Test qanday bo‘lishi kerak?
“Ma’rifat” gazetasining 2018-yil 12-dekabr sonida chop etilgan “Fizikadan abituriyentlar bilimi nega past?” nomli maqolani o‘qib, bizda ham ba’zi fikrlar paydo bo‘ldi. Maqolada fizikadan abituriyentlarning bilimi yildan yilga pasayib borayotgani ta’kidlanib, buni — dtm.uz saytida berilgan ma’lumotlardan ham sezish mumkinligi aytilgan. Xususan, sayt bergan ma’lumotga ko‘ra, 2017-2018-o‘quv yili uchun test topshirgan abituriyentlarning fanlar bo‘yicha egallagan bilimi tahlil etilganda fizika bo‘yicha ko‘rsatkich eng past — 30,50 ball ekani aniqlangan. Bu ona tili va adabiyot (49,64 ball), biologiya (45,0 ball), geografiya (45,0 ball) fani ko‘rsatkichlaridan ham kam.
Fizik kattaliklarni o‘lchashning 7 ta xalqaro birligi mavjud bo‘lib, ular metodologik va ilmiy jihatdan asoslangan. Lekin to‘g‘ri topilgan testning javobi uchun qabul qilingan balning hozirgacha xalqaro standart bo‘yicha ta’rifi yo‘q. Bu test natijalarini hisoblashda xatolikka olib keladi. Yana bir muhim masala: testlarning yaroqli va ishonchliligini kim aniqlaydi va u qayerda muhokama qilinadi? Har qanday tajribani xatosiz bajarish mumkin emas. Agar bu jihatlari inobatga olinsa, maqolada keltirilgan ko‘rsatkichlar yanada pasayadi. Bundan biz oliy o‘quv yurtiga qoniqarsiz bilimga ega bo‘lgan abituriyentlarni qabul qilayotganimiz aniq bo‘lib qoladi.
Muallif fikricha, abituriyentlarning fizika fanidan ko‘rsatkichi yuqori bo‘lishi uchun hamma imkoniyat muhayyo, o‘quv adabiyotlari yetarli. Biroq testlarda foydalanilayotgan savollarning qaysi adabiyotlardan olinayotgani yoki qaysi adabiyotlarga tayanib tuzilgani mavhum. Maqolada aynan ushbu mavhumlik tufayli abituriyentlarning bilimi sayozlashib ketayotgani ta’kidlanadi. Muallifning fikrlariga to‘liq qo‘shilib bo‘lmaydi. Fikrimizcha, gap DTM tomonidan tuzilgan testlarning ayni davr ta’lim rivojidan ortda qolayotganidadir.
Hozir qo‘llanilayotgan testlar faqat yopiq formada yoki bitta to‘g‘ri javobni topishga asoslangan. Uning formulasini quyidagicha ta’riflash mumkin: “aniq shart - belgilangan yechish yo‘li+bitta to‘g‘ri javob”. Bu ideal holat uchun to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Lekin hayot, iqtisodiyot, ishlab chiqarish ochiq tipdagi masalalarni yechishni talab qiladi. Uning formulasini shunday tuzish mumkin: “noaniqlik-shart-yechishning turli xil yo‘li-mumkin bo‘lgan, ehtimolli javoblar to‘plami”.
Psixologlar inson tafakkurining ikki shakli — konvergent (yopiq, ijodiy bo‘lmagan) hamda divergent(ochiq, ijodiy)ni aniqlagan. Konvergent fikrlashi kuchli shaxslar — “intellektual”, divergentli fikrlovchilar “kreativ” kishilardir. Intellekti yuqori kishilar murakkab masalalarni ham aniq formulalar asosida yechadi. Kreativ fikrlovchilar esa masalaga o‘z uslubida, noan’anaviy ravishda yechim topishga intiladi. Aniq formula va shartlardan chetga chiqishga harakat qiladi. Bu insonning o‘z-o‘zini rivojlantirishi, imkoniyatlarini oshirishiga zamin yaratadi. Shu ma’noda aytish mumkinki, bugungi kunda tuzilayotgan testlar faqat fizika predmeti doirasida bo‘lib, psixologiya bilan bog‘lanmagan.
“Vaqt o‘tishi bilan fan san’atga, san’at esa fanga aylanadi”. Nemis mutafakkiri Flofer aytganidek, davr o‘tishi bilan fanlar ham, san’at ham inson tafakkur dunyosiga moslashib boradi. Hozir abituriyentlarga berilayotgan testlarda o‘quvchining fan bo‘yicha intellektual qobiliyatini aniqlovchi va motivatsiyaga doir psixologik savollar yo‘q. Vaholanki, bugungi kunda kishilar salohiyati ularning fikrlash qobiliyati, tafakkur olami orqali aniqlanadi. Kuchli fizik bo‘lishdan tashqari, psixologiya va musiqadan yuqori bilimga ega bo‘lgani uchun ham Albert Eynshteyn butun dunyoga tanildi. U mashhur fransuz psixologi J.Piajye bilan yozishmalarida shunday deydi: “Sizning inson tafakkurini rivojlantirish yo‘lidagi harakatlaringiz oldida fizika sohasida olib borayotgan ishlarim — o‘yinchoqdir”.
Hozir tuzilayotgan testlar aniq bilim, fakt va qonuniyatlarni yodlashga asoslangan. Biroq zamonaviy pedagogikaga e’tibor qaratsak, darslar konkret bilimni o‘rgatishga emas, balki tez va samarali o‘zlashtirishga, eng muhimi, ijodiy fikrlashga asoslanganini ko‘ramiz.
Yuqori bilimli, ishga kreativ yondashadigan kadrlarni tarbiyalashda fizikaning o‘rni beqiyos. Chunki u turli fanlar doirasiga kirib bormoqda. Masalan, agrofizika, astrofizika, biofizika, fizikaviy kimyo, tibbiyot fizikasi, iqtisodiy fizika, nanofizika, psixofizika kabi yangi yo‘nalishlar paydo bo‘lyapti. Fizikaning boshqa fanlar bilan integratsiyasi tufayli jahonning ko‘plab oliy o‘quv yurtlarida qo‘shma mutaxassislar tayyorlanmoqda. Masalan, Moskva davlat universitetida fizik-menejer, Moskva davlat muhandislik-fizika universitetida iqtisodchi-fizik, Novosibirsk davlat iqtisodiyot va boshqarish universitetida fizika bilan bog‘liq yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.
2017-yili Rostov davlat universitetida o‘tkazilgan “Fizikaning hozirgi zamon ta’lim tizimidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Moskva oliy iqtisodiyot maktabida fizika fakulteti nima uchun tashkil etilgani haqidagi savolga fakultet dekani Mixail Truxin “Fiziklar jamiyatning har bir sohasi uchun kerak. Kreativ fikrlovchi, masalani tez va sifatli yecholadigan fizik mutaxassislar xalq xo‘jaligini rivojlantiruvchi asosiy kadrlardir. Davlatda kuchli ilmiy-texnik salohiyatni saqlash va rivojlantirish uchun fizika yo‘nalishi bo‘yicha ko‘p mutaxassis tayyorlash kerak”, deya javob bergandi. Haqiqatan, ko‘p davlatda fizika yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Xususan, AQShning Garvard universiteti, Ukrainaning Xarkov fizika-texnika instituti hamda jahondagi boshqa oliy ta’lim muassasalarida tibbiyot fizikasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Mamlakatimizda ham 2018-2019-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Milliy universitetida tibbiyot fizikasi mutaxassisligi bo‘yicha abituriyentlar talabalikka qabul qilindi. 2019-2020-o‘quv yilidan Samarqand davlat universitetida ham ushbu mutaxassislik bo‘yicha o‘qishga qabul qilish rejalashtirilgan.
Yurtimizda so‘nggi yillarda Atom elektr stansiyasi va shunga o‘xshash boshqa zamonaviy korxonalar tashkil etilyapti. Bunday korxonalarni malakali kadrlar bilan ta’minlash uchun yuqori salohiyatga ega, bilimli fizik mutaxassislar zarur. Afsuski, DTM bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bunday mutaxassisliklar bo‘yicha qabul ko‘rsatkichlari juda past. Fizika birinchi fan bo‘lgan elektron apparatlar ishlab chiqarish mutaxassisligiga 61,9, intellektual muhandislik tizimida 57,6, muqobil energiya manbalari mutaxassisligiga 57 ball to‘plagan talabalar qabul qilingan.
Muallif fizikadan test sinovlaridan foydalanish uchun V.I.Lukashik, E.V.Ivanova hamda Rimkevichning “Fizikadan masalalar to‘plami” adabiyotlaridan foydalanish maqsadga muvofiqligini ta’kidlagan. Shuningdek, abituriyentlar DTM chop etgan adabiyotlardagi bilimlarni o‘zlashtirsa va yuqorida keltirilgan masalalar to‘plamidagi 2947 masala va mashqni yecholsa, fizikaning umumta’lim muassasalarida o‘qitiladigan qismini, so‘zsiz, “besh”ga bilishini ta’kidlagan.
Fikrimizcha, 2947 masalani yechish bilan fizika fanini to‘liq egallab bo‘lmaydi. Nobel mukofoti laureati, dunyoda birinchi yadro reaktori loyihasini tuzgan olim, Chikago universiteti professori Enriko Fermi aytganidek, kishi fizikani yaxshi bilishi, kashfiyotlar qilishi uchun ochiq va ijodiy masalalar yechish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi kerak. Shu ma’noda, biz ham o‘quvchilarni faqat muayyan qolip va formulalar asosida o‘qitmay, nostandart sharoitda ishlashga, kreativ fikrlashga o‘rgatishimiz kerak.
Muallif testlarning yarmi nazariy savollar, yarmi masalalar va ular birinchi, ikkinchi, uchinchi darajali testlar ko‘rinishida bo‘lishi lozimligi haqida o‘rinli taklif beribdi. Aslida bildirilgan taklifni fizik laboratoriya uskunalari tadqiqot masalalarini inobatga olgan holda ancha oldin amalga oshirish kerak edi. Xalqaro TIMSS dasturi bo‘yicha maktab o‘quvchilarining matematika va tabiiy-ilmiy fanlar bo‘yicha bilimini baholashda 5 ko‘rinishdagi test topshirig‘i kiritilgan. Bular:
— eng sodda axborotlar (atama, fakt, eng sodda tushuncha va hodisalar) barcha topshiriqlarning 40 foizini;
— murakkab axborotli tushunchalar barcha topshiriqlarning 29 foizini;
— nazariya, tahlil va muammoni yechish barcha topshiriqlarning 21 foizini;
— asbob va materiallarni, standart va tabiiy-ilmiy metodlarni qo‘llash barcha topshiriqlarning 6 foizini;
— tadqiqotni o‘tkazish, o‘rganish kerak bo‘lgan savollarni aniqlash, tadqiqotlarni rejalashtirish va bajarish, olingan natijalarni muhokama qilish, xulosalarni shakllantirish barcha topshiriqlarning 4 foizini tashkil etadi.
Tekshirish natijalari ko‘rsatadiki, 7-sinf bo‘yicha 13 mamlakat — Angliya, Avstriya, Belgiya, Vengriya, Niderlandiya, Slovakiya, AQSh va hokazo; 8-sinf bo‘yicha 7 mamlakat — Avstriya, Chexiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarda o‘tgan sinovlarda yaxshi natija kuzatilgan. Afsuski, respublikamiz maktablarida o‘tkazilgan bunday sinovlarga doir ma’lumotlar yo‘q. Bizda ham testlarni tuzishda yuqorida qayd qilingan 5 ko‘rsatkich inobatga olinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Keltirilgan mulohazalardan quyidagi takliflar kelib chiqadi:
Hozirgi vaqtda ta’lim jarayonini boshqarish, o‘quvchilar bilimini aniqlash vazifasi bir-biridan mustaqil ikki tashkilot — Davlat test markazi va Xalq ta’limi vazirligi zimmasidadir. Bu maqsadga muvofiq emas. Ta’limni tashkil etish va baholash birgalikda olib borilishi kerak. Shu sababli ham testda tushunmovchiliklar ro‘y bermoqda. Bu masalaga sistemali yondashuv zarur.
Davlat test markazining faoliyati, tuzilmasi va vazifasini zamon talablari asosida qayta ko‘rib chiqish va uni Testologiya markaziga aylantirish lozim. Testologiyaning nazorat va metodologik masalalari tashkilotning asosiy vazifasi bo‘lishi kerak. Bu markaz turli rahbar xodimlarning malakasini oshirish, ularni ishga olish uchun testlar ishlab chiqish bilan shug‘ullansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Abituriyentlarni oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda Rossiya tajribasini qo‘llab, yagona davlat imtihonini o‘tkazish kerak. Talabalikka qabul qilinayotgan abituriyentlar kuchli jamoatchilik nazoratidan o‘tkazilishi zarur. Oliy o‘quv yurtiga yetakchi professor-o‘qituvchilardan iborat komissiya va jamoatchilik vakillari ishtirokida suhbatdan o‘tkazish orqali abituriyentlarni tanlash huquqini berish lozim.
Obloqul QUVONDIQOV, Xalqaro pedagogika fanlari akademiyasi muxbir a’zosi, fizika-matematika fanlari doktori, professor,
Rustam RAJABOV, SamDU “Umumiy fizika” kafedrasi mudiri, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent