Yangi maqsad va rejalar: Zamonaviy universitet qiyofasi
Keyingi yillarda xalq ta’limi tizimi xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning mavqeyini oshirishga alohida ahamiyat berildi. Eng asosiy vazifa sifatida o‘qituvchining jamiyatdagi mavqeyi va hurmatini oshirishga erishilmoqda. Xuddi shu jarayon oliy ta’lim tizimida ham davom etib, pedagoglar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Talabalarning yuqori malakali kadrlar bo‘lib yetishishi hamda oliy ta’lim sifatining yuqori bo‘lishi uchun bugun qanday ishlar amalga oshirilayotir? Zamonaviy universitet qiyofasi qaysi jihatlarda namoyon bo‘ladi? Mazkur savollar yuzasidan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov bilan suhbatlashdik.
— Bugungi davr Oliy ta’lim tizimiga qanday yangiliklar kiritishni taqozo etadi?
— Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti butun respublika miqyosidagi ta’lim maskanlariga pedagog kadrlarni yetkazib beruvchi o‘ta muhim va “strategik” obyekt hisoblanadi. Biz istagan intellektual, kritik va kreativ fikrlovchi yosh avlod qatlamini yaratish uchun, eng avvalo, professional pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojimizni qondira olishimiz zarur. Shu sababli ham universitetning boshqaruv va ta’lim berish tizimini chuqur qayta isloh qilish, rivojlantirish, real ijobiy natijalarga erishishni o‘z oldimizga qat’iy maqsad qilib qo‘yganmiz. 12 ming talaba va bir necha filialga ega ulkan ta’lim muassasasini taraqqiy ettirish bo‘yicha aniq rejalarga egamiz.
Ta’lim sifatini ta’minlab beruvchi asosiy kuch pedagog kadrlardir. Shu ma’noda universitetda bajaradigan ishlarimiz ko‘p. Oliy pedagogik ta’limda zamonaviy universitet tushunchasini qo‘llayapmiz. Bu faqatgina qurib berilgan hashamatli binoni ishlatish emas, yangi muhit yaratishga qaratilgan. Umumta’lim maktabida o‘quvchilarga dars berayotgan o‘qituvchi zamonaviy bilim bera olishi, kun yangiliklaridan boxabar bo‘lishi, o‘z yo‘nalishidagi ma’lumotlarni puxta bilishi lozim.
Buning uchun zamonaviy darslik, zamonaviy o‘quv reja va qo‘shimcha adabiyotlarga ham ehtiyoj bor. Prezidentimiz Parlamentga Murojaatnomasida bu boradagi bir nechta muammolarni sanab o‘tib, oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlarini soddalashtirish zarurligini ta’kidladi. Hozir ingliz tilida IELTS sertifikatiga ega bo‘lganlar kirish imtihonida ingliz tili fanidan ozod etiladi. Agar boshqa fanlar — matematika, informatika, biologiyadan ham xalqaro standartlarga mos sertifikatlarni
joriy etsak, o‘quvchilarimiz uchun yana bir imkoniyat tug‘iladi. Shu masalada DTM va ta’lim markazlari bilan ish boshladik. O‘g‘il-qizlar faqatgina imtihondan o‘tib, o‘qishga kirishni muhim deb bilmasligi kerak. Ularning shu kasbga layoqati, moyilligi bo‘lishi shart. Pedagoglik kasbini tanlagan inson o‘z sohasini yaxshi ko‘rmasa, sinfga kirganda o‘quvchilarning hurmatini joyiga qo‘ymasa, gapirayotgan gapidan, berayotgan darsidan o‘zi qoniqmasa, bu holat auditoriyaga darrov seziladi. O‘quvchilar “Mana bu ustoz yaxshi dars o‘tarkan”, “Bu ustozning o‘gitini umrbod eslab qolamiz” deya bejiz aytishmaydi.
— Hozirgi zamon talabalariga — bo‘lajak pedagoglarga dars berayotgan o‘qituvchilar qanday sifatlarga ega bo‘lishi kerak?
— Ayni paytda pedagoglarimiz yangiliklarni qabul qilishga qanchalik tayyor, degan savolni qo‘ygim keladi. Chunki bu yilgi yangi ma’lumot qabul qilinib, amaliyotda qo‘llanilguncha tizimga yana bir yangilik kiritilishi mumkin. Maktabga ishga kelgan yosh mutaxassislarning bilimi ham, diplomi ham bor, lekin ular dars berishga qo‘rqishadi. Chunki pedagogik tajriba yetmaydi. Buning uchun yillar sarf qilinishi shart emas. Pedagogik ta’limning ichida shu tajriba maktabini yaratishni o‘yladik. Ishni talabalarning orzulari, fikrlarini o‘rganishdan boshladik. Ular qiziqarli takliflar bilan chiqishdi. Tabiiy fanlar yo‘nalishida tahsil olayotgan yigit-qizlar universitet laboratoriyasini tashkil qilishni, maktabgacha ta’lim yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalar esa o‘z maktabgacha ta’lim tashkilotimizni
tuzish istagini bildirishdi. Tizimdagi o‘quv rejani tozalash, fanlarni qisqartirish, optimallashtirish vaqti keldi. Afsuski, shu kungacha o‘tilgan mashg‘ulotlar ko‘proq nazariyaga asoslangan. Xorijiy tajribaga tayanadigan bo‘lsak, chet ellik talabalar tahsil davomida maktabda dars ham berishadi.
Hozirgi talabalarning internetdan yoki mobil telefonida ko‘plab yangi ma’lumotlarni olishga imkoniyati yetadi. Ularga ta’lim berayotgan professor-o‘qituvchilar yangiliklarni tezda qabul qiladigan, intiluvchan va talabchan bo‘lishi kerak. Shuning uchun auditoriyadagi darslarning ham mazmunan o‘zgarishini davr talab etyapti. Sir emas, darsga kirayotgan o‘qituvchilarimizning ko‘pchiligi eskicha fikrda qolgan, ular faqatgina nazariy dars o‘tishga kelishadi. Jozibali, amaliy uslubiyatga tayanib bilim berishga, mana shu orqali ruhlantirishga, yetarli darajada metodikani berishga tajribasi yetmaydi yoki e’tibor qaratishmaydi. Shu masalaga ham ijobiy yechim izlab, faqatgina bitiruvchilar uchun emas, balki har bir kurs talabalari uchun amaliyot shakllarini joriy etmoqchimiz.
— Har tomonlama bilimli, zamonaviy, madaniyatli, muomalali, qat’iyatli, ishbilarmon va boshqa ko‘pgina xususiyatlarga ega bo‘lgan maktab direktorlarini kam uchratamiz. Balki pedagogik ta’limning oxirgi bosqichlarida direktorlikka tayyorlov kurslarini ham joriy etish maqsadga muvofiq bo‘lar.
— Albatta, universitetni bitirib chiqayotgan har bir talaba nafaqat pedagogik mahorat va bilimlarga, balki axborot texnologiyalari, chet tili, qo‘shimcha mutaxassisliklar bo‘yicha alohida sertifikatlarga ega bo‘lib, universitetni chinakam pedagog, “taraqqiyot dvigateli” sifatida tamomlashiga erishmoqchimiz. Rahbarlik ishiga pedagog bir zumda tayyor bo‘lib qolmaydi. Bu borada Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda ishlashni yo‘lga qo‘ydik. Vazir Sh.Shermatov bu yildan boshlab magistratura yo‘nalishini tamomlagan 10 nafar bitiruvchini oliy o‘quv yurtini bitirishi bilanoq maktab direktorligi lavozimiga ishga olishga tayyorligini bildirdi. Bu kelishuv talabalarimizga katta motivatsiya bo‘ldi, ularni ruhlantirib yubordi, eng asosiysi, yuqori saviyada o‘qishga intilayotgan yoshlar soni ortdi. Ular bitiruv-malakaviy ishini himoya qilayotganda maktabda amalga oshiriladigan istiqbolli rejalarining ham taqdimotini o‘tkazishadi. Bo‘lajak pedagoglar, bo‘lajak direktorlar uchun qo‘shimcha mutaxassislikka ega bo‘lishi ham juda muhim. Faqat birgina fan emas, bir snechta fandan bilimi yuqori bo‘lsa, maktabdayam boshqa fan o‘qituvchilari bilan ishlashi oson bo‘ladi. Maktab direktorlarimiz haqiqiy menejerga aylanishadi. Ularning ommaviy axborot vositalari bilan faol hamkorlikda ishlashi ham ahamiyatlidir. Ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘z faoliyatlarini namoyish qilib borishlari lozim. Chet tilini mukammal bilishi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalana olishi, ta’lim menejmenti yo‘nalishida ham yetarli ko‘nikmaga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadidamiz. Shu ma’noda har bir kishi, guruh rahbari, faollarimiz ta’lim sifatini yuqori darajaga ko‘tarish uchun to‘g‘ri ishlaydigan mexanizm — “10 ta qadam” taklif-rejasini ishlab chiqishyapti.
— “Korrupsiyadan xoli hudud” dasturi bo‘yicha ham to‘xtalsangiz.
— Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “halollik vaksinasi”ni universitetimiz talabalariga, bo‘lajak pedagoglarga singdiramiz. Bu orqali minglab pedagog kadrlar ushbu “vaksina”ni millionlab yoshlarimiz ongiga singdirishadi. Universitetimizda korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashish uchun, “Korrupsiyadan xoli hudud” dasturini ishlab chiqib, uni amaliyotga tezlik va aniqlik bilan joriy etishni boshladik. Kuni kecha universitetda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda sud, prokuratura xodimlari bilan bo‘lgan ochiq muloqot mazmunli kechdi. Talabalar, o‘qituvchilar o‘z fikrlarini xolis aytishdi.
Yaqinda tashkil etilgan “rektor bot”i ham o‘rinli va adolatli ish yurityapti. Bu elektron manzil orqali hamma istalgan savolini beryapti. Talabalar hayotidagi muammolar ochiq-oydin yozilib, hal etilmoqda.
Eng katta muammo shuki, talabalarimizning bilimini oshirishimiz kerak. Yashirmayman, yakuniy nazoratlarda 45 foiz talaba talabga javob berolmadi. O‘zi “uch”ga o‘qigan o‘qituvchidan kimning ham bilim olgisi, o‘rgangisi keladi.
Universitetda bosqichma-bosqich kredit-modul tizimi joriy qilib boriladi, baholash, nazorat va boshqaruv jarayonlari ham elektron shaklga o‘tkaziladi. Xalqaro aloqalarda faol faoliyat yuritgan holda talabalarimiz, professor-o‘qituvchilarimizning rivojlangan mamlakatlarda ilmiy-amaliy bilim olishi, malakasini oshirishi uchun maksimal sharoitlar yaratamiz. Zamonaviy ta’lim muassasasi qiyofasini yaratishga bel bog‘lagan ekanmiz, tez va aniq fursatlarda jahon andozalariga mos ravishda oliy ta’lim tizimini yangilashga intilamiz.
Shoira BOYMURODOVA suhbatlashdi.