Endi QR-kodli diplom beriladi
Bugungi kunda QR-kod iborasi qulog‘imizga tez-tez chalinmoqda. Oq fondagi sirli qora kvadratchalarni reklama afishasi, paket, jurnal sahifalari, biznes karta etiketkalari, kommunal to‘lov kvitansiyalari yoki saytlar sahifalarida ham ko‘ramiz. Joriy o‘quv yilidan boshlab, “qora katakcha”lar oliy ta’lim muassasalari diplomlaridan ham joy oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqdash to‘g‘risida”gi farmonida ta’lim jarayonida elektron resurslar salmog‘ini bosqichma-bosqich oshirish, elektron o‘quv adabiyotlari yaratish, ularni mobil qurilmalarga yuklab olish maqsadida kutubxonalarda QR-kod yordamida elektron resurslar haqidagi axborotlarni joylashtirish tizimini yaratish vazifalari belgilab berilgan edi. Shundan kelib chiqqan holda hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-iyuldagi “Oliy ma’lumot to‘g‘risidagi bakalavr va magistr diplomlarining davlat namunalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bakalavr va magistr diplomlariga individual QR-kod qo‘yish tizimi hamda uning dasturiy ta’minoti ishlab chiqildi.
Diplomga QR-kod nega kerak?
— QR-kod tizimining joriy etilishi ta’lim muassasalari va ish beruvchilarga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari diplomlarining haqiqiyligini tekshirish, diplom ma’lumotlarini saqlashga qaratilgan yagona tizimni yaratish imkoniyatini beradi, — deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining AKT boshqarmasi boshlig‘i Alisher Abdullayev. — Ish beruvchi QR-kodni tekshirganda, tizim tomonidan havola taqdim etiladi. Tizimdagi talabaga oid ma’lumotlar qog‘oz variantiga mos kelsa, diplom haqiqiy deb hisoblanadi. Diplomlardagi ma’lumotlar talabalar haqidagi yagona ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalashadi.
Dasturiy ta’minot qanday ishlab chiqiladi?
— Diplomlarni QR-kodlashtirish jarayoni bir necha bosqichda amalga oshiriladi, — dedi A.Abdullayev. — Ular quyidagilar:
1-bosqich. Loyiha ishlab chiqish:
• dunyoda mavjud muqobil platformalarni chuqur tadqiq va tahlil qilish;
• tizimning konseptual modelini yaratish;
• ma’lumotlar bazalarini loyihalash va tizimning funksional arxitekturasini yaratish.
2-bosqich. QR-kod tizimini ishlab chiqish:
• bakalavr va magistrlik diplomlari uchun individual QR-kodlar yaratish tizimini ishlab chiqish.
3-bosqich. Talabalar ma’lumotlar bazasini shakllantirish:
• respublika bo‘yicha talabalar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona axborot tizimini ishlab chiqish hamda bakalavr va magistrlik diplomlari uchun individual QR-kodlarni yaratish tizimi bilan integratsiya qilish.
4-bosqich. Amaliyotga joriy etish:
• aprobatsiya. Dasturiy ta’minot pilot versiyasini komleks sinovdan o‘tkazish va jamoatchilikka taqdim etish...
Jarayon shu bilan nihoyasiga yetmaydi. Bu tizimni yaratib, yo‘lga qo‘yish uchun bir nechta tashkilotlar o‘rtasida tender o‘tkaziladi. Unda yutib chiqqan tashkilotga esa quyidagi asosiy vazifalar qo‘yiladi:
• bitiruvchilar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan axborot tizimi hamda bakalavr va magistrlik diplomlarining haqqoniyligini tekshirish uchun individual QR-kodlarni berish imkoniyatini yaratuvchi yagona axborot tizimi bo‘yicha tadqiqot olib borish, tahlil qilish va texnik topshiriq ishlab chiqish;
• ma’lumotlarning haqqoniyligini tekshirish uchun QR-kodlarni yaratish algoritmlarini ishlab chiqish;
• bitiruvchilarning diplomlari haqiqiyligini tekshirish imkoniyatini beruvchi yagona axborot tizimini yaratish;
• o‘quv bo‘limi va dekanatlar uchun diplom haqidagi ma’lumotlarni kiritish va bitiruvchilarning turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha aniq tahliliy ma’lumotlarini olish tizimini yaratish;
• ma’lumotlar xavfsizligi va yaxlitligini ta’minlash mexanizmlarini yaratish, ma’lumotlar bazasini ichki va tashqi hujumlardan himoya qilish, shuningdek, tizimdagi ma’lumotlarning zaxira nusxalarini tiklash va h.k. Quyidagi rasmlarda diplomni QR-kodlash jarayoni va uning ishlash mexanizmi, diplomning yangi ko‘rinishi hamda undan nimalar joy olgani to‘g‘risida kengroq ma’lumot olasiz.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish kerakki, QR-kod 1994-yili Yaponiyaning “Denso Vave” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ikki o‘lchovli shtrix kodi(matris kodi)dir. Bu 2953 baytlik ma’lumotni bitta kichkina kvadratga, ya’ni 7 089 ta raqam yoki 4 296 ta harf(A4 formatidagi 1–2 sahifali), 1817 iyeroglif joylashtirish, degani. Bu kodning bosh afzalligi shundaki, u skanerlovchi uskuna (mobil telefon, fotoapparat yoki qo‘l skaneri) yordamida oson va tez o‘qish hamda kodlash imkonini beradi. Hozirgi kunda kamerasi bor har qanday zamonaviy telefon kvadrat ko‘rinishidagi tasvir ostida yashiringan ma’lumotlarni oson o‘qiy oladi. Buning uchun telefon kamerasi QR-kodga yo‘naltirilgan holda, maxsus ilova yuklab olinadi va u orqali kodni o‘qish mumkin.
Sohiba MULLAYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri