Oliy ta’lim: 2020-yili nima kutilmoqda?
Oldindagi hayot uchun reja va maqsadlar tuzish hamda shu asosda qadam tashlash nafaqat inson uchun, balki biror sistema yoki tashkilot uchun ham juda foydalidir. Olaylik, oliy ta’lim tizimi. O‘tgan yilda bir qancha yangi universitetlar, xorijiy va mahalliy universitet filiallari ochilganiga qaramay, boshlangan yilda ham bu jarayon to‘xtamaydi. Keling, ularning eng asosiylari ga to‘xtalsak.
Toshkent davlat stomatologiya instituti Qozog‘istonda qo‘shma fakultet ochadi. Bu borada Toshkent davlat stomatologiya instituti Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi bilan qo‘shma fakultet tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Mazkur fakultet 2020-2021-o‘quv yilidan Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasida faoliyatini boshlaydi va ta’lim jarayoni kredit — modul tizimi asosida olib boriladi. Kelgusida hamkorlik doirasida institut pedagoglari Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi pedagoglari uchun mahorat darslari o‘tishi, o‘quv jarayonini tashkil etish bo‘yicha uslubiy yordam berishi, shuningdek, talabalarning ham o‘quv-ilmiy dasturlarda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Shinxan universiteti (Koreya Respublikasi) bilan Toshkent shahrida universitetning filialini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Mazkur kelishuvga ko‘ra, 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida Shinxan universiteti filiali ish boshlaydi. Birinchi bosqichda universitetda quyidagi ta’lim yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi:
— hamshiralik ishi;
— xalqaro turizm menejmenti;
— yangi to‘qimachilik materiallari texnologiyasi.
Toshkent shahridagi Shinxan universitetida dastlab o‘zbekistonlik yoshlar tahsil oladi. Keyinchalik universitetga qo‘shni davlatlar, xususan, markaziy osiyolik yoshlarni ham qabul qilish choralari ko‘riladi.
Kelgusi yili yurtimizda Rossiyaning yana 3 ta oliy ta’lim muassasasi filiali ochilishi rejalashtirilgan. Ular orasida Astraxan davlat texnika universiteti va Sankt-Peterburg tog‘ universiteti ham bor. Bundan tashqari, Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti, Moskva arxitektura universiteti va Pushkin nomidagi rus tili instituti filiallari ham ochilishi mumkin.
Shuningdek, 2020-yilda Samarqand davlat chet tillar institutida jurnalistika fakultetini ochish, iqtisodiyot tarmoqlarining talablari asosida 2 ta yangi ta’lim yo‘nalishi va 1 ta yangi magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Ochilmay qolgan filiallar
2019-2020-o‘quv yilida Toshkentda Janubiy Koreyaning Xalqaro ayollar universiteti (Kyung-in Women’s University) filiali ochilishi ko‘zda tutilgan edi. Bu to‘g‘rida 2019-yil 20-aprel kuni O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda “O‘zto‘qimachiliksavdo” uyushmasi o‘rtasida universitet ochishni ko‘zda tutuvchi memorandum imzolangan. Yangi universitetda to‘qimachilik, dizayn, moda, aviatsiya va turizm, go‘zallik sanoati, sog‘liqni saqlash va koreyashunoslik yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlanishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Kyung-in Women’s University Janubiy Koreyadagi xalqaro almashinuv dasturiga ega davlat oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, unda 300 nafardan ortiq o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatadi, talabalar esa 2000 nafardan ortiq. Toshkentda mazkur universitet filialini ochish to‘g‘risidagi kelishuvga Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje Inning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida erishilgan edi.
Samarqandda Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti filiali ham ochilmay qoldi. Vaholanki, 2019-yil 8-may kuni Prezidentimiz tomonidan “Samarqand shahrida “Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti” federal davlat budjeti oliy ta’lim muassasasining filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror imzolangan edi.
Xorazmda esa Malayziya universiteti filiali ochilishi kerak edi. Malayziya texnologiya universitetining (“Universiti Teknologi Malaysia” — UTM) bakalavriat va magistratura dasturlari bo‘yicha filialida injiniring, axborot texnologiyalari, fundamental fanlar va menejment yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim beriladi, deya xabar qilingan edi. Xorazm viloyat hokimligi va universitet rektori bilan uchrashuv davomida professor-o‘qituvchilar tarkibining malakasini oshirish va talabalar almashish sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqishga kelishib olingan. Shuningdek, Xorazm viloyatidagi tegishli oliy ta’lim muassasasi negizida franchayzing modeli bo‘yicha Malayziya oliy ta’lim muassasasi dasturlarini joriy etish, kelgusida UTM filialini ochish to‘g‘risida bitim imzolangan edi.
Nima ham derdik, maqola avvalida aytilgan reja va maqsad xususida yana bir xulosaga kelish mumkin: biror reja tuzishdan oldin uni shu yil amalga oshira olishingizga ko‘zingiz yetsin. Hech bo‘lmaganda, bor kuchingiz bilan harakat qiling. Vazirlik yoki tashkilot uchun aytadigan bo‘lsak, yangi filiallarning ochilmay qolganini quyidagicha izohlash mumkin: yo ularning zimmasiga bir yil uchun juda ko‘p vazifa yuklatilgan yoki shunchaki ulgurilmagan!
Istardikki, biror yangi universitet yoki filial ochish taklifini berishdan oldin mas’ul mutasaddilar shu yo‘nalishni ochishga haqiqatan ham ehtiyoj sezilyaptimi, uni yo‘lga qo‘yish uchun moddiy-texnik baza yetarlimi, shu yo‘nalishda ta’lim beradigan kadrlar bormi kabi savollarga javob izlasalar, barcha uchun foydali bo‘lar edi.
Sohiba MULLAYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri