Test topshiriqlaridagi o‘zgarishlar
Milliy matbuot markazida Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan «Pedagogik o‘lchovlar, test topshiriqlarini shakllantirish va test savollari bilan ishlash tamoyillari» mavzuidagi matbuot anjumanida test topshiriqlarini ishlab chiqish ishlari, ularni bosqichma-bosqich takomillashtirish jarayoni haqida ma’lumot berildi.
— Test topshiriqlari umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari o‘quv dasturlariga asoslangan holda tuziladi — deydi Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Sevar Zufarxo‘jayeva. — Bu yil umumta’lim muassasalarida 11-sinfni, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini 2 va 3 yillik tizim bo‘yicha tahsil olayotgan o‘quvchilar bitiradi. Ularning darsliklari bir-biridan farqlanadi. Eng muhimi, har bir abituriyent o‘zi uchun belgilangan darsliklar asosida tayyorgarlik ko‘rishi kerak bo‘ladi. Maktab bitiruvchisi akademik litsey darsliklarini, akademik litsey o‘quvchisi maktab darsliklarini o‘zlashtirishi kerak emas. Abituriyentlar maktabning 11-sinfini bitirgan bo‘lsa, shunga mos, agar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tamomlagan bo‘lsa, shu darsliklar asosida savollar tushadi. Test bazasi shunga mos holatda shakllantirilmoqda.
Yangi test topshiriqlaridan iborat namunaviy variantlar 2018-yil noyabr va 2019-yil yanvar oyida aprobatsiyadan o‘tkazildi. Aprobatsiya jarayonida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va akademik litseylarning 2 mingga yaqin bitiruvchisi ishtirok etdi. Aprobatsiya jarayonida test topshiriqlarining ishonchliligi, validligi, muqobil javoblarning ishlashi, murakkablik darajasining to‘g‘ri tanlanganligi o‘rganildi. Test bazasini shakllantirish uchun 140 nafar mutaxassisdan iborat xalq ta‘limi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim va Fanlar akademiyasi tizimlaridan ekspertlar guruhi tasdiqlandi.
Joriy yilgi test topshiriqlaridagi asosiy yangiliklardan biri ularda grafik, yozuvsiz xarita, rasmlarning qo’llanilishidir.
Yana bir yangilik: adabiyot fanidan ta’lim muassasalari o‘quv dasturiga kiritilgan badiiy asarlardan ayrimlarini to‘liq o‘qish tavsiya etilgan. Ular orasida Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, Cho‘lponning “Kecha va kunduz”, Fitratning “Abulfayzxon”, G‘afur G‘ulomning “Shum bola”, Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” kabi asarlari bor. Bu ham testga tayyorgarlik deganda quruq ma’lumotlarni esda saqlash, yodlashgina emas, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.
Qolaversa, o‘lchov birliklarining yangicha ifodalanilishi test topshiriqlari bazasini shakllantirishda joriy yildagi yangiliklardan sanaladi. Test topshiriqlari bazasini shakllantirish tamoyillari ularning davlat ta’lim standartlari va belgilangan talablarga muvofiqligi, maxfiyligi, turli ta’lim tizimi mutaxassislarining ishtiroki ta’minlanganligi, ekspertizaning ko‘p marotabaligi, variant murakkabligining bir xilligi kabilarga asoslanadi.
Sanobar JUMANOVA