Savol “qusurli” bo‘lsa...
O‘n yildan oshdi chog‘i, Toshkent tibbiyot instituti (hozirgi tibbiyot akademiyasi)ga kirish imtihoni — test sinovlari chog‘ida bahsli masala chiqib qoldi. Biologiya faniga doir savollardan biriga berilgan javob to‘g‘ri deb baholansa, abituriyent talabalar safiga qo‘shiladi, aks holda... Abituriyent imtihondan “yiqildi”.
O‘sha birgina savol tevaragida bahs chunonam qizidiki, asti qo‘yaverasiz. Kimlar orasida, deysizmi? Respublikamizning ko‘zga ko‘ringan biolog olimlari orasida boshlanib ketgan tortishuvda tayinli javob topilmadi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha savolga dunyo biologiya fanida hanuzgacha aniq-konkret javob topilmagan, shu boisi turli manbalarda, jumladan, darsliklarda javob turlicha bayon etilgan ekan.
Ana endi savol tug‘iladi: imtihon topshiruvchi abituriyentning aybi nima? U maktabda o‘qigan darslikda nima qanday yozilgan bo‘lsa, o‘shanday javob bermoqda. Tamom, vassalom. Bordi-yu, nufuzli mutaxassislar, zukko olimlar orasida kelishmovchilik mavjud bo‘lsa, bu ham tabiiy. Zero, ilm-fanda bunday holatlar hamisha uchragan va bundan keyin ham uchrashi juda-juda tabiiy. Biroq, mening fikrim, taklifim shundan iboratki, hali fanda yechimini topmagan, mutaxassislar orasida qat’iy bir to‘xtamga kelinmagan masala-mavzu — “qusurli” savol u yoki bu imtihon shartlariga qo‘yilmasligi kerak.
Afsuski, xizmat yuzasidan turli toifadagi imtihonlarda, sinovlarda, tanlovlarda qatnashar ekanman, ayni shunga o‘xshash holatlar yuz berib turishi ranjitmay qolmaydi imtihon oluvchilarni. Nafaqat ranjitadi, balki imtihon oluvchilarni noqulay holatga tushiradi ham. Oqibatda baho qo‘yishda, topshiruvchining bilimini aniqlashda beixtiyor adolatsizlikka yo‘l qo‘yiladi.
Filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimovning maqolasida ayni shunga o‘xshash holat haqida so‘z bormoqda. Kamina Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi xususida bahsga kirishish niyatidan yiroqman. Tilga olingan ruboiyning ikki misrasidagi chalkashlik yuzasidan hakamlik ham qilolmayman. Lekin shu o‘rinda ham xuddi yuqorida keltirilgan misolga o‘xshash holat yuz bermoqda. Maqola muallifi bilimdon adabiyotshunos olim. Yetti o‘lchab, bir kesadigan hassos tadqiqotchi. Lekin aniq, qat’iy xulosa yo‘q, faraz-u taxminlar bayon etilmoqda, xolos. Xo‘sh, shunday ekan, ushbu ruboiyning maktab o‘quvchilari ishtirokidagi imtihonga yoki tanlov shartlariga kiritilishi nechog‘lik asosli? Nechog‘lik adolatli?
Hamma gap shunda.
Xurshid DO‘STMUHAMMAD, yozuvchi, filologiya fanlari doktori