“Abituriyent haq bo‘lib chiqsa…”
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning III bobi apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan.
Uning 53-bandida esa “Test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar… apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega”, deb yozilgan.
Afsuski, to‘qqiz banddan iborat bu bobning biror joyida ham “abituriyent haq bo‘lib chiqsa”, nima qilishi haqida hech narsa yozilmagan. Boshqacha aytganda, ushbu Nizomda “apellyatsiya da’vogar foydasiga hal qilinishi” istisno qilingan. Nahotki test topshiriqlari shunchalar mukammal tuzilgan-u, unda biror xatolik yoki kamchilik bo‘lmasa?!
DTMning o‘tgan yilgi axborotnomasida chop etilgan fizika fani topshiriqlarining beshdan birida turli darajadagi xatoliklar mavjudligi haqida @yangifizika “Telegram” kanalimiz orqali DTM rahbariga yo‘llangan ochiq xatda batafsil yozgan edik. Boshqa fanlardan ham test topshiriqlari orasida shunga o‘xshash xatoliklar bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas. Unda nega abituriyentlar o‘z haq-huquqlarini talab qila olmaydi?
Chunki yuqoridagi Nizomning III bobida bunga o‘rin qoldirilmagan. Jumladan, 56-bandda “Apellyatsiya shikoyati ko‘rilayotgan abituriyentga uning javoblar varaqasi nusxasi, test topshiriqlari noto‘g‘ri bajarilgan javoblar ro‘yxati hamda test sinovlarida abituriyentga taqdim etilgan test topshiriqlari kitobi beriladi”, deb keltirilgan. Demak, abituriyent apellyatsiyaga kirguncha qaysi savollarga to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri javob berganini bilmaydi va shu joyda, shu zahotiyoq “javoblarini yozma ravishda bayon” qilishi kerak. 90 ta savolga qaysi javoblarni belgilaganini eslab qolish uchun fenomenal xotira kerak. Qaysi savollarga noto‘g‘ri javob berganligini oldindan bilishning iloji bo‘lmasa, nimani yozadi? Axir apellyatsiya qayta imtihon topshirish emas-ku?!
Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Bordi-yu, topshiriqlar test tuzish qoidalariga amal qilinmay, grammatik yoki ilmiy xatoliklarga yo‘l qo‘yilib, o‘quv dasturlarida bo‘lmagan, fan kodifikatoriga kirmagan mavzular bo‘yicha tuzilgan, aslida to‘g‘ri javob sifatida noto‘g‘ri javob kiritilgan bo‘lsa-chi? Bu holda abituriyent boshqalarning xatosi uchun jabrlanadi! Chunki aynan shu xatolar noto‘g‘ri javob belgilashga sabab bo‘ladi.
Shuning uchun ham, abituriyentga “topshiriqlar kitobining nusxasi”dan o‘z xatolarini o‘rganishi, nima sababdan shunday xatolarga yo‘l qo‘ygani va berilgan topshiriqlar ular o‘qigan dasturga mosligini aniqlash uchun 24 soatgacha vaqt berilishi kerak. Bu vaqt davomida u manbalar bilan ishlaydi, ustozlari bilan maslahatlashadi. Maslahatchisi akademik bo‘lsa ham uning noto‘g‘ri javobini to‘g‘rilab qo‘yolmaydi. Aksincha, unga yo‘l qo‘ygan xatolarini batafsil tushuntiradi. So‘ng tegishli material hamda ma’lumotga ega bo‘lgan abituriyent komissiyaga haqligini isbotlay oladi. Bu o‘z navbatida test topshiriqlarini tuzuvchilarga qo‘shimcha mas’uliyat yuklab, bexato ishlashlarini taqozo qiladi.
Qonunchilikdagi eng yomon xato aybsizning ayblanishidir. Shuning uchun ham apellyatsiya abituriyentni o‘zi sababchi bo‘lmagan xatoliklar uchun jabrlanishdan himoya qilmog‘i lozim.
Nizomning 56-bandi ikkinchi xatboshidagi “Taqdim etilgan hujjatlar asosida abituriyent o‘zining har bir noto‘g‘ri deb hisoblangan test topshirig‘iga javoblarini yozma ravishda bayon qiladi va qabul qilib olgan barcha test materiallari bilan birga apellyatsiya komissiyasiga taqdim etadi” jumlasi o‘rniga “Agar abituriyent 24 soat davomida noto‘g‘ri javoblar bo‘yicha hisobotini taqdim etmasa, u o‘z xatolarini tan olgan hisoblanadi”, deb yozishni taklif qilaman.
Nizomning 57-bandiga “Agar abituriyent topshiriqlar javoblarida xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligini isbotlasa, unga shu fan bo‘yicha har bir topshiriq uchun to‘g‘ri javobga berilganiga teng ball qo‘shib berish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi va bu ballar abituriyentning umumiy ballariga qo‘shish uchun davlat komissiyasiga taqdim etiladi” mazmunidagi qo‘shimcha kiritilishi kerak.
Davlat test markazi mutasaddilari ushbu maqolada bildirilgan fikrlarga e’tibor qaratadi va takliflarimiz ularni befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz. Chunki bu takliflar o‘n minglab abituriyentlarning taqdiriga daxldordir.
Abduqahhor G‘ANIYEV