Oliy ta’lim: Malaka oshirishdagi yangiliklar
Malaka oshirish o‘qituvchi faoliyatining asosidir. Barcha sohalar singari malaka oshirish tizimi ham bugun zamonga moslashmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-sentabrdagi “Oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish hamda muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Esonboboyev oliy ta’lim muassasalari pedagoglarini aynan shu tizimda qanday yangiliklar kutayotgani to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Teng yarmiga qisqardi
Qarorga muvofiq endi pedagoglar Oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kursi o‘quv rejasining namunaviy tuzilmasi asosida ishlab chiqilgan 288 soatlik maxsus dasturlarning 144 soatida to‘g‘ridan to‘g‘ri (bevosita), ishdan ajralgan holda, qolgan qismida ishdan ajralmagan holda mustaqil malaka oshiradi. Demak, 288 soatlik maxsus dastur teng yarmiga qisqargan, qolgan yarmini pedagogning o‘zi mustaqil o‘zlashtiradi. Bu muallimlarning pedagogik amaliy faoliyatidan uzoq muddatga ajralmasligini ta’minlaydi. Qolaversa, o‘qituvchi 144 soatlik nazariy ma’lumotlarni amaliyotda sinab ko‘radi, tadqiq etadi va uning hisobotini tayyorlaydi.
Endi to‘plangan ballga qaraladi
Oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining o‘quv-metodik va ilmiy-pedagogik faoliyati natijalarini inobatga oladigan, ularga muntazam ravishda kasbiy o‘zini o‘zi rivojlantirish imkoniyatini beruvchi uzluksiz malaka oshirish tizimi amaliyotga joriy etildi. Bu tizim quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
— mutaxassislik bo‘yicha mustaqil malaka oshirish;
— muqobil malaka oshirish;
— ta’lim dasturlari asosida oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlarida bevosita o‘qish.
Oliy ta’lim muassasalarining har bir rahbar va pedagog kadri mustaqil malaka oshirish shakllariga ajratilgan 100 ballik tizimda kamida 20 ball to‘plab, quyidagi ikkita bosqichdan birini egallaydi:
• birinchi bosqich (20–85 ball) — rahbar va pedagog kadrlar ta’lim dasturlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan oliy ta’lim muassasasining yillik malaka oshirish rejasi doirasida rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlarida ta’lim dasturlari asosida bevosita o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 20 balldan kam to‘plagan rahbar va pedagog kadrlar mustaqil malaka oshirish kurslaridan o‘tmagan hisoblanadi va keyingi bosqichga qo‘yilmaydi;
• ikkinchi bosqich (86–100 ball) — rahbar va pedagog kadrlar to‘g‘ridan to‘g‘ri onlayn test sinovlarini topshirishga tavsiya etiladi. Onlayn test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan rahbar va pedagog kadrlarning bitiruv (loyiha) ishini himoya qilishiga ruxsat beriladi. Onlayn test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tmagan rahbar va pedagog kadrlar qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlarida ta’lim dasturlari asosida bevosita o‘qishga tavsiya etiladi. Nazorat turlari bo‘yicha sinovlardan belgilangan o‘tish balini to‘play olmagan pedagog kadrlar belgilangan tartibda takroriy kurslardan o‘tadi.
Mutaxassislik bo‘yicha mustaqil malaka oshiriladi
Bugungi o‘qituvchidan muntazam izlanishda bo‘lish talab etilmoqda. Uning kichkina sa’y-harakati ham munosib taqdirlanadi. Faoliyati davomida katta-kichik natijalarga erishayotgan rahbar va pedagoglarning ishi mutaxassislik bo‘yicha mustaqil malaka oshirishda o‘z aksini topadi. Bu bo‘lim quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
• ochiq o‘quv mashg‘ulotlari va mahorat darslarini tashkil etish;
• iqtidorli talabalar bilan ishlash;
• ilmiy konferensiyalarda ma’ruza bilan qatnashish;
• ilmiy jurnallarda maqolalar chop ettirish;
• ko‘rgazma va tanlovlarda ishtirok etish;
• ilmiy loyihalarda qatnashish;
• xalqaro (impakt-faktorli) nashrlarda maqolalar e’lon qilish;
• ixtiro (patent), ratsionalizatorlik takliflari, innovatsion ishlanmalarga mualliflik qilish;
• monografiya, mualliflik ijodiy ishlar katalogini tayyorlash va nashrdan chiqarish;
• o‘quv adabiyotlari(darslik, o‘quv-metodik qo‘llanma)ni tayyorlash va nashrdan chiqarish;
• falsafa doktori (PhD) darajasini olish uchun himoya qilingan bitta dissertatsiya ishiga ilmiy rahbarlik qilish.
Muqobil malaka oshirish nima?
Oramizda malaka oshirish talabi yoki davlat ta’lim standartlari majburiyati uchun emas, balki kasbini haqiqatan yaxshi ko‘rganidan bor mahoratini ishga solib, yuqori natijalarga erishayotgan o‘qituvchilar ko‘p. Shundan kelib chiqib, mazkur qarorda ilmiy unvonga ega bo‘lish, xorijiy mamlakatlarda malaka oshirish yoki stajirovka o‘tash, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qilish, ikkita falsafa doktori (PhD) yoki bitta fan doktori (DSc) darajasini olish uchun himoya qilingan dissertatsiya ishlariga ilmiy rahbarlik qilish, darslik yoki o‘quv qo‘llanmasi tayyorlash kabi faoliyat turlari muqobil malaka oshirish shakllari sifatida e’tirof etiladi. Ya’ni ular shu izlanishlari davomida bir pedagog malakasini oshirishda oladigan bilim va ko‘nikma, soha yangiliklarini yetarlicha egallaydi. Demak, ular malaka oshirgan hisoblanadi. Muqobil malaka oshirish shakllaridan birini ixtiyoriy o‘tagan rahbar va pedagog kadrlarga mutaxassisligi bo‘yicha mahorat darsi o‘tish sharti qo‘yilib, ularga malaka attestati Attestatsiya komissiyasining qarori asosida taqdim etiladi.
Kimlar masofaviy o‘qitiladi?
Oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlari tarkibidagi uch yoshga to‘lmagan yosh bolasi bo‘lgan ayollar, pensiya yoshidagilar hamda nogiron shaxslarning qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qishi oliy ta’lim muassasasi kengashining tavsiyasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishgan holda, masofadan o‘qitish shakllari orqali amalga oshirilishi pedagog kadrlar uchun yana bir imkoniyat bo‘ldi.
Kurslarda tinglovchilarining o‘zlashtirishi reyting baholash tizimi asosida nazorat qilinadi. Reyting balini jamlashda rahbar va pedagog kadrlarning oxirgi 3 yillik kasbiy, o‘quv va ilmiy-metodik faoliyati natijalari (elektron portfolioda qayd etilgan ko‘rsatkichlar asosida), kursni tamomlagandan keyingi onlayn test sinovlari javoblari, bitiruv (loyiha) ishini himoya qilib olgan bahosi hisobga olinadi. Elektron portfolio ko‘rsatkichlari va onlayn test sinovlari natijalari asosida esa tinglovchilarning bitiruv (loyiha) ishini himoya qilishiga ruxsat beriladi.
Malaka oshirmay attestat olishdi
Joriy yilning sentabr-noyabr oylarida tashkil etilgan kurslarda 1 954 nafar rahbar va pedagog kadr tinglovchilar safiga qabul qilinib, ularning 288 nafari kasbiy faoliyati natijalariga ko‘ra muqobil malaka oshirish shartlarini bajargani, jumladan, 70 nafari yakka mualliflikda darslik va o‘quv qo‘llanmasi tayyorlab, nashr ettirgani, 11 nafari bitta mutaxassislik bo‘yicha fan doktori (DSc) yoki ikkita falsafa doktori (PhD) darajasini olish uchun yoqlangan dissertatsiyaga rahbarlik qilgani, 144 nafari falsafa doktori (PhD) yoki mutaxassislik bo‘yicha fan doktori (DSc) darajasini olish uchun dissertatsiya yoqlagani, 63 nafari xorijiy mamlakatlarda malaka oshirish va stajirovkada bo‘lgani uchun ularga mahorat darslarini o‘tib berish orqali malaka attestati to‘g‘ridan to‘g‘ri taqdim etilgan.
Sohiba MULLAYEVA tayyorladi.