Malaka oshirish tizimida yangilanish va o‘zgarishlar
Ta’lim muassasalarida sog‘lom muhit yaratish, o‘quvchilarning sifatli bilim olishini ta’minlash pedagoglar va shu jamoaning rahbariga bog‘liq. Ayni davrda rahbar kadrlarning boshqaruv tizimiga xos innovatsion shakllarni bilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimizning 2019-yil 29-apreldagi farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi sohada amalga oshiriladigan islohotlarning yo‘nalishini belgilab berdi. Xalq ta’limi vazirligi rahbarligida sohada faoliyat ko‘rsatuvchi barcha ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlar o‘zlariga belgilangan vazifalardan kelib chiqib, yo‘l xaritalarini tuzib oldilar.
Ta’lim menejmenti
A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti zimmasiga xalq ta’limi muassasalari pedagog, rahbar hamda mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida o‘quv-metodik va ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan. Har qanday faoliyat ilmiy jihatdan asoslashni talab qilishini e’tiborga olgan holda institutda qayta tayyorlash va malaka oshirish, shuningdek, ta’limni boshqarish yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Pedagogika bo‘yicha “Ta’lim menejmenti” yo‘nalishida doktorantura hamda “Ta’lim menejmenti” ixtisosligi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalari himoyasini o‘tkazuvchi Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatmoqda. Xalq ta’limi muassasalari rahbar xodimlarining uch yilda kamida bir marta malaka oshirishi belgilab qo‘yilgan. Shuning uchun ham institutda har yili o‘n mingga yaqin maktab va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari direktorlari, shuningdek, hududiy xalq ta’limini boshqarish organlarining rahbar va mutaxassis xodimlari malaka oshiradi. Bundan tashqari, maktablar ehtiyojidan kelib chiqqan holda, buyurtmaga binoan mingdan ortiq o‘qituvchi qayta tayyorlovdan o‘tkaziladi.
— Ayni davr o‘qituvchisi o‘z fanining ustasi, mohir muloqotchi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalana oladigan va xorijiy tilni puxta o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak, — deydi institut rahbari Nargiza Rahmonqulova. — Xalqimiz orasidagi “Kiyimga qarab kutib olinadi, bilimga qarab kuzatiladi”, degan naql bejiz aytilmagan. Bugungi kun o‘qituvchisi, shu jumladan, maktab rahbari ta’lim-tarbiya sohasida tinimsiz izlanishi va o‘z ustida muntazam ishlashi zarur. Pedagoglarni metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun malaka oshirish ta’lim muassasalari o‘z xizmatlarini talab darajasida taqdim etishi kerak. Institutda maktab direktorlarini ta’lim sohasi menejerligiga tayyorlovchi maxsus malaka oshirish kursining o‘quv rejasi, dasturi va o‘quv-uslubiy ta’minoti mutlaqo yangidan ishlab chiqildi. Bunda Germaniya, AQSh, Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlar tajribasidan foydalanildi.
Tajriba maydonida “Fulbright DAST”
Ta’lim sohasi menejerlarini tayyorlash kursining o‘quv rejasiga 4 ta blokka jamlangan 15 ta o‘quv moduli kiritilgan. Ayniqsa, “Rahbarning innovatsion faoliyatida kasbiy kompetentlilik va kreativlik”, “Rahbar imiji va muloqot madaniyati”, “Ta’lim menejmenti”, “Ta’limda innovatsion menejment”, “Loyihalar menejmenti”, “Boshqaruvda optimal qarorlar qabul qilish”, “Boshqaruv psixologiyasi”, “Personalni boshqarish”, “Ta’lim samaradorligi va uni baholash” kabi yangi o‘quv modullarining kiritilishi institutimiz professor-o‘qituvchilaridan alohida izlanish va xorijiy tajribalarni o‘rganishni talab qildi.
Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan AQShning “Mutaxassislar uchun Fulbrayt DAST” (Fulbright DAST) dasturi doirasida mazkur mamlakatning Pittsburg davlat universiteti professori Judi Smetana tomonidan institutimiz professor-o‘qituvchilari va doktorantlari uchun “Menejment”, “Ta’lim menejmenti”, “Innovatsion menejment” va boshqa fanlar bo‘yicha nazariy darslar va amaliy treninglarni samarali tashkil etish texnologiyalari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Mazkur loyiha doirasida AQShning Nyu-Jersi shtati universiteti o‘qituvchisi, ta’lim sifatini baholash bo‘yicha mutaxassis Teresita Eldrej hamda Virjiniya shtati Roberto Y.Li maktabi (High school) ingliz tili o‘qituvchisi, “Fulbrayt DAST (Fulbright DAST) mutaxassisi Marina Dyuis ingliz tili fani o‘qituvchilarini qayta tayyorlash kurslarida shu yilning 24-avgustiga qadar mashg‘ulot olib bordi. Dastur doirasida institut professor-o‘qituvchilari xorijlik hamkasblari bilan “XXI asr malakalari”, “Shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim”, “Loyihaviy ta’lim” va boshqa yo‘nalishlarda tajriba almashishdi.
Menejerlik kurslarida ta’lim jarayoni blok-modul shaklida tashkil qilinib, tinglovchilarning kurs avvalidagi, bloklar so‘ngidagi va kurs yakunidagi bilimlari monitoring qilib borildi. Kurs boshidanoq har bir tinglovchi o‘zi rahbarlik qilayotgan maktab salohiyati, erishgan yutuqlari va mavjud muammolarini tahlil qilishni o‘rgandi. Har bir tinglovchi o‘tilayotgan o‘quv fanlari, treninglar, seminar va davra suhbatlarida tahlil natijasida aniqlangan muammolar yechimini mustaqil izlash, maktabning missiyasini belgilash, unga erishish strategiyasini tanlash, va nihoyat, maktabni rivojlantirishning uch yilga mo‘ljallangan yo‘l xaritasini tuzish ko‘nikmasiga ega bo‘ladi. Darslarning 80 foizini amaliy mashg‘ulot va treninglar tashkil qiladi. Kurs tinglovchilarining aksariyati menejerlik kurslarining o‘quv dasturini to‘liq o‘zlashtirishga erishmoqda. Biroq besh barmoq barobar bo‘lmaganidek, kurs boshlanishida turli saviya va tayyorgarlikka ega direktorlar o‘quv materiallarini o‘zlashtirishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Bu esa ulardan kursdan keyin ham o‘z ustida ishlashni talab qiladi.
“Menejerlik laboratoriyasi”
Sevdiyor Sayfiddinov, Uchquduq tumanidagi 5-maktab direktori:
— Qo‘shimcha kurslarda har oyda yangilik va o‘zgartirishlar kiritib borish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, PISA baholash dasturlari kabi xalqaro tadqiqotlarda mamlakatimiz ishtiroki mazkur izlanishlar haqida maktab rahbarlari va o‘qituvchilarga o‘z vaqtida zarur ma’lumotlar yetkazishni talab qilmoqda. Shu zaruratdan kelib chiqib, kurs dasturlariga PISA, TIMSS dasturlari, STEAM texnologiyalari haqidagi yangi ma’lumotlar tezkor kiritildi.
Kurslarda tinglovchilar yagona reja va dasturlar asosida o‘qitilsa-da, ularning ehtiyojlari hamda yecholmayotgan muammolari turlicha bo‘lishi mumkin. Mazkur holatni e’tiborga olgan holda o‘quv rejadagi mustaqil ta’lim soatlarida “Menejerlik laboratoriyasi” shaklida maslahat mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda maktab direktorlari duch kelayotgan boshqaruv, iqtisodiy, moliyaviy, personalni boshqarish, ta’lim sifatini oshirish borasidagi alohida muammolar tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda muhokama qilinadi va yechimlar ko‘rsatiladi. Tinglovchilarning ta’kidlashicha, mazkur maslahat soatlari ular uchun samarali bo‘lmoqda. Laboratoriyada Germaniya tajribasi qo‘llandi. Mashg‘ulot Germaniya O‘qituvchilar uyushmasi raisi, pedagogika va psixologiya fanlari doktori, professor Villi Rolf Xanish tavsiya etgan “Smart-texnology” standarti asosida ishlab chiqildi va amalga oshirildi.
Masofaviy ta’lim
Qayta tayyorlash va malaka oshirishning samarali va qulay shakllaridan biri masofaviy ta’limdir. Endilikda “Ta’lim sohasi menejerlari” malaka oshirish kurslarini ham masofadan turib o‘zlashtirish imkoni mavjud. Hozir mazkur kurslarda yuzlab rahbar va mutaxassis xodimlar o‘z yashash va ish joylaridan ajralmagan holda malaka oshirmoqda. Bu ta’lim shaklini qo‘llashdagi ilg‘or tajribalar mashhur Xann akademiyasi tajribasiga tayangan holda videokurs asosida olib borilmoqda. Masofaviy kurslarda malaka oshirgan tinglovchilarga sertifikat taqdim etiladi.
Shu paytgacha axborot ko‘lami o‘rtacha har 5—10 yilda ikki barobar oshib borgan bo‘lsa, bugungi kunda 2 barobardan ko‘paydi. Bunday vaziyatda me’yoriy hujjatlarda belgilanganidek o‘qituvchi uchun har besh, direktor uchun har uch yilda bir marta malaka oshirish davriyligi zamon talablariga to‘g‘ri kelmay qolmoqda. Malaka oshirgan xodim uch yoki besh yilgacha kerakli bilimga ega bo‘lishi mumkinmi? Albatta, yo‘q. Hozirgi shiddatli o‘zgarishlar davrida o‘qituvchi va maktab direktori imkon qadar har yili, har chorakda va joiz bo‘lsa, har kuni malaka oshirishi lozim. Buning uchun malaka oshirishning yangi shakl, mexanizm va texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.
Prezidentimizning shu yil 23-avgust kuni maktab ta’limini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishdagi nutqida o‘qituvchi mavqeyini oshirishga katta e’tibor qaratilib, Xalq ta’limi vazirligi akademiyasini tashkil etish haqida tavsiya berildi. Shuningdek, A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti negizida A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi vazirligi akademiyasini tashkil etish, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi hududiy xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlari negizida Pedagogik mahorat institutlarini tashkil etish nazarda tutildi.
Muyassar JUMANIYAZOVA, A.Avloniy nomidagi XTTRMXQTMOI matbuot kotibi
Shoira BOYMURODOVA,
“Marifat” muxbiri