Halovatsiz hayot jurnalistikasi
Assalomu alaykum, o‘zini behalovat kasbga bag‘ishlashni niyat qilgan jigarbandim!
Jurnalist surishtiruvi bo‘yicha savol beribsan. Bu janrdan bugungi jurnalistlar nega kam foydalanayotganlari sababini so‘rabsan. Savollaringga javobni bir kitob mutolaasi orqali yozmoqdaman. Toki fikrlarimni bilgach, sen ham uni o‘zgacha nazar bilan bo‘lsa-da, o‘qirsan, deya umid qildim.
Ko‘pchilik hollarda biz — jurnalistlar ijodimiz mahsulini kitoblarga joylashimiz qiyin kechadi. Buning hujjatlilik, davriylik kabi omillari bor, albatta. Lekin O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Muhammadjon Obidovning “Jurnalist surishtiruvi: tajriba va tahlil” (96 bet) kitobi bu sabablarning barini yo‘qqa chiqardi, nazarimda. Ustoz jurnalistning o‘z davrida shov-shuv bo‘lgan ko‘rsatuvlarida kadr ortida qolgan voqealarning qog‘ozga tushirilgani balki uning qiziqarliligini oshirgandir oddiy tomoshabin-o‘quvchi uchun. Lekin sen — bo‘lajak jurnalist uchun shu birgina jihat asosiy mezon bo‘lmasligi kerak, degan qat’iy fikrdaman. Qolaversa, kitob haqida taqriz-u axborotlarda berilgan “amaliy jurnalistikaning dolzarb masalalaridan biri — OAVda jurnalist surishtiruvlarining o‘rni mavzusi yoritilgan” qabilidagi fikr bilangina kifoyalanmasdan, balki uni takror-takror, hijjalab o‘qib, chuqur tahlil qilib, muallif bilan birga bezovta yashab, adolatsizlikdan azoblanib, ezguliklardan rohatlanib o‘qishingni istayman.
Mutolaani jurnalistning mavzu tanlashidan boshlaymiz. Negaki, mavzu topish, tanlash bo‘yicha ko‘plab savollar berasan. Ularga javob tariqasida kitobdagi “Rion”ning ikkita cho‘ntagi” bo‘limiga murojaat qilamiz.
“Aslida, bu mavzu ko‘pdan beri odamlar ko‘nglidagi og‘riq edi” (70-bet), deb yozadi muallif. Xalq dilidagi og‘riqni u qayerdan biladi? Demak, mavzu tanlash uchun oddiy odamlar orasida yurish, dardlarini muntazam eshitish, ularni qiynayotgan masalalardan ogoh bo‘lishing kerak. Muammoning tagzaminini oddiy fuqaro har doim ham surishtiravermaydi. Axborotsizlik, ba’zida bilimsizlik, aksar hollarda fikrsizlik sabab aybni katta rahbarga yuklab qo‘ya qoladi. Bu juda jo‘n bo‘lsa-da, oson yo‘l. Jurnalistlarning esa axborot olish bo‘yicha imkoniyatlari kengroq(buning uchun “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida” alohida qonun ham bor). Shunday bo‘lsa-da, mavjud muammolarning ichida hamma jurnalist ham ko‘ra oladigan va lekin uni o‘rganib, jamoatchilikka olib chiqa olmaydiganlari bo‘ladi. Muhammadjon Obidov buni o‘zi misolida shunday izohlaydi:
“Buning sababi bo‘lgan, albatta. Korxona rahbari, bu to‘g‘rimi-yo‘qmi, o‘zining mamlakatning birinchi xonimi bilan yaqin do‘st(sinfdosh) ekanini davralarda bir-bir ro‘kach qilib qo‘yar edi. Ishonmay desam, “opa” Farg‘onaga, Quvasoyga kelganlarida u doim yonlarida bo‘lardi”. Boshqa paytlar ham bu odam “opa”ning ota-onasinikiga deyarli har kuni borardi. Shunday odam rahbar bo‘lgan korxonaga qanday kirib boraman? Bir og‘iz gapi bilan meni “surib” tashlaydi-ku!”(70-bet).
Korrupsiya dunyoning barcha davlatlarida mavjud. Unga qarshi muntazam kurashib kelinadi. Shu bois, bu ishda katta natijalarga erishgan Singapur davlati hammaga o‘rnak sifatida ko‘rsatiladi. O‘zbekistonda ham bu muammo bor va unga qarshi kurashish uchun alohida tuzilma ham tashkil etilgan. Korrupsionerlar sirtdan, ba’zan rostdan ham davlatning eng yuqori mansabdorlariga suyanadilar.
Jurnalist Muhammadjon Obidov qanday yo‘l tutdi? Shunday kunlarning birida Farg‘ona viloyatiga yangi prokuror tayinlanadi va o‘zining jinoyatchilikka qarshi kurashida jurnalistlarning ham yordamiga muhtojligini yashirmaydi. M.Obidov uning huzuriga kirib, o‘ylab yurgan masalani ko‘ndalang qo‘yadi. “Sheluxa, kunjara, paxta yog‘i ko‘cha-ko‘yda, bozorlarda davlat belgilagan narxlardan 4—5 barobar qimmat sotilayotgani, bunga aybdor sotuvchigina emas, Farg‘ona yog‘-moy kombinatidagi korrupsion guruh, ularning homiylari ekanini, agar ular meni, avvalo, himoya qilsa, yordam bersa, bu mavzuni respublika miqyosida televideniye orqali ko‘tarishim mumkinligini aytdim. Prokuror muammo mohiyatini yaxshi bilar ekan.
— Aslida, boshqa viloyatlarda ham ahvol shunday. Lekin kimdir, qayerdadir bu ishni boshlashi kerak-ku, — dedi qat’iy. — Biz bu masalada birgamiz deyavering”(71-bet).
Ko‘chirmadagi gaplardan mavzuni anglagandirsan. Ma’lum bo‘ldiki, jurnalist masala jiddiyligi uchun viloyatda o‘ziga yordam beradigan, hech yo‘qsa xalal bermaydigan hamkor qidirgan. Agar prokuror gapni aylantirib, “xabarimiz bor, bu muammoni o‘zimiz bartaraf etamiz”, deya jurnalistning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib chiqarib yuborsa, unda qanday yo‘l tutardi jurnalist? U boshqa choralarni ham qidirardi, albatta. Chunki u xalq dardida yonadigan haqiqiy jurnalist! Yuqoridagi misolimizda u o‘ziga hamkor topdi. Lekin tegishli hujjatlarni to‘plash, guvohlar topish, ayniqsa, kamerani ko‘rsa qochadigan guvohlarni ko‘ndirish kabi masalalarni hal etish-chi? Muallif “...bularning har biri aytmoqqa oson. Balki shuning uchun jurnalistikamizning “surishtiruv” janridagi chiqishlar ko‘p emasdir”, deya jarayon tafsilotlarini kitobida batafsil yozmagan. Shu bois unga murojaat qilib aynan shu surishtiruvi uchun material to‘plashda, o‘zi aytmoqchi, butun mahoratini, o‘ylab yurgan uslublarini qanday ishga solganini ikir-chikirlarigacha so‘rab-bilib olishga harakat qilamiz. Toki bu jurnalist surishtiruvi jarayoni borasida bergan savollaringga javob bo‘lsin.
Do‘kondan qimmat narxda kunjara sotib olayotgan xaridorning davlat narxini bilmasligi, sotuvchining bu mahsulotni haydovchilardan olayotgani, haydovchilar esa Farg‘ona yog‘-moy kombinati ta’sischisi “Orion” firmasidan olayotgani, ozuqaning baland narxi sabab molini sotgan pensioner, soxta vedomostlar, soxta imzolar, korxona rahbarining aybni fermerlarga qo‘ygani, fermer esa bir yarim yildan buyon o‘tkazgan puliga kunjara ololmayotgani va boshqa yana qancha dalillarni topib, yozib, tasvirga tushirgunigacha mashaqqat bilan ishlagani kundek ayon bo‘lib turibdi.
Jurnalist katta ishni bajargan. Ko‘rsatuv tayyor bo‘lgach, uni efirga berishda goh oshkora, gohida pinhona to‘siqlar paydo bo‘lishi mumkin. Buni ham M. Obidovning mazkur surishtiruvi misolida ko‘rib chiqamiz.
Albatta, jurnalistning olib borgan ishlari rahbarlar o‘rtasida bezovtalik keltirib chiqaradi. Birinchi bo‘lib zavod rahbari “o‘rtakash”i orqali pora taklif etadi. Viloyat hokimining o‘rinbosari (“korxona rahbarining yaqin do‘stlaridan biri” — M.O.) “uchrashuv”ga “taklif” qilib, pora miqdorini oshirishga va’da beradi. Har gal pora rad etilganda jurnalistni xo‘rlashga harakat qiladilar. Teleradiokompaniya rahbarlari ishtirokidagi tor yig‘inda Respublika prokuraturasi boshqarma boshlig‘i muallifni qo‘rqitadi, tahqirlaydi... Nima uchun? Axir, jurnalist xalqqa yordam bermoqchi-ku, jamiyatda adolat bo‘lsin, demoqchi-ku!..
Jurnalistning tayanch nuqtasi haqida avvalgi maktublarning birida suhbatlash¬gandik. Korrupsionerlar homiylari bilan dahanaki kurashda Muhammadjon Obidovning tayanch nuqtasi nimalarda aks etgan? Meningcha, quyidagi so‘zlarida namoyon bo‘lgan:
“— Siz bir siqim muttahamlar tarafidamisiz yoki o‘z qonuniy ulushini ololmayotgan dehqon, xalq tarafidami?”(72-bet).
Bu o‘rinda jurnalistning tayanch nuqtasi — xalq farovonligi! Xalqini farovon ko‘rish uchun adolat talab qilmoqda, kurashmoqda jurnalist! Eng asosiysi, shu ma’nodagi so‘zlar o‘zining manfaatini o‘ylagan, g‘ayriqonuniy ishlarini pinhon saqlashga intiladigan, birovning hisobiga yashashga o‘rgangan har qanday qarshi kuchning asabini junbushga keltiradi. Bu kabi so‘zlar va ularga amal qilishing o‘z pozitsiyangga ega haqiqiy jurnalist ekanligingni, ularning porasi-yu tahdidlari ish bermasligini ko‘rsatuvchi javoblar sirasiga kiradi.
Mazkur surishtiruvda korrupsiya nimalarda ko‘rinmoqda?
Kunjarani bir necha barobar qimmat narxda sotib olayotgan chorvador, paxtani yetishtirib bergan, lekin o‘z chigitining chiqitini ololmayotgan dehqon va bu illatning xalq hayotiga ta’siri... Sirtdan qaraganda, bunda “sotuvchi — kombinat” o‘rtasidagi muammo ochib berilsa bas edi. Shunday yo‘l tutilsa, korxonadagi kamchiliklar bartaraf etilardi, tashuvchi-haydovchilar, olib- sotarlar o‘z-o‘zidan chekinardi, vassalom. Unda masalaga “o‘rtakash”lar, viloyat hokimi o‘rinbosari, O‘zbekiston teleradiokompaniyasi raisi o‘rinbosariga qo‘ng‘iroq qilgan “kattakon”, teleradio¬kompaniyaga “tashrif buyurgan” Respublika prokuraturasi boshqarma boshlig‘i nima uchun aralashmoqda? Yana qanaqa ishtirokchilar mavjud? Boshqacha aytganda, korrupsion to‘rning yana qanday ko‘zga ko‘rinmas robitalari bor? Ularning manfaatlari qayerda kesishadi? Viloyat prokurorining fikrini esla: “boshqa viloyatlarda ham ahvol shunday”. Har qanday tipiklashgan illatning asosi qayerda bo‘ladi?..
Bu savollarga shoshmasdan javob izla. Holbuki, ba’zi hollarda haqiqatni jamoatchilikkagina emas, axborotdan cheklangan birinchi rahbarga ko‘rsataman, deya jurnalist, bizning misolimizda Muhammadjon Obidov tazyiqqa uchraydi. Zug‘umlar turlaridan biri haqida “Import qilingan sariyog‘ kimga kerak edi?” bo‘limini o‘qib bilib olasan. O‘zimizda ishlab chiqilgan oliy navli sariyog‘ bir guruh chayqovchi va ularning homiylari aralashuvida “sifatsiz” deya e’lon qilinib, chetdan keltirilgan sariyog‘ mahsuloti xalqqa sotiladi. O‘zimizning chorvadorlar tomonidan qanchadan-qancha mehnat, mablag‘ sarflanib ishlab chiqilgan ekologik toza sariyog‘ omborxonalarda turib qoladi. Korxona daromaddan, ishchi-xizmatchilar maoshdan mahrum bo‘ladi. Komissiya xulosasiga ko‘ra, masalani ko‘targan jurnalist “respublika xalqini yolg‘on axborot bilan aldashga uringani” uchun ishdan haydaladi va bu haqdagi xabar televideniye orqali e’lon qilinadi. Muayyan muddat korrupsiya g‘olib chiqadi. Bu manzarani o‘zim ham ko‘rganman. Yuragim ezilib bo‘lsa-da, tomosha qilganman, lekin hech qanday yordam bera olmaganman va aniq bilaman bunday insonlar ko‘p edi. Chunki bunday paytda jurnalistga yordam qo‘lini cho‘zadiganlar topilmay qoladi. M.Obidov aytmoqchi, “yakka ovchi”ga o‘xshab qoladi. Hatto bir tahririyatda ishlagan hamkasblari hamdardlik bildirganlar, xolos. Qolaversa, “Nega shunday bo‘ldi, qayerda xatoga yo‘l qo‘ydim”(58-bet), deb M.Obidov o‘ziga savol berib yurdi. Tomoshabin esa jurnalistda ham ayb borga o‘xshaydi, deya gumonda qoldi.
Albatta, shu o‘rinda jurnalist surishtiruvida Muhammadjon Obidov duch kelgan qiyinchiliklar sabablariga to‘xtalamiz. Uning fikricha, surishtiruv janrining maqsadi, jurnalist harakatlarining chegarasi borasida qonuniy me’yorlar ishlab chiqilmagan. “Bu janrda ijod qilishda sof qalbning o‘zi kifoya qilmaydi. Ularga huquqiy kafolat, axborot ta’minotida ko‘mak, muharrir qo‘llovi ham kerak. Senzura bekor qilinganining o‘zi jurnalist uchun huquqiy kafolat bo‘la olmaydi. Haqiqiy “to‘rtinchi hokimiyat” bo‘lish, davlat boshqaruv institutlari faoliyati, barcha darajadagi amaldorlarning korrupsion harakatiga qarshi samarali kurashish uchun jurnalistga qonunda kafolatlangan huquqlar kengaytirilishi lozim... Surishtiruv olib borayotgan jurnalist “yakka ovchi”ga o‘xshaydi. Informatsion texnologiyalarning rivojlanishi, jamiyatdagi ochilish va OAV moddiy imkoniyatini uyg‘unlashtirib jurnalistik surishtiruv olib borayotgan xodimni qo‘llab-quvvatlash vaqti keldi... Bosh muharrirdagi ichki senzuraga chek qo‘yish lozim. Buning uchun, avvalo, OAVning iqtisodiy erkinligiga erishish talab qilinadi”(4-bet), deydi muallif.
Uning fikrlariga qo‘shilaman, albatta. Biroq sanalgan muammolar birdan hal bo‘lib qolmaydi. Ularni qonunchilikka kiritishga erishish, faqat deputatlar emas, balki biz — jurnalistlarning burchimiz hisoblanadi. Zero, jamiyat kasalliklarini ko‘rsatib beradigan shifokor — jurnalist o‘zini ishonchli himoyalangan, sog‘lom his qilishi darkor.
Bo‘lg‘usi sheryurak jurnalistim! Shu bois, avvalo, tayanch nuqtang mustahkam bo‘lsin, pishiq-puxta ishla, axborotingni qayta tekshir, chuqur tahlil bilan yoz, barcha nuqta-vergullar to‘g‘ri qo‘yilganiga ishonching hosil bo‘lgachgina jurnalistik ijodingni Muhammadjon Obidov kabi, albatta, efirga berishga yoki chop etishga erishgin. Nega, deya savol beradigan bo‘lsang, orttirgan pushaymonli tajribamdan misol keltiraman.
Chamasi, yigirma yillar ilgari byudjet tashkilotlari xodimlari, jumladan, muallimlarga maosh olti oylab berilmagan paytlar bo‘lgandi. “Ma’rifat” gazetasida ishlardim. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Murod Muhammad Do‘st qo‘llovi va o‘zi imzolagan safar yo‘llanmasi bilan muammoni o‘rganish uchun Surxondaryo viloyatiga bordim. Yo‘lga chiqishdan avval mutaxassislar bilan obdon maslahatlashdim, markazdan yuborilgan byudjet mablag‘lari to‘g‘risida ma’lumot to‘pladim. Prezident devoni yo‘llanmasi men uchun barcha eshiklarni, hatto bank g‘aznasigacha ochib yubordi. Dastlabki surishtiruvni banklardan boshladim. Bank rahbarlari g‘aznada mablag‘ mavjudligini ta’kidlashdi, faqat moliya boshqarmasi moliyalashtirsa bo‘lgani, olam guliston, berishadi! Voajab! Bank idorasidan unchalik uzoq bo‘lmagan viloyat moliya boshqarmasiga borib, boshliq qabuliga kirdim. U “ba’zi muammolar sabab” maoshlar kechikkani va shu bugunoq bu masala bartaraf etilishini ta’kidladi. Ertasi kuni uning so‘zlari naqadar haqiqatga yaqinligini bilish maqsadida chet tumanlarga chiqdim. Bosqichma-bosqich maosh tarqatila boshlanganini tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirlari mamnuniyat bilan ayta boshlashdi. Intervyular oldim, hujjatlardan nusxa ko‘chirdim. Muammo bartaraf etila boshladi. Qaysi bankirga uchrasam, mablag‘ borligini, moliyalashtirilganini, navbatma-navbat maktablarga tarqatilayotganini, maktab o‘qituvchilari esa maoshlarini ola boshlaganini ta’kidlashardi. Bunday natijadan, albatta, oddiy bir muxbir sifatida xursand edim.
Biroq kunlik safarda “olti oylik maoshlar nima uchun moliyalashtirilmagan”, “markazdan yuborilgan byudjet pullari bankda bekorga yotganmidi” yoki bu “Prezident siyosatiga qarshi isyonmi” kabi asosiy savollarga hujjatli javob topa olmadim. Sababini kimdan so‘ramayin, diktofonni ko‘rishi bilan “meni aralashtirmang”, deya o‘zini olib qochar, “maxsus xizmatlar buni fosh etmasa, siz hech narsa qilolmaysiz, biz esa shu yerda yashashimiz, ishlashimiz kerak”, derdi o‘tinch bilan. Qisqasi, xalq og‘zidan eshitgan gaplar bilan Toshkentga qaytdim. Ularning aytishicha, mablag‘lar ba’zi vijdonsiz bank xodimlari tomonidan “ishbilarmon”larga qisqa muddatlarga foiz evaziga berib turilgan. “Ishbilarmon”lar esa katta mablag‘ni olib, Toshkentning “Otchopar” bozoridan turli tovarlar xarid qilib, “Kamaz”larda Surxondaryo bozorlariga jo‘natganlar va aytilgan vaqtda pulni yana bankka qaytarganlar. Lekin bu gaplarni yozish uchun aniq dalil yo‘q.
Ma’lum natijadan kifoyalanib, maqolani tugatib, “Ma’rifat” gazetasida chop etishga tayyorlayotganimda muassis tashkilotimiz rahbarlaridan biri “Moliya vaziri o‘rinbosari uchrashuvga taklif etgani, men uchun muhim axboroti bor ekan”ligini aytib qoldi. Bordim, albatta. Moliya vaziri o‘rinbosari ochiq yuz bilan qabul qilsa-da, bezovta edi. Bir taklifi borligini, shu kunlarda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyat moliya boshqarmalari faoliyati o‘rganilganligi, yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklari uchun ikkala boshqarma boshlig‘i ham vazifasidan ozod etilganligi to‘g‘risidagi buyruq mazmunini ham maqolaga qo‘shishim mumkinligini aytib, undan ko‘chirma berib, xayrlashdi.
Ertasi kuni boshqa bir rahbar tanishim “maqsadga erishding, viloyatning bosh moliyachisi ishdan olindi, o‘qituvchilar maoshini olmoqda”, deya maqolani gazetada chop etishga ehtiyoj yo‘qligini “maslahat” tariqasida qistirib o‘tdi. To‘g‘risi, maqola nashr yuzini ko‘rmasdan chora ko‘rilgani uchun o‘zimning ham ko‘nglim sovib ulgurgandi. Yoshligim, tajribasizligim sabab o‘sha maqolani e’lon qilmaganimdan bugun ham afsusdaman. Chunki asoslay olmasam-da, hech bo‘lmaganda moliyalashtirilmagan pullarni “indamasdan olti oy saqlaganliklari uchun” bank sistemasi mutasaddilariga savollar berishim kerak edi. Axir, bu ish ikki tashkilot mutasaddilarining o‘zaro kelishuvisiz amalga oshishi qiyin edi-da.
Ayni shu o‘rinda M.Obidov aytgan quyidagi tanqidiy fikr menga ham taalluqlidir balki:
“Haqiqiy surishtiruv esa izlanish, o‘rganish, taqqoslash, axborot yig‘ishdagi mashaqqatlar, rahbarlar bilan to‘qnashuv va nihoyat, e’lon qilish qiyinchiliklari kabi yo‘lni bosib o‘tadi. Bunday yo‘lga hamma jurnalist ham yo kasbiy malaka jihatdan tayyor emas yoki mashaqqatdan qochadi-da, oson yo‘lni tanlaydi”(6-bet).
Shu bois ham Muhammadjon Obidovning muammo hal etilsa-da, kelgusida takrorlanmasin, degan maqsadda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilishga harakatini ma’qullayman va ana shu sobitqadamligini hurmat qilaman.
E’tibor bergin, surishtiruvi har gal “Axborot” dasturida namoyish etilgach, M.Obidov turli zarbalarga tayyor turadi. Chunki jurnalistni yolg‘onchiga chiqarish yoki nohaqligini asoslash uchun doim bir bahona topiladi — eng ommalashgan ayblov unga kimdir “buyurtma” bergan bo‘ladi. Aslida, jurnalistga uning qalbi buyurtma beradi. Ammo qalbini mol-dunyoga almashgan, har qanday pastkashlikdan qaytmaydigan kimsalar buning ma’nosini tushunmaydilar.
Jurnalist o‘z ishidan qachon qoniqish hosil qiladi? Albatta, u xalq dardini jamoatchilik e’tiboriga ko‘tarib chiqa olsa, ilk qoniqish hissi paydo bo‘ladi. Agar uning natijasi sezilsa, qoniqishdan olinadigan lazzat oshadi. Jurnalistning ushbu xizmati e’tirof etilsa-chi? Aksar hollarda bu qoniqish ko‘ngilning tub-tubidan yig‘i bilan otilib chiqadi. Agarda u mazkur jurnalistik materialni e’lon qilgunga qadar qiynalgan, tazyiqqa uchragan bo‘lsa, chekkan mashaq¬qatlaridan rozi bo‘ladi, beqiyos huzur topadi. Boshqa kasb sohiblarining hurmatini joyiga qo‘ygan holda aytamanki, bunday halovat boshqa¬larnikidan ziyodadir.
Fikrlarimga Muhammadjon Obidovning kitobidan iqtibos (aslida, isbot) keltiraman:
“Namanganning Uchqo‘rg‘on tumanida don mo‘l bo‘ldi. 20—40 gektarli maydonlarda kombaynlar xuddi dengizda suzib ketayotgan kemalarga o‘xshardi. Bir boshoqni qo‘lga olib, donini ko‘zdan kechiraman. Ko‘z tegmasin, rosa to‘yingan, bo‘liq. Hatto qo‘lda ham boshoq vazni odatdagidan og‘irroq ekani seziladi. Uchqo‘rg‘onlik dehqonga Xudo beribdi.
Men Shuhratjon(tasvirchi)ga boshoq va don donalarini yirik plan(ko‘rinish)da olishini aytib turgan edim, yonimizdan o‘tgan kombayn negadir nariroqda to‘xtadi-yu, haydovchi undan tushib oldimizga keldi.
— I-ya! Muhammadjon Obidovmisiz? Siz o‘sha jurnalistsiz. Keling, bir bag‘rimga bosay!
Men nima bo‘layotganini anglayolmay qoldim. Kombaynchi belimdan mahkam quchib ko‘tardi-yu, bir aylantirib yerga qo‘ydi.
— Otangizga rahmat. O‘sha ko‘rsa¬tuvdan so‘ng bizning mahallamizga ham sheluxa, kunjara olib kelib tarqatishdi, davlat narxida berishdi. Hamma sizni duo qildi. — U shoshib-shoshib gapirar, quvonchini yashira olmasdi. — Bilib qo‘ying, bugun mahallaga borib maqtanaman, men Obidovni ko‘rdim, deyman. Rahmat sizga! — U shunday dedi-yu, yana shoshganicha rulga o‘tirib, kombaynni haydab ketdi.
Negadir shu on butun badanim uvishib, yuragim behol bo‘ldi. Yig‘lagim keldi. Iye, yig‘layapman-ku! Ko‘z yoshlarim duv-duv oqar, yuzimni yuvardi. Buning sababini bilgan Shuhratjon asta yonimga kelib qulog‘imga shivirladi.
— Hoji aka, odamlar bor-a...
Yonimda xo‘jalik mutaxassislari turganini unutibman.
— Kechirasizlar, — dedim-u, daladan chiqdim. Yo‘q, o‘zimni to‘xtata olmasdim. Shu keng dalada, kombaynlar shovqinida baqirib-baqirib yig‘lagim kelardi. Menga nima bo‘ldi o‘zi?..
Ha, shu birgina muammoni ko‘tarib chiqaman deb chekkan azoblarim, eshitgan ta’nalarim, ko‘rgan xo‘rlanishlarim hamma-hammasi yig‘ilib-yig‘ilib, ichimdan po‘rtana bo‘lib otilib chiqardi”(69-bet).
Haqiqatni yuzaga chiqarish yo‘lida zahmat chekkan, ba’zida tahqirlangan jurnalist dard bilan yozilgan bu satrlarni yig‘isiz o‘qiy olmaydi. Universitet auditoriyasidagi yuzma-yuz suhbatlarimizda Muhammadjon akaning bu gaplarini takrorlay olmayman, bolam. Uni his-hayajonsiz gapirib berishga yuragim dosh bermaydi. Hayajonda aytilgan fikrlar esa har doim ham silliq chiqavermaydi. Maslahatim shuki, behalovat jurnalistlik faoliyating jarayonida o‘z grajdanlik pozitsiyangga xilof ish
tutma, boshqacha aytganda oppoq ko‘nglingga gard yuqtirmagin. Albatta, bu oson ish emas. Holbuki, beayb yolg‘iz Parvardigordir. Ustoz jurnalist Muhammadjon Obidov so‘zlariga e’tibor bergin:
“Men ham farishta emasman. O‘zim bilgan, bilmagan kamchiliklarim bor. Xatoga ham yo‘l qo‘yganman. Shunga yarasha jazosini oldim. Lekin insof, diyonat kabi qalbiy me’yorlar borki, umr bo‘yi unga xiyonat qilib qo‘ymay, deya qo‘rqib yashadim. Shuning uchun ham kasb taqozosi, qalb amri bilan o‘zim “noinsof” deb bilganlarim, ularning xatti-harakati, qilmishlari haqida axborot tarqatish, jamoatchilik e’tiborini qaratishga ma’nan haqqim bor deb bildim. Xolis so‘z aytish imkonini topish uchun umrimning, insonga berilgan eng aziz ne’mat — hayotimning eng qadrli kunlari, hatto oylarini sarfladim. Nihoyat, erishdim ham. Bugun esa o‘sha men tanimagan kombaynchi bir so‘z bilan yo‘qotganlarimning badalini to‘ladi, go‘yo. Qalbimni quvonchga to‘ldirdi. Kuchimga kuch qo‘shdi”(70-bet).
Albatta, ustoz jurnalistning bu fikrlari mohiyatini to‘liq anglashga harakat qilsang, o‘z pozitsiyasiga ega, ezgulikka sobit jurnalist bo‘lib yetishishing shubhasizdir.
Muhammadjon aka bugungi jurnalistik surishtiruvlarda “biryoqlama munosabat, mavzu mohiyatini chuqur anglab yetmaslik, ixtisoslashmaganlik kabi kamchiliklar” mavjudligi xususidagi fikrlarini ham inobatga olishingni so‘rardim.
Yana fursatdan foydalanib, kitobning maktubimda tilga olinmagan “Boy buvaning hotamtoyligi kimning hisobidan?”, “Muammoning ildizi qayerda?”, “Lo‘li aravasidan chiqqan mojaro”, “Befarqlik” bo‘limlarini ham o‘qishni tavsiya qilaman.
Maktubimga xulosa qilib aytmoqchimanki, qalbi toza, samimiy inson, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Muhammadjon Obidovning “Jurnalist surishtiruvi: tajriba va tahlil” kitobi faqatgina sen kabi talabalarga emas, men — ustozing, hatto bugun faoliyat olib borayotgan barcha jurnalistlar uchun amaliy qo‘llanmadir. Qarama-qarshi tomondan esa korrupsiyaga moyil barcha rahbarlarga ogohlantirish bongidir.
Halim SAIDOV, filologiya fanlari nomzodi