Rejalar va orzular Navro‘zdan boshlanajak
Bahorga intiq qalblarga qishning nafasi ortiqcha.
— Bahor kelganiga 15 kun bo‘ldi, nega quyosh charaqlamayapti, deb injiqlanadi Malika.
— Chunki qish o‘ziga tegishli haqqini bahordan talab qilyapti-da, — ovutmoqchi bo‘ladi onasi.
— Qanday haqqi bor?
— Qishning sovuq kunlarida havo birdan isib ketardi, esingdami, shunda bahor qishning haqqi hisobiga kelib-ketgandi. Endi o‘sha kunlar evaziga qish o‘z haqqini talab qilyapti.
— Bahor bizni qishda sog‘ingandi-da, shunga kelib, bizni xursand qilib, yana ketgandi, deb mayus tortadi qizaloq.
Unga har qancha tushuntirsangiz ham qishning tarafini olmaydi. Chunki u bahorni sevadi. Uning qaynoq va otashin qalbi, yorug‘ orzu-istaklari bahorga xos, ko‘klamga oshufta. Nima bo‘lsa bo‘lsin, bahor kelsin, gullar ochilsin, qushlar sayrasin, bolalar yayrasin...uning chaman-chaman orzulari shundan ilhom oladi.
20-mart. “Yomg‘irning bu yog‘ishida ertaga qanday Navro‘z nishonlaymiz”, deb o‘zim yanada havotirga tushaman. Axir Navro‘zi olam kirib kelyapti-ku, ammo yomg‘ir avjida, qora bulutlar osmonni egallagan.
Ammo Navro‘z shunday go‘zalligi, tarovati bilan kirib kelishini va bu salobat oldida bulutlar chekinishi, yomg‘irlar to‘xtashini o‘ylamabman. Shunday bo‘ldi, 21-mart, erta tongdan oppoq tong, quyoshning iliq tafti, qushlarning ovozi Navro‘z kelganidan darak berdi.
Navqiron Toshkentning ko‘chalari bolalarga, gullarga, quvnoq kulgularga to‘ldi. Ko‘chalaru uylarda sumalak, ko‘k somsa, palovning isi kezib Navro‘zdan darak beradi.
Hashamatli “Humo Arena” majmuasi bayramona kayfiyat bilan kelgan odamlarga to‘ldi.
Tantanali marosimni nishonlash uchun majmuaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat vakillari, fan va madaniyat, sport nomoyandalari va el-yurt xizmatidagi va ardog‘idagi vatandoshlarimiz yig‘ilishdi. Barchaning diqqati minbarga chiqqan Prezidentga qadaldi. U ko‘p millatli xalqimizni Navro‘z bilan tabriklab, ezgu tilaklar bildirdi.
– O‘tgan yili pandemiya tufayli Navro‘z bayramini har doimgidek katta tantana qilib, keng nishonlay olmagan edik. O‘shanda, bu tashvishli kunlar albatta ortda qoladi, hali ko‘p to‘y-tomosha va sayillarni xalqimiz bilan birgalikda o‘tkazamiz, deb ezgu niyat qilgan edik.
Bugun ana shu orzu va intilishlarimiz ro‘yobga chiqmoqda. Go‘zal va jonajon yurtimizda yana shodiyonalar, yana quvonchli kunlar boshlanmoqda, – dedi Prezident o‘z nutqida.
Darhaqiqat, Navro‘zni munosib qarshilash elimiz uchun azaliy qadriyat. Zero, kirib kelayotgan yangi kun o‘zi bilan farahbaxsh tonglarni, iliq nurlarni, rizqu-barokatni olib kelishiga umidvor bo‘lib ko‘klamni qarshi olamiz. Boychechakning ochilishiyu, bug‘doyning unishi, turnalarning ipga tizilgandek bo‘lib kirib kelishi, qaldirg‘ochning ayvonimiz peshtoqidan qo‘nim topishi bizga o‘zligimizni, bahor ham, tabiat ham, qushlaru gullar — butun olam bizga xayrixoh ekanligimizni uqtiradi. Ota-bobolarimiz milliy qadriyatlarimizni saqlab, avlodlarga yetkazishni qanchalik orzu qilganini, bu esa erku ozodlik orzusi bilan yo‘g‘rilgan ulkan bir maqsad bo‘lganligini his qilamiz. Demakki, bu kun xalqimizda birdamlik, hamjihatlik mustahkamlanadi.
Mana o‘z nutqida davlatimiz rahbari ham buni ta’kidlamoqda.
— Bizning kuchimiz – birlik va ahillikda; bizning qudratimiz – mehr-oqibat, o‘zaro ko‘mak va saxovatda; bizning yutug‘imiz ertangi kunga bo‘lgan yuksak ishonchimizda.
Bu yilgi Navro‘z Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik to‘yonasini yetaklab kelajagini o‘ylab, ko‘ngil yanada junbushga keladi. 30 yil Ona O‘zbekistonimiz uchun ko‘pdan-ko‘p o‘zgarishlar, yutuq va muvaffaqiyatlar, ulkan marralar debochasi bo‘ldi desak adashmagan bo‘lamiz. Zero oldimizda hali asosiy zafarlar bor.
— Navro‘zning o‘lmas ruhi va boqiy falsafasi biz bugun bunyod etayotgan yangi O‘zbekiston g‘oyasi bilan g‘oyat uyg‘un va hamohangdir, — deya shuurimda kechayotgan fikrlarni ma’qullayotgandek bo‘ladi Prezident. — Butun olam, yeru ko‘k uyg‘onayotgan bu ajib faslda yurtimizdagi yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans orzusi qalblarimizga beqiyos kuch va ishonch olib kirmoqda. Xalqimizning fidokorona mehnati, qat’iy siyosiy irodamiz bilan biz keng ko‘lamli islohotlarimizni bundan keyin ham jadal davom ettiramiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, el-yurtimiz manfaatini, jondan aziz farzandlarimiz kelajagini ta’minlashga xizmat qiladigan, tanlagan to‘g‘ri yo‘limizdan hech qachon ortga qaytmaymiz.
Bunday ulkan maqsadlar, shubhasiz, huu anavi o‘tloqda “varrakni osmonga tekkizaman” deb ipni mahkam ushlagan bolajonning, sumalakni kavlab turib, orzular qilayotgan qorako‘zlarning, bahorga intiq bo‘lgan murg‘ak qalblarning kamoloti orqali ro‘yobga chiqadi. Bu haqiqatni teran anglagan holda bugun davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadi ta’lim tizimini isloh qilish, maktablardagi shart-sharoitni yaxshilash, o‘qituvchilar bilim va malakasinini hamda uning jamiyatdagi obro‘sini oshirishga qaratildi.
— Prezidentimiz nutqi va Navro‘z tantanalarini kuzatar ekanman, o‘zbek ekanligimdan, shu millat bolasiga ta’lim-tarbiya beruvchi pedagog ekanligimdan faxrlandim, — deydi Shayxontohur tumanidagi 20-maktab direktori Shahnoza Qosimova. — Bugun naqadar baxtlimiz, Navro‘z kirib keldi o‘lkamizga. Xuddi bobodehqon ko‘klamning ilk kunidanoq dalaga urug‘ qadagani kabi, biz ham qalbimizda bir olam quvonch bilan yangi reja va maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yyapmiz. Ortimda butun bir pedagogik jamoa, yuzlab kelajak egalari turibdi. O‘quvchilarimning har biri kelajakda Vatanga kerakli mutaxassis bo‘lishi kerak. Mana bugun ko‘chalarimiz xalq sayli uchun gullar bilan bezalgan. Milliy hunarmandchiligimiz namunalarini chiroyli qilib namoyish qilib qo‘yishibdi. Duradgor, ganjkor, kulol, tikuvchi, gilamdo‘z kabi hunarmandlarimizning ijod namunalarini ko‘rib tasannolar aytdik. Ilm va hunarning qanchalik muhimligini shunday daqiqalarda teranroq anglaysan. Hozirgi kunda ta’lim tizimida maktab bitiruvchilarining OTM lariga qamrab olinishiga katta e’tibor qaratilyapti. Bu yoshlarning bilimli, yetuk kadr bo‘lishlari uchun bildirilayotgan e’tibor namunasidir. Shunday bo‘lsada, ayrim o‘quvchilarimiz hunar o‘rganishni maqsad qiladilar. Bizning pedagogik jamoamiz maktabimizning har bir bitiruvchisining ertangi faoliyatiga befarq emas. O‘quvchilarimizning aksariyati OTMlarida tahsil olishadi. Qolganlari ham hayotda o‘z yo‘lini topib, elu yurtga foydasi tegadigan hunarlarni o‘rganib kelishmoqda.
Navro‘zning sharafiga yig‘ilgan har bir insonning mana shu kabi o‘z o‘y-xayollari, reja va maqsadlari bor. Bunga ko‘klam keltirgan iliqlik, go‘zallik yanada g‘ayrat bag‘ishlaydi. Yangi rejalarni amalga oshirish uchun Yangi kun boshlanadi.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri