Toshkentda yana bir xalqaro universitet ochiladi
Toshkent shahridagi Britaniya menejment universiteti tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaror loyihasida keltirib o‘tilgan.
Hujjatda belgilanishicha:
• Universitet nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi;
• Universitet ta’lim jarayoni London, Reding universitetlari hamda xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan malaka talablari, o‘quv reja va fan dasturlari asosida amalga oshiradi;
• Universitetda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasida amalda mavjud ta’lim shakllari hamda ingliz tilida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
• bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari respublika mehnat bozori ehtiyojlari hamda Universitetning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda Universitet tomonidan belgilanadi;
• Universitetda dastlabki bosqichda “Loyihalarni boshqarish”, “Logistika va yetkazib berish zanjirlarini boshqarish”, “Tadbirkorlik va innovatsiyalar”, “Xalqaro elektron tijorat”, hamda “Raqamli iqtisodiyot” yo‘nalishlari bo‘yicha abituriyentlar qabuli amalga oshiriladi;
• Universitetga abituriyentlarni qabul qilish tartibi va qoidalari Universitet tomonidan belgilanadi;
• Universitetda ta’lim faoliyati 2020 /2021-o‘quv yilidan boshlanadi;
• Universitet bitiruvchilariga Buyuk Britaniyada tan olinadigan hamda O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan belgilangan namunadagi diplom beriladi.