O‘zbek tilida tahsil olgan abituriyent rus tili guruhiga hujjat topshira oladimi?
— Ha, topshira oladi. Ko‘pchilik abituriyentlarni qiziqtiradigan savollardan yana biri o‘rta yoki o‘rta maxsus ta’limni o‘zbek (yoki rus) tilida olgan abituriyent OTMning rus (yoki o‘zbek) tili guruhiga hujjat topshira oladimi yoki yo‘qmi, degan savoldir.
Sababi, ba’zi OTM qabul komissiyalarida abituriyentlar OTMgacha o‘qigan tilda hujjat topshirishi mumkinligi, tilni o‘zgartirishga haqqi yo‘qligi ta’kidlanadi. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan O‘zbekistonda test sinovlari uch tilda — o‘zbek, rus tillarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi oliy ta’lim muassasalarida qoraqalpoq tilida o‘tkaziladi.
Nizomda o‘zbek (yoki rus) tillarida o‘qigan abituriyent OTMning rus (yoki o‘zbek) tilidagi yo‘nalishiga hujjat topshira olmasligi haqida birorta taqiq yo‘q.
Demak, bundan xulosa qilish mumkinki, o‘zbek tilida tahsil olgan abituriyent bemalol rus tilida test sinovlari topshira oladi. Qabul komissiyasi buni rad qilishga yoki “Qani, ruschani bilasanmi o‘zi?”, deya qandaydir birlamchi sinovdan o‘tkazishga haqli emas.
Xushnudbek Xudoyberdiyev, huquqshunos