Ijodiy imtihonda kasbiy layoqat aniqlanadi
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2019-yil 4-iyuldagi 1-sonli bayoniga muvofiq, 2019-2020-o‘quv yili uchun tasdiqlangan 122 ta ta’lim yo‘nalishida qabul test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali amalga oshirilyapti.
Ayni kunlarda 85 ming nafarga yaqin yigit-qiz kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakllarida alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarda ishtirok etmoqda. 2019-yilning 25-iyulidan 10-avgustiga qadar test sinovlarisiz ijodiy imtihonlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida ham ijodiy imtihonlar ayni qizg‘in pallada.
— Muzeyshunoslik ta’lim yo‘nalishida abituriyentlar ijodiy imtihondan tashqari test sinovlaridan ham o‘tishadi, — deydi qabul komissiyasi a’zosi Anvar Temirov. — Masalan, yangi tashkil etilgan menejment (sohalar bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishida barcha fanlardan test bo‘lib o‘tadi. Mutlaq ijodiy imtihonlar esa 25-iyuldan 2-avgustga qadar davom etdi.
2019-2020-o‘quv yilida 27 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 471 ta (90 ta davlat granti, 381 ta to‘lov-kontrakt asosida) kvota ajratilgan. Shuningdek, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 1 526 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Ulardan 39 nafari turli tanlovlar g‘oliblari sifatida davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan. Bundan tashqari, magistratura mutaxassisliklariga 48 ta (14 ta davlat granti, 34 ta to‘lov-kontrakt asosida) kvota ajratilgan.
— Kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan fanlar bo‘yicha sinov dasturlari va har bir fan xususiyatini hisobga olgan holda baholash mezonlari, shuningdek, tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos keluvchi fanlar majmuasi OTMlar tomonidan ishlab chiqilgan, — deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati xodimi Bahriddin Shayvaliyev. — Ijodiy imtihonlarning adolatli va shaffof o‘tishi hamda baholanishi uchun imtihon bo‘ladigan barcha auditoriyalar, sport zallari va maydonlarga kuzatuv kameralari o‘rnatilib, ota-onalarga jarayonlarni bevosita kuzatish imkoniyati yaratilgan. Bundan tashqari, imtihonni jamoatchilik nazorati ostida shaffof va oshkora o‘tkazish maqsadida jarayonga ota-onalar, tuman (shahar) xalq deputatlari, davlat va nodavlat tashkilotlari mutaxassislari ham taklif qilingan.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha ijodiy imtihonlar uch kun mobaynida o‘tkaziladi. Masalan, birinchi kuni abituriyent faqat qalam bilan ishlasa, ikkinchi kuni rangtasvirda, uchinchi kuni esa xohlagan o‘quv quroli bilan mahoratini namoyish qiladi. Har kunlik imtihon 6-7 soat davom etadi. Bunday holatlarda, albatta, barcha xavfsizlik choralari ko‘rilishi va abituriyentlarning xatti-harakatlaridan guruh nazoratchilari doim boxabar bo‘lib turishi kerak. Shuningdek, tashqarida farzandlarini olti soatlab kutib o‘tiradigan ota-onalar uchun ham qulay sharoit bo‘lishi lozim.
Abituriyentlarning ijodiy ishlarini baholash quyidagi tartibda amalga oshiriladi: chizmatasvir, rangtasvir hamda kompozitsiya bo‘yicha bajarilgan har bir ish 10 ta mezon asosida baholanadi. Bu mezonlar asosida sinov o‘tkazuvchi komissiya a’zolari bajarilgan ishning hajmi va sifatiga qarab chizmatasvir fani bo‘yicha 63, rangtasvir fani bo‘yicha 30, kompozitsiya uchun 93 ball berishi belgilangan. Har bir fan bo‘yicha sinov o‘tkazuvchi komissiya a’zolari 3 nafar bo‘ladi va ular (mutaxassislik) kafedralari professor-o‘qituvchilar tarkibidan tanlanadi.
— Bugun birinchi kun bo‘lgani uchun biroz hayajonlanyapmiz, lekin ikkinchi-uchinchi kunlarga borib hayajonimiz ancha kamaysa kerak, — deydi abituriyent Laylo Aliyeva. — Bugun chizmatasvir bo‘yicha rasm chizarkanmiz. Chizmatasvir va rangtasvirdan ko‘nglim to‘q, ammo uchinchi kuni bo‘lib o‘tadigan kompozitsiya chizishdan biroz cho‘chib turibman. Eng asosiysi va eng yuqori ball ham aynan kompozitsiyani qanchalik mahorat bilan chizganimizga qarab qo‘yilarkan.
Nafaqat rassomlik, balki alohida iqtidor talab etiladigan yana bir qancha sohalar bor. Masalan, savodxonlikni tekshirish uchun ijodiy imtihon olinadigan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida joriy yilgi qabulda o‘zbek tili va adabiyoti, filologiya tillarni o‘qitish: o‘zbek tili kunduzgi ta’lim yo‘nalishlarida hamda o‘zbek tili va adabiyoti sirtqi ta’lim yo‘nalishida ijodiy imtihon sifatida abituriyentlardan diktant olindi.
— Ba’zi shunday yo‘nalishlar bor, ularda ham ijodiy imtihon topshiriladi, ham test sinovlari yoki umuman test sinovlarisiz faqat ijodiy sinov o‘tkaziladi, — deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qabul komissiyasi mas’ul kotibi Jo‘ra Xudoyberdiyev. — Masalan, bizda diktant yozgan abituriyentlar barcha test bloklaridagi sinovlarni ham topshirishadi. Ayniqsa, bizning soha uchun savodxonligi yuqori bo‘lmagan abituriyentni faqat test orqali qabul qilish noto‘g‘ri. Chunki bu universitetga so‘zni tushungan, uni his qila olgan va ijodsiz hayotini tasavvur qila olmaydigan yigit-qizlar hujjat topshiradi. Adashib, tavakkal topshirgan abituriyentlar ijodiy imtihondan so‘ng bilinib qoladi.
Test sinovlarisiz ijodiy imtihonlar shu yilning 25-iyulidan 10-avgustiga qadar o‘tkaziladi. Test sinovlarida ham qatnashadigan abituriyentlarning ijodiy imtihonlari esa davlat test imtihonlari boshlangunga qadar yakunlanishi kerak.
Fayoza AVLAYEVA