Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriga ochiq xat
Talaba mas’uliyatidagi beshta farq — beshta to‘siq
Hurmatli Inom Urishevich!
Yurtimizda so‘nggi paytlarda oliy ta’limga katta e’tibor qaratilayotgani, oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallari soni ko‘payayotgani, xorijiy OTMlar, qo‘shma fakultet va yo‘nalishlar ochilayotgani, oliy ta’limga qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirilayotgani quvonarli hol, albatta. Shu bilan birga, miqdoriy o‘zgarishlardan sifat o‘zgarishlariga o‘tish, nomi o‘zgargani bilan mohiyatan sovetcha bo‘lib qolayotgan oliy ta’limimizning ishlash tamoyillarini rivojlangan davlatlarda qabul qilingan va samaraliligini vaqt isbotlagan andozalar asosida qayta ko‘rib chiqish payti kelmadimikan?
Taqdir taqozosi bilan o‘z yo‘nalishim bo‘yicha ikkita nufuzli xorijiy OTMda o‘qish sharafiga muyassar bo‘lganman. Biri — AQShning Nyu-York shahridagi Kolumbiya universiteti ( Columbia University ) bo‘lsa, ikkinchisi — Buyuk Britaniya poytaxtida joylashgan London universiteti kolleji (University College London, UCL). Har ikkala universitet butunjahon reytinglarida (QS, Times Higher Education, ARWU) qanday o‘rinlarni egallab kelayotganini shu reytinglarning rasmiy saytlarida ko‘rib olish mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekistondagi birinchi xalqaro oliy ta’lim muassasasi bo‘lmish Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida ham tahsil olganman. Ruxsat bersangiz, ushbu nufuzli universitetlarda o‘qish, ulardan ayrimlarida o‘qish bilan birga ishlash asnosida chiqargan xulosalarim, milliy oliy ta’lim tizimimiz va xorijiy universitetlarning ish uslublaridagi (mening nazarimda) prinsipial farqlar haqidagi kuzatishlarimni o‘rtoqlashmoqchiman.
Birinchi farq xorijiy OTMlarda fikr hurmat qilinadi. Talabalar ijtimoiy tarmoqlarda “nojo‘ya” fikr bildirgani yoki kimningdir fikriga “layk” bosgani uchun guruh kuratori yoki universitet rahbariyati tomonidan o‘qishdan chetlashtirish bilan tahdid qilinmaydi. (Darvoqe, xorijiy universitetlarda “guruh kuratori” degan tushuncha mavjud emas: mustaqil qaror qabul qilish huquqiga ega talabalarni tergash, har qadamini, fikrlashini nazorat qilish ularning xayoliga ham kelmaydi.) Shuningdek, erkin fikr bildirgan o‘qituvchilar ham biror tazyiqqa uchramaydi. Shunchaki, fikrlar xilma-xilligi ilm-fan, jamiyat rivojiga xizmat qilishi oddiy haqiqat sifatida qabul qilinadi.
Ikkinchi farq — talabalar semestr davomida o‘nlab kerakli-kerakmas fanlarni o‘zlashtirishga majbur qilinmaydi. Kredit tizimi faqat akademik mobillik uchun emas, talabaning yuklamasini hisoblash uchun ham o‘ylab topilgan. Natijada har bir fanni o‘zlashtirish uchun qancha vaqt sarflanishi oldindan hisoblab chiqiladi (bunda mustaqil izlanishga ko‘proq vaqt ajratiladi, talaba ilmiy adabiyotlar bilan mustaqil ishlab, o‘rganilayotgan fan qonuniyatlarini amaliyotga tatbiq qilishni o‘rganadi.) Talaba o‘qishi mumkin bo‘lgan fanlar soni cheklanganligi tufayli (bu son majburiy va tanlov fanlarni qo‘shib hisoblaganda odatda bir semestrda besh-oltitadan oshmaydi) unga kelgusi faoliyatida haqiqatan ham asqatadigan fanlar o‘qitiladi. Talaba o‘zini qiziqtirgan yo‘nalishlar, masalalarni o‘zi tanlaydigan tanlov fanlar doirasida o‘rganish imkoniyatiga ega. (Aytgancha, tanlov fanlarini talabaning o‘zi tanlaydi, uning uchun kafedra, dekanat yoki rektorat “tanlab” bermaydi.) Darhaqiqat, hech kim injener yoki quruvchini korxonaga ishga olayotganda uning tarix yoki falsafani bilish-bilmasligi yoki maktab direktori ona tili o‘qituvchisini ishga olayotganda uning ekologiya, valeologiya yoki matnshunoslikdan nechog‘lik bilimga ega ekanini so‘ramaydi. Hozirgi zamon tor ixtisosliklar davri ekanini, hamma o‘z sohasini yaxshi bilishi kerakligini, “keng fikrlaydigan” qomusiy olimlar davri o‘tgani, “har sohadan bir shingil” bilib qo‘lidan aniq ish kelmaydigan mutaxassislar bilan ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmasligini butun dunyo allaqachon tushunib yetgan.
Uchinchi farq — talabaga mustaqil shaxs sifatida qaraladi. Hech kim uning kim bilan yashayotgani, kiyimi, soch turmagi, soqolini o‘stirish-o‘stirmasligini nazorat qilmaydi. Hech kim undan “ta’til paytida falon joyga boraman yoki bormayman, falon ishni qilaman yoki qilmayman” degan mazmunda tilxat yozdirib olmaydi. Universitet rahbariyati ertalabdan eshik oldida tizilib olib yoki dars payti auditoriyaga kirib, talabaning tashqi ko‘rinishi “universitet ichki tartib-qoidalariga to‘g‘ri kelmagani” uchun asabini buzmaydi. Darsga kechikkani uchun rasmini alohida “hurmat taxtasi”ga joylab qo‘ymaydi. Chunki ular bunday yondashuv bilan o‘z fikriga ega, bo‘lajak ish faoliyatida muammolarni mustaqil yechishga, yangilik yaratishga qodir shaxslarni tarbiyalab bo‘lmasligini yaxshi tushunishadi.
To‘rtinchi farq — talaba faqat fanni bilsa, semestr boshida qo‘liga berilgan, elektron ta’lim tizimida ham aniq qilib yozib qo‘yilgan talablarga javob bersagina shu fandan baho olishi mumkinligini his qiladi. Fanni bilmasa, hech qanday yo‘l bilan maqsadiga erisha olmasligiga aqli yetadi. Kafedra mudirlari, dekanat yoki rektorat vakillari aralashib, kerak bo‘lsa, o‘qituvchini “o‘rtaga olib”, semestr davomida darsga deyarli kelmagan, fanning asosiy tushunchalarini ham bilmaydigan talabaga shunchaki oraliq va yakuniy nazoratlarga kelib oldi-qochdi gaplari bilan o‘n ikki varaqlik daftarni “qoralab” bergani uchungina “odamgarchilik yuzasidan” bahosini olib bermasligini talaba anglaydi. Universitet rahbariyati ham majlislarda talabalarga ochiq-oydin “bu dargohda forma, davomat, odobing birinchi o‘rinda, biliming o‘ninchi o‘rinda”, deb va’z o‘qimaydi. Shuning uchun talaba o‘qiydi, belgilangan talablarni bajarishga harakat qiladi. Qo‘liga berilgan dasturda shu fandan qachon, qay tartibda, qay mazmunda imtihon yoki kurs ishi topshirilishi, bu imtihon yoki kurs ishi qanday mezonlar va talablar asosida baholanishi umumiy gaplarsiz, konkret, aniq-tiniq qilib yozib qo‘yilgani ham talabaga fanni o‘zlashtirishda katta yordam beradi.
Beshinchi farq — universitet professor-o‘qituvchisining asosiy va yagona vazifasi ta’lim jarayonini sifatli va samarali tashkil qilishda, universitetning ta’lim dargohi va ilmiy muassasa sifatidagi obro‘si oshishiga hissa qo‘shishda ko‘rinadi. Darsidan talabalar kelgusidagi faoliyatida asqatadigan bilimni olishi uchun professor-o‘qituvchi sohasidagi ilmiy yangiliklardan, tendensiyalardan xabardor bo‘lib turishi, nafaqat xabardor bo‘lishi, o‘zi ham shu sohada ilmiy tadqiqotlar olib borib, izlanish natijalaridan ilmiy jamoatchilikni xabardor qilib turishi kerak. Buning uchun esa professor-o‘qituvchiga vaqt va sharoit kerak. Bu sharoit nimalarda ko‘rinadi:
— nufuzli reytinglardan joy olgan OTMlarda professor-o‘qituvchilar vazirlik belgilagan “otning kallasiday” auditoriya yuklamasini bajarish uchun semestr davomida kamida to‘rt-beshtalab har xil fanlardan dars o‘tmaydi. (Aytgancha, OTMlari xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallagan hech qaysi davlatda oliy ta’lim professor-o‘qituvchisining auditoriya yuklamasini soat-soatigacha belgilab berish hukumat yoki vazirlikning vakolatiga kirmaydi.) Fanning tarmoqlashuvi kuchayib borayotgan hozirgi davrda o‘qituvchi bir necha sohani birday yaxshi bila olmasligini universitet rahbariyati yaxshi tushunadi;
— o‘qituvchi o‘z fanidan darslarni qanday tashkil etishni mustaqil hal qiladi. Darslarning shakli (ma’ruza, seminar, amaliy), qanday mavzular o‘tilishi va ularning ketma-ketligi, semestr davomida yoki oxirida talabalar tomonidan topshiriladigan nazorat yoki kurs ishlarining soni va shakli kabilarni belgilash uchun o‘qituvchiga erkinlik berilgan. Universitet rahbariyati har bir fan o‘z spetsifikasiga egaligini, hamma fanni bir xil qolipga tushirish mantiqsizlik ekanini tushunadi, qolaversa, o‘qituvchini o‘z fanining “egasi”, fanni talabalarga yetkazishning optimal yo‘llarini belgilashga aqli yetadigan mutaxassis sifatida hurmat qiladi;
— o‘qituvchi ilmiy ish bilan shug‘ullanishi, darsiga puxta tayyorlanishi uchun kerakli vosita va jihozlar bilan ta’minlanadi: tinch, har daqiqada talabalar yoki hamkasblar kirib-chiqib diqqatini bo‘lmaydigan xona, stol-stul, internetga ulangan kompyuter, o‘z sohasidagi zamonaviy ilmiy jurnallar va adabiyotlarni o‘qish imkoni. Muttasil arining uyasiday “g‘o‘ng‘illab turadigan”, bor-yo‘g‘i bitta kompyuteri bor, u ham muttasil “tepa”dan tushayotgan “topshiriq”lardan ortmaydigan “kafedra” atalmish xonalarda haqiqiy ilm bilan shug‘ullanish, darsga normal tayyorlanish imkonsizligiga universitet rahbariyatining aqli yetadi;
— o‘qituvchi talaba bilan ishlashi uchun imkon yaratiladi. Talabada fan bo‘yicha savol yoki muammo tug‘ilsa, o‘qituvchini qayerda va qachon topish mumkinligini biladi — o‘qituvchining talabalarni qabul qiladigan vaqti (“office hours” deyiladi) va joyi belgilab qo‘yilgan bo‘ladi. O‘qituvchi o‘zi dars beradigan talabalar bilan elektron tizim orqali muloqot qilishi, ularga kerakli materiallarni berishi mumkin. Talaba yozgan nazorat yoki kurs ishini elektron tizim — plagiatda tekshirib bo‘lgandan keyin o‘qituvchi belgilangan mezonlar asosida batafsil ko‘rib chiqishi, talabaning ishidagi yutuq va kamchiliklarni ko‘rsatgan holda batafsil javob (“feedback”) yozishi, bu javob talabaning kelgusi o‘qishi va ishida haqiqatan foydali bo‘lishi uchun yetarlicha vaqt ajratiladi. Hech kim “bugun 100 kishilik potokdan olingan oraliq va yakuniy nazoratlarni uzog‘i bilan ikki kunda baholab berish” vazifasini qo‘ymaydi;
— o‘qituvchi darsni samarali o‘tishi uchun universitetning alohida texnik shtati barcha vositalarni tayyorlab qo‘yadi. O‘qituvchi talabalarga darsda tarqatma material bermoqchi bo‘lsa, printer qidirib hammaga yalinmaydi yoki ko‘chaga chiqib o‘z hisobidan chop ettirmaydi — har bir universitetda o‘qituvchiga kerakli materialni zarur hajmda ko‘paytirib, tayyorlab beradigan maxsus xizmat mavjud. O‘qituvchi darsda texnik vositalardan foydalanmoqchi bo‘lsa, qidirib yurmaydi — har bir auditoriyada faqat “komissiya” kelsa yoki “tadbir” bo‘lsa foydalaniladigan emas, haqiqatan ishlashga shay, sozlangan kompyuter, proyektor va ovoz kuchaytirgich moslamalar turadi. Darsni boshlash oldidan “har ehtimolga qarshi” qulflangan auditoriyani ochish uchun kalit qidirish haqidaku, gap bo‘lishi mumkin emas;
— o‘qituvchi ta’lim sifati uchun xizmat qilmaydigan har xil qog‘ozbozlik, rejabozlik va hisobotbozliklarga jalb qilinmaydi. O‘quv jarayoni uchun real foydasi tegmaydigan, faqat javonlar ko‘rki va komissiyalar uchun kerak bo‘ladigan o‘quv-uslubiy majmualar — “UMK”lar, har xil “papka” — yig‘majildlar tayyorlamaydi. Darhaqiqat, semestr boshlanishiga o‘n-o‘n besh kun qolganda tayyorlanadigan, ichiga fan dasturi-yu, talablardan tortib ma’ruza matnlari va glossariylar, seminar savollari, kurs ishlari mavzulari va test topshiriqlari, ko‘rgazmali qurollar, yangi talab bo‘yicha videomateriallargacha o‘z ichiga olishi kerak bo‘lgan “UMK”ni sifatli, talabaga amalda foydasi tegadigan qilib tayyorlash uchun bir necha oylab vaqt kerak emasmi? Odatda o‘qituvchi bu yil qaysi fanlardan dars berishi o‘quv yili boshlanishiga oz qolganda aniq bo‘lsa, o‘quv dasturlari va rejalari muttasil o‘zgarib borsa, qisqa vaqt ichida bunday katta ishni sifatli tayyorlash imkonsiz ekan, semestr boshida talaba qo‘liga beriladigan fan dasturini (sillabus) mukammal tayyorlab, semestr davomida talabalarga fanni o‘zlashtirishda yordam berib borgani ma’qul emasmi?! Nufuzli reytinglardan joy olgan OTMlarda o‘qituvchiga “vazirlikka hisobot (jadval, reja) to‘ldirib berish kerak ekan”, “falon konsepsiya (qaror, farmon) ijrosi uchun reja so‘ralyapti, muddati shu kun ekan” deyilmaydi. Biror yangi qaror yoki tashabbus chiqsa, shu bo‘yicha “jadal ishlar” olib borilayotganini hukumatga “ko‘z-ko‘z qilish” uchun zo‘r berib hisobotlar tayyorlashga, bu unga dalil sifatida rasmlarni “tirkash”ga majburlanmaydi. Talaba yashaydigan joyga “razvedka”ga borib, talabaning shaxsiy hayotiga aralashishga, yana bu vazifani bajarganining isboti sifatida rasmlarga tushishga majburlanmaydi. O‘zi yoki talabasining har bir qadami uchun qonunchilikda ko‘zda tutilmagan “tilxatlar” yozishga majburlanmaydi. (Xorijiy OTMlarda talabada biron muammo tug‘ilsa professional darajada yordam, maslahat, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga qodir maxsus bo‘linmalar mavjud.) Har xil “sifat komissiya”lari o‘qituvchi darsga kirib, aslida darsiga emas, qog‘ozlarning joyida yoki joyida emasligiga baho bermaydi. Chunki universitet rahbariyati bularning hammasi o‘qituvchining vaqti va quvvatini olishini, asabbuzarliklarga olib kelishini, dars berish va ilmiy izlanishlar olib borish sifatiga salbiy ta’sir qilishini juda yaxshi tushunadi. Xalqaro maydonda universitet nufuzini oshiradigan o‘qitish sifati va ilm-fanga qo‘shayotgan yangiligi bo‘lmasa, qog‘ozda chiroyli konsepsiya-yu rejalar, hisobot-u jadvallar, “tadbir”larda olingan chiroyli-chiroyli fotosuratlarning qiymati bir tiyin ekanligini ham universitet rahbariyati juda yaxshi biladi;
— o‘qituvchi darsi bo‘lsa-bo‘lmasa uzzukun universitetda yurishga, ertalabdan kelib olib kechqurun ketishga, soatlab samarasiz majlis va tadbirlarda qatnashishga, qachon kelgani-yu qachon ketganini daqiqama-daqiqa har xil jurnallarga qayd qilib borishga majburlanmaydi. Rahbariyat kimning bunday talablarga itoat qilayotgani-yu itoat qilmayotganini “vaqti-soati kelganda hisob-kitob qilish”, lozim bo‘lsa, dars soatlarini olib qo‘yish yoki boshqa yo‘l bilan “o‘zidan ketgan o‘qituvchini” “jilovlab olish” maqsadida “temir daftarlar”ga qayd qilib bormaydi. O‘qituvchining shaxsiy hayoti, oilasi borligi, qolaversa, dam olishi ham kerakligi inobatga olinadi. Universitet uchun muhimi o‘qituvchining o‘z vazifasi — fanni o‘qitish va ilmiy tadqiqotlar olib borish sifatini ta’minlashidir. Buning uchun esa universitet, o‘z navbatida, kerakli sharoitni ta’minlaydi. Aks holda o‘qituvchidan sifatli dars va samarali ilmiy ish talab qila olmasligini, bunga ma’naviy haqqi yo‘qligini universitet tushunadi.
Hurmatli Vazir!
Yuqorida keltirilgan farqlar — aslida, sifatli oliy ta’lim yo‘lidagi g‘ovdir. Jahon banki tomonidan 2014-yili tayyorlangan hisobotda (“ Uzbekistan : Modernizing Tertiary Education”, World Bank Report №88606-UZ, June 2014) “O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi tayyorlayotgan mutaxassislar sifati, bu mutaxassislar ko‘nikmalarining qay darajada foydaliligi xavotirga molik” degan xulosaga kelinganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Muharrirlari dadilroq bo‘lgan ayrim bosma va elektron ommaviy axborot vositalaridagi maqolalarni, ijtimoiy tarmoqlardagi bahslarni kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, hisobot chiqqan davrdan beri aynan sifat borasida ko‘p narsa o‘zgarmaganligining guvohi bo‘lasiz. Yana bir jihatga e’tiboringizni qaratishni istardim: yuqorida ko‘tarilgan muammolar biror-bir konkret universitet faoliyatidan shikoyat sifatida tushunilmasligi kerak. Bu kamchiliklar istalgan milliy oliy ta’lim muassasasi faoliyatida u yoki bu darajada ko‘rinadi, chunki bu OTMlar yagona tizimning bir bo‘lagi, muammolar esa tizimli muammolardir.
Hurmatli Vazir!
Umid qilamanki, murojaatimga shunchaki qonunda belgilangan muddat ichida “javob” yuborib esdan chiqarsa bo‘ladigan murojaat sifatida qaramaysiz. (Bundan oldin ham vazirlikdan yetarlicha “otpiska”lar olganman, faqat ulardan hech qanday samara-naf bo‘lmagan.) Davlatimiz rahbari tomonidan oliy ta’lim tizimini boshqarish va rivojlantirishga mas’ul etib tayinlangan, shu vazifasi uchun O‘zbekiston soliq to‘lovchilari to‘layotgan soliqlar hisobidan maosh olayotgan davlat xizmatchisi sifatida, qolaversa, shu yurtning intellektual potensiali, kelajagiga befarq bo‘lmagan inson sifatida “Bunday tizim O‘zbekiston OTMlariga xalqaro reytinglardan joy olishga zamin yaratib bera oladimi? Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashga bo‘lgan bunday yondashuv bilan o‘z sohasida innovatsiya yarata oladigan, O‘zbekston kelajagini barpo qiladigan kadrlarni yetishtirish mumkinmi?” degan savolni o‘ylab ko‘rasiz, degan umiddaman.
Hurmat bilan,
Komil JALILOV,
“Fulbright” (2007) va “Chevening” (2018) xalqaro dasturlari stipendianti, Kolumbiya Universiteti (Nyu-York, AQSh), “Pedagogik psixologiya va til o‘qitish metodikasi” dasturi bitiruvchisi (2007), Vestminster Universiteti (Buyuk Britaniya) “O‘rganish va o‘qitish nazariyasi va amaliyoti” oliy ta’limdan keyingi dasturi bitiruvchisi (2013), London Universiteti Kolleji (Buyuk Britaniya) “O‘quv dasturlari yaratish, pedagogika va ta’limda baholash” mutaxassisligi magistri (2018)