A’lochi talabalarning to‘lov-kontrakt puli Yoshlar ittifoqi tomonidan to‘lab berildi
Xabaringiz bor, o‘tgan o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida o‘rtacha o‘zlashtirishi 86 foiz va undan yuqori bo‘lgan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqida faollik ko‘rsatgan talabalar uchun to‘lov shartnoma summasining 35 foizi to‘lab berilmoqda.
— Joriy yilda bu borada murojaat etgan 3886 nafar talabadan eng faollari saralanib, 1521 nafari moddiy qo‘llab-quvvatlashga tavsiya etildi, — deydi ishchi guruh mas’ul kotibi, Ittifoqning markaziy kengashi apparati bo‘lim mudiri Bahodir Kucharov. — Ularga 2018/2019-o‘quv yilida to‘lov-kontrakt pulining 35 foizini moddiy yordam tariqasida to‘lab beriladigan mablag‘ 4 916 429 765 so‘mni tashkil etdi. 2365 nafar talabaning murojaati esa nizom talablariga mos kelmagani hamda faolligi yetarli darajada emasligi sababli rad etildi.
Shuningdek, 6 ta oliy ta’lim muassasasi, jumladan, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universiteti, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Soliq akademiyasi, G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti hamda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiallaridagi talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi baholash mezonlari, mazkur tanlov qoidalariga mos kelmagani bois, murojaati qabul qilinmadi. Qolaversa, Toshkent pediatriya-tibbiyot institutining Nukus filiali, Toshkent davlat stomatologiya instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi yoshlar kengashlaridan moddiy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida murojaat kelmadi.
Poytaxtimizdagi Yoshlar markazida o‘tkazilgan tantanali taqdirlash marosimida Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 552 nafar talabaga Ittifoq imtiyoziga munosib ko‘rilganini tasdiqlovchi maxsus sertifikat topishirildi.
Nomzodlarni saralashda talabaning oliy ta’lim muassasasida o‘rtacha o‘zlashtirishi 86 foizdan yuqori bo‘lishi, tashkilot tizimida amalga oshirgan ishlari, shaxsiy tashabbusi bilan tashkil etilgan loyiha va tadbirlari, faolligi, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan hissasi singari mezonlarga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda Yoshlar ittifoqining Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari Oybek Rahmonberdiyev joriy o‘quv yilida ushbu imtiyoz uchun hujjat topshirgan Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarining 1052 nafar talabasi orasidan 552 nafarining to‘lov shartnomasiga jami 1 milliard 933 million 644 ming so‘m miqdorda mablag‘ ajratilganini qayd etdi. Tadbir yakunida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari namoyish etgan badiiy-musiqiy chiqishlar barchaga manzur bo‘ldi.
Dilshod RO‘ZIQULOV