DTM jurnalistlarga ilk bor maxsus eshiklarini ochdi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi faoliyatida ochiqlik va shaffoflik borasida yana bir qadam tashladi. Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun DTMning qat’iy rejimda ishlaydigan va hatto o‘z xodimlariga ham sirli bo‘lgan maxsus qo‘riqlanadigan binosiga 1993-yildan beri ilk bor sayohat uyushtirildi.
Shu bilan birga test jarayonlarida kechayotgan ijobiy o‘zgarishlarga qaramay test sinovlari atrofida turli gap-so‘zlarning tez-tez tarqab turishi markaz faoliyatini keng jamoatchilikka yanada yaqinroq tanishtirish ehtiyojini tug‘dirgan bo‘lsa, ajab emas.
Uchrashuv chog‘ida Davlat test markazi rahbari, texnika fanlari doktori, professor Majid Karimov ilk bor tashkil etilayotgan bu sayohat yordamida mavsumiy maxsus yopiq rejim faoliyati bilan ochiq, batafsil tanishib, xodimlarning ishni tashkil etish jarayonlarini, u yerdagi ishchi-xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, xorijdan keltirilgan texnika va texnologiyalarni surat va videoga olish mumkinligini ta’kidladi.
Mehmonlarga direktor o‘rinbosarlari Qahramon Haqberdiyev va Sherzod Botirov hamrohlik qildi.
Binoda har bir eshik biometrik identifikatsiyalash tizimida ishlaydi. Xona uchun mas’ul shaxs faqat o‘ziga biriktirilgan eshikni bosh barmog‘i va ko‘z qorachig‘i yordamida ochadi. Undan tashqari, derazalar muhrlangan. Toza havo ham binoga faqat ventilyatsiya quvurlari orqali kiradi. Binoda mobil aloqa vositalari to‘lqinlarini to‘suvchi qurilmalar simsiz telefon xizmatidan foydalanish imkonini cheklagan. Har bir burchakda kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Binoda axborot tashuvchi turli qurilmalardan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi. Ayniqsa, OTMlarga imtihon mavsumida bu bo‘limlar xavfsizligi yanada oshiriladi.
Jurnalistlar dastlab Chet tillarni bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi faoliyati bilan tanishdi. Boshqarma boshlig‘i Sardor Rajabov chet tillar bo‘yicha testlarning tuzilishi va ularni aprobatsiyadan o‘tkazish jarayonlari, shuningdek, imtihon javoblarini tekshirishda ekspertlar ishtiroki bo‘yicha ham batafsil ma’lumot berdi. Yangilik sifatida rus tilini bilish darajasi bo‘yicha standartlarga javob beruvchi B1 va B2 darajasidagi test namunalari ham yaratilgani, leksika-grammatika bo‘yicha bilimlar, tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazuvchi mazkur testlar aprobatsiyadan o‘tkazilgani, testlar tahlili va aprobatsiyasi bo‘yicha ma’lumotlar Vazirlar Mahkamasiga kiritilgani ma’lum qildi. Lekin bu hali loyiha ekani, qachon amaliyotga joriy qilinishi yoki mazkur testlardan kerakli ball to‘plagan talabgorlarga kirish imtihonlarida imtiyoz berilishi bilan bog‘liq mexanizm yaratilmagani aytildi. O‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha ham testlar ishlab chiqilib, aprobatsiyasi o‘tkazilmoqda.
Markazda Chet tilini bilish bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladigan mini va katta auditoriyalar mavjud. Katta auditoriyada bir vaqtning o‘zida 100 dan ortiq talabgor test topshirishi mumkin. Auditoriya xavfsizlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida videokameralar bilan jihozlangan.
Navbatdagi manzil — test texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasida test savollarini tuzish, ularni saqlash, foydalanish va iste’moldan chiqarib, arxivlashtirish jarayoni ko‘rsatildi. 2019-yilgi test imtihonlari uchun 13 ta umumta’lim fanidan 140 nafar fan eksperti tomonidan 120 000 dan ortiq test savollari tuzilgan. Kelasi yildan kirish imtihonlarida majburiy fanlarning kiritilishi natijasida bu ko‘rsatkich yanada ortishi shubhasiz.
Kompyuter tahlili va axborotlashtirish boshqarmasida test sinovlarini abituriyentlar uchun yanada oson va qulaylashtirish maqsadida elektron hujjat topshirish imkoniyati yaratilgani namoyish etildi. Abituriyentning shaxsiy kabinetidagi imkoniyatlar, abituriyent ruxsatnomasini onlayn chiqarish, natijalarni ko‘rish tartibi bo‘lg‘usi talabalarning vaqti tejalishiga imkon beradi.
2019-2020-o‘quv yilida ikki va undan ko‘p marta o‘qishga hujjat topshirayotgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining yarim baravari miqdorida undirilgan to‘lovdan tushgan mablag‘ning 840 mln 870 ming 316 so‘mi eng tezkor printerlar, 199 mln 988 ming 154 so‘m kitob tikadigan vositalar, 1 mlrd 204 mln 206 ming 244 so‘m katta quvvatli serverlar xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirishga, 688 mln 121 ming 120 so‘mi mobil aloqa vositalari to‘lqinlarini to‘suvchi qurilmalar xarid qilishga sarflangan. Bu texnologiyalar eng zamonaviy bo‘lib, test kitoblarining sifatli tayyorlanishi va test topshirilgan kunning o‘zida javoblarni ommaga e’lon qilishda o‘ta qimmatli hisoblanadi.
Javob varaqalarini tekshirish bo‘limida mutaxassislar javob varaqalarini tekshirish va to‘g‘ri javoblarni avtomatik tarzda aniqlab, bazaga kiritadigan maxsus dasturlarning ishlash prinsiplarini amaliy jarayonda ko‘rsatdi. Javob varaqalari AQSh va Rossiyada ishlab chiqilgan texnologiya asosida skaner qilinib, ikkalasidagi axborotlar bir-biriga mos kelgan taqdirdagina natijalar e’lon qilish uchun yuborilishi ta’kidlandi.
Bu yil o‘qishga imtihon topshirgan abituriyentlarning 4000 nafari o‘z natijalaridan norozi bo‘lib, apellyatsiyaga ariza bergan. Shundan atigi 3 kishigina test kitobchasining asl nusxasini so‘ragan. Qolganlar uchun skaner nusxasi kifoya qilgan. Darvoqe, test kitobchalar bir yilgacha DTMda saqlanadi. Bir yildan keyin esa tender asosida qog‘ozlar qayta ishlashga topshiriladi.
Sayohat davomida tetstologlar, ekspertlarga ikki oy davomida yashash uchun yaratilgan shart-sharoitlar, bu muddat orasida ularning sog‘lom turmush tarzini saqlab qolish uchun mo‘ljallangan sport xonalari ko‘zdan kechirildi. Testologlarni ishga olishda qo‘yiladigan talablar, malakasini oshirish va ularga beriladigan maosh haqida ham qiziqarli ma’lumotlar berildi.
Abror UMARQULOV,
“Ma’rifat” muxbiri