan adabiyotshunos Shuhrat Rizayev yozuvchi prozasi go‘yo she’riyatining davomidek tuyulishini, ijodkorning qator qissa va romanlari o‘zbek adabiyotida shakl jihatidan ham o‘ziga xos yangilik bo‘lganini aytib o‘tdi.
Shuningdek, qutlug‘ sana munosabati bilan “Ijod” fondi ko‘magida Asqad Muxtorning roman, qissa, she’r va hikoyalari jamlangan “Tanlangan asarlar”i chop etildi adib yashagan xonadonda uning yodgorlik lavhini o‘rnatish ishlari boshlandi.
Risolat MAXSIMOVA