OTMlar reytingi asl holatni ko‘rsatib berolganmi?
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan mamlakatimizdagi 57 ta oliy ta’lim muassasasining reytingi e’lon qilindi. Reyting boshida har doimgidek O‘zbekiston Milliy universiteti turgan bo‘lsa, ro‘yxatni Jizzax davlat pedagogika instituti yakunlab bergan. Reytingdan yurtimizdagi xalqaro universitetlarning filiallari joy olmagan.
O‘zbekiston OTMlari reytingiga nazar tashlar ekanman, meni, avvalo, ushbu reytingni shakllantirishda foydalanilgan baholash metodikasi qiziqtirdi. Shu o‘rinda tashkilotchilarga o‘zlarining saytlarini juda chiroyli, sodda, izlagan ma’lumotni oson topib oladigan qilib tashkillashtirib qo‘yishgani uchun tashakkurlarimni bildirib o‘taman. Reyting metodikasiga keladigan bo‘lsak, OTMlar reytingi uchta yo‘nalishga bo‘lingan holda aniqlangan:
1) professor-o‘qituvchilarning ilmiy faoliyati — 40 ball;
2) o‘quv-metodik ishlar va o‘qitish sifati — 30 ball;
3) talabalarning bilimi va bitiruvchilar sifati — 30 ball.
Metodika yo‘nalishidagi ayrim holatlarga o‘zimning munosabatimni bildirib o‘tsam:
1) Professor-o‘qituvchilarning ilmiy faoliyati.
• Mezonda OTM professor-o‘qituvchilarining bilim darajasini baholash degan bandda ushbu yo‘nalishga 4 ball ajratilgan, shundan ikki bali xorijiy tillarni bilish, qolgan ikki bali esa AKTni bilish uchun. Professor-o‘qituvchining o‘z fani bo‘yicha bilimi-chi? Aksariyat OTMlardagi mutaxassislik fanlaridan kiradigan professor-o‘qituvchining bilim darajasi haminqadar bo‘lib yotibdi-ku, uni hisobga olish kerak emasmidi?
• Ilmiy tadqiqot ishlarining samaradorligi degan bandda umumiy 4 ball ajratilgan bo‘lib, shundan 2 bali chop etilgan monografiyalar, 1 bali ixtiro, foydali model, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari uchun olingan patentlar, qolgan 1 bali esa AKTga oid dasturlar, elektron ma’lumotlar bazasi uchun olingan guvohnomalar, mualliflik huquqi bilan himoya qilingan materiallar uchun. Ushbu band reyting tizimidagi eng no‘noq tuzilgan band bo‘libdi. Sababi birinchidan, ilmiy tadqiqot ishining samaradorligi monografiya bilan belgilanmaydi, ilmiy maqolalar bilan belgilansa, tushunsa bo‘lar edi, vaholanki, maqolalar uchun alohida ball ajratilgan. Qolaversa, keyingi ikkita kichik bandlarni har bir OTMga nisbatan tatbiq etib bo‘lmaydi. Masalan, AKTga oid dasturlarni O‘zbekiston davlat konservatoriyasi qanday ishlab chiqadi yoki Nukus davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari sanoatga oid qanday ixtiro qila oladi? Xullas, reytingning ushbu qismi ancha xom, buni soha mutaxassislari bilan yaxshilab kelishgan holda shakllantirish kerak.
• Professor-o‘qituvchining ilmiy salohiyati uchun 3 ball ajratilgani holda, alohida bandda dunyoning nufuzli 1000 taligiga kirgan OTMlarda daraja olgan professor-o‘qituvchilar uchun ham 3 ball ajratilgan. Bu yerda bir o‘qituvchi ikki bandga tushgan holda baholanmoqda. Reyting nuqtayi nazaridan bu to‘g‘ri emas. Eng to‘g‘ri yo‘l: umumiy salohiyat uchun ajratilgan ballning qanchadir miqdorini xorijda ilmiy daraja olganlar uchun ajratish kerak edi.
2) O‘quv-metodik ishlar va o‘qitish sifati.
• OTMlarda ta’lim berish sifati darajasi va ijtimoiy-ma’naviy muhit degan bandga jami 7 ball ajratilgan.
Shundan 2 bali ta’lim olish uchun yaratilgan sharoitlar — meni eng hayratlantirgan joyi mana shu band bo‘ldi. To‘liq davlat tomonidan ta’minlanadigan OTMlarning ta’lim uchun yaratilgan shart-sharoitini qanday qilib baholash mumkin? O‘zbekistondagi men biladigan aksariyat universitetlarda
laboratoriya xonalari shu darajada xarobki, bu dargohni OTM deyishga til bormaydi. Mavjud asbob-uskunalarning aksariyati (barchasi desa ham bo‘ladi) eskirib ketganidan ularni ishlatib bo‘lmaydi. Universitet o‘z holicha o‘zining ta’lim berish uchun sharoitini ta’minlay olmaydi-ku, qaysi mantiq bilan uni baholash mumkin? Avval OTMlarni barcha o‘qitish jihozlari bilan ta’minlab qo‘yib, undan keyin ana shu imkoniyatlardan ta’limda foydalanilayotgani baholansa, ayni O‘zbekiston holati uchun adolatli bo‘lar edi.
• 2 ball darslarning sifati uchun ajratilgan. Bu sifatni kim belgilaydi? So‘rovnomada qatnashgan talabalar belgilar ekan! Bunisi endi kamchilik emas, professional xato! Qanday qilib akademik darajaga ega bo‘lmagan talaba professor-o‘qituvchining dars sifatini baholashi mumkin? Masalan, men “Kladistik va evolutsion taksonomiya” mavzusida bergan darsimni biologiya yo‘nalishida o‘qiyotgan talaba qanday baholashi mumkin?
Mening mavzuga oid eng so‘nggi materiallar berayotganimni, ilmiy nuqtayi nazardan talabaga eng kerakli qismini o‘rgatayotganimni talaba qanday qilib ajrata oladi? Yoki dars sifati deyilganda talabalarning davomati, formada kelishlari, o‘qituvchining darsga umuman aloqasi bo‘lmagan bir dunyo qog‘ozlarining mavjudligi, darsda kerak bo‘lsa-bo‘lmasa, turli interfaol metodlarni qo‘llashi tushuniladimi? Aslida, darslarning ilmiylik sifatini o‘sha soha bo‘yicha professional mutaxassis baholasa, darsning tashkiliy, samaradorlik sifatini talaba mavzuni o‘zlashtira olishi, o‘rganayotganlarini amalda qo‘llay bilishi kabi mezonlar asosida baholash lozim.
• 1 ball talabalar bilimini xolisona baholash uchun yaxshi mezon, lekin bahoni talabalar beradi. Mantiqan yanglish yo‘l. Chunki biror fandan past baho olgan talaba professor-o‘qituvchi meni adolatli baholadi yoki turli korrupsion yo‘llar bilan yuqori baho olgan talaba professor-o‘qituvchi meni adolatsiz baholadi, deyishiga ishonmayman.
• 2 ball OTMdagi ijtimoiy-ma’naviy muhit uchun. Reyting tuzuvchilar buni qanday aniqlamoqchi ekanligiga hayronman! Ma’naviyat soatlari o‘tilishi, mahallada tadbir qilinayotganligi, majlislarda tushirilgan rasmlar bilan aniqlashmoqchimi? Xullas, mana shu band eng noprofessional band bo‘libdi.
• Hisobot yilida OTM professor-o‘qituvchisi tomonidan yozib tayyorlangan darslik va o‘quv qo‘llanmalari uchun 8 ball ajratilgan. Shundan 6 ball darsliklar, 2 ball o‘quv qo‘llanmalari uchun. Bir qarashda normal, lekin bu real baholashdan biroz uzoq mezon. Boisi darslik yozish uchun muallif ham sohasining professional mutaxassisi, ham pedagog, ham akademik yozish qobiliyatiga ega kadr bo‘lishi kerak. Qolaversa, darsliklar har yili yozilaverilmaydi. Albatta, bu o‘rinda gap sifatli darsliklar haqida ketmoqda. Shu bois hisobot yilida emas, balki so‘nggi besh yillikda chop etilgan darsliklarni hisobga olish bu o‘rinda to‘g‘ri bo‘ladi.
3) Talabalarning bilimi va bitiruvchilar sifati.
• Ushbu yo‘nalishdagi bandlarning deyarli barchasi e’tirozga loyiq. Jumladan, 9 ball talabaning bilim darajasi uchun ajratilgan. Bu nazorat ishlari orqali aniqlanadi, deyilgan. Naqadar eskirgan va o‘zini umuman oqlamaydigan uslub! Talabaning bilimi ushbu bilimni qay darajada ishlata olishi, hosil qilgan ko‘nikmasi bilan baholanishi kerak emasmi? Bitiruvchilarning ishga joylashish darajasi ham 9 ballik sistemada
baholangan. Endi bu alohida mavzu. Bizning OTMlar bitiruvchilari qanday qilib ishga joylanishini hammamiz juda yaxshi bilamiz. Talaba bitirmasdan oldin istagan muhri bor har qanday joydan shartnoma qog‘oziga muhr bostirib kelsa, kifoya, ish bilan ta’minlangan hisoblanadi. Mana shu holat ta’lim tizimining eng og‘riqli qismidir. Bu borada ham xalqaro tajribaga e’tibor qaratish kerak, albatta.
Xulosa
Fikrimcha, reyting tuzishning metodik mezonlari ancha bo‘sh tayyorlangan. Ularda nimalar aks etishi kerak edi, aslida? Avvalo, OTMda tayyorlanib chiqarilayotgan kadrlarga real bozordagi talab baholanishi lozim edi. Boisi ko‘plab bitiruvchilarimiz o‘z sohasi bo‘yicha
yashash joyidan ish topishga qiynaladi. Yoki ayrim yo‘nalishlarning hozirgi vaqtda umuman keragi yo‘q. Masalan, Farg‘ona davlat universtetida agronomiya (anorchilik) degan bakalavr yo‘nalishi mavjud. Ushbu yo‘nalishda to‘rt yil o‘qigan talaba anorchilik bo‘yicha oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lib yetishadi. Nima deb o‘ylaysiz, bu qay darajada bozorbop kadr? Umuman, anorchilikni o‘rganish uchun to‘rt yil umrni sarflash arziydimi? Bu yo‘nalishni bitirgan kadrlar qayerda ishlaydi?
Talabalarni o‘qitishda mutaxassislik fanlarining salmog‘i ham alohida baholanishi lozim edi. Boisi bizda nomutaxassis fanlarga haddan ortiq ko‘p vaqt ajratiladi va natijada kadrlar o‘zi bilishi kerak bo‘lgan sohalar qolib, boshqa narsalarni o‘rganishga ko‘p vaqt sarflaydi.
Eng muhimi, dars jarayonlarini tashkil etishda, fanlarni o‘qitishda asos bo‘ladigan o‘quv, namunaviy dasturlarning hozirgi real hayotga qay darajada mosligi umuman baholashga kiritilmagan. Aslida, bu eng asosiy mezon bo‘lishi shart edi. Birgina misol keltirib o‘taman, masalan, bizning biologiya yo‘nalishida o‘qitiladigan fanlarda 40—50 yil oldingi ma’lumotlar, ancha eskirgan biologik o‘rganish usullari o‘rgatiladi. Bioinformatika, genomika, biomuhandislik, epigenetika kabi ayni vaqtdagi eng dolzarb biologik fanlar o‘qitilmaydi. O‘qitilsa ham, u yerda hech qanday yangi bir narsa o‘rganishning imkoni yo‘q, sababi bunaqa fanlarni o‘qita oladigan mutaxassislarimizning o‘zi yo‘q. Yoki informatika yo‘nalishlarida hali-hanuz Delphi dasturlash tili o‘qitiladi, bu kimga kerak, qayerda ishlatiladi hozir, degan savollarga esa javob topib bo‘lmaydi.
Reytingdagi mantiqsizliklardan misollar:
Umumiy reytingga e’tibor beradigan bo‘lsangiz, birinchi o‘rinda turgan O‘zbekiston Milliy universitetining umumiy bali 100 ballik tizimda 69,02 ni tashkil etadi. Bu degani, mamlakatning eng oldi universitetidagi holat qoniqarli, ya’ni uch bahoga arziydigan darajada. Hattoki yaxshi emas, a’lo darajadagi OTM esa bizda umuman yo‘q! Ushbu noprofessional reytingning o‘ziyoq bizdagi OTMlarning jahon standartlariga naqadar javob bera olmasligini ko‘rsatib turibdi.
Yana bir jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Farg‘ona davlat universiteti (FarDU) reytingda 46-o‘rinni egallagan (men shu OTMda o‘qiganman, keyinchalik ishlaganman). FarDUda xorijiy tilda o‘qitiladigan kurslar soni 0 ta deb ko‘rsatilgan. Vaholanki, o‘tgan hisobot yilida OTMda 18 nafar xorijlik professor-o‘qituvchi dars berib ketishgan. Buni qanday tushunish mumkin? Xorijiy universitetlardan kelgan o‘qituvchilar o‘zbekcha dars o‘tib ketishganmi? Agar OTMda xorijiy tilda o‘qitiladigan birorta kurs tashkil etilmagan bo‘lsa, xorijiy mutaxassisni jalb qilishdan qay darajada foyda bor? Nega bu narsa reyting baholash tizimida aks etmagan?
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mamlakat OTMlari reytingini shakllantirish juda ijobiy holat, buni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kerak. Shu bilan birga, jarayonni tashkil etishdagi kamchiliklarni, noprofessional jihatlarni vaqt o‘tishi bilan bartaraf etib borish yo‘llarini izlash lozim.
Baxtiyor SHERALIYEV,
Xitoy Xalq Respublikasi Chongqing shahridagi Janubi-g‘arbiy universitet doktoranti