Toshkentda Sankt-Peterburg davlat universiteti filiali tashkil etiladi
Prezidentning “Toshkent shahrida Federal davlat budjet oliy ta'lim muassasasi “Sankt-Peterburg davlat universiteti” filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligining taklifi va 2020-yil 13-martdagi 28-15-91-sonli kelishuvga asosan Toshkent shahrida Oliy ta'lim Federal davlat budjet ta'lim muassasasi “Sankt-Peterburg davlat universiteti” (SPbDU) (Rossiya Federatsiyasi) filialini tashkil etishga rozilik berilishi mumkin.
Bunda:
a) Filial kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olgan holda ta'limning kelishilgan asosiy yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi;
b) Filialda ta'lim Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq, Sankt-Peterburg davlat universiteti tomonidan tasdiqlangan o‘quv reja va dasturlari asosida belgilangan ta'lim standartlariga mos ravishda rus tilida olib boriladi;
v) abituriyentlarni qabul qilish va Filial bitiruvchilarini attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilangan talablar, tartib va muddatlarda amalga oshiriladi;
g) Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim to‘g‘risidagi hujjati sifatida tan olinadigan belgilangan namunadagi Universitet diplomi beriladi;
d) Filial faoliyati O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi;
ye) Filialga qabul kvotalari Universitet tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda manfaatdor vazirlik va idoralarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini inobatga olgan holda tasdiqlanadi;
j) Filialning davlat grantlari asosida ta'lim olgan bitiruvchilari besh yil muddatdan kam bo‘lmagan keyingi majburiy ishlab berish uchun respublika muassasalariga ishga taqsimlanadi;
z) Filial faoliyatini moliyalashtirish:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga talabalarni, biroq Filialga ta'lim olish uchun qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 30 foizidan ortiq bo‘lmagan holda, davlat granti asosida o‘qitishga ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
talabalar ta'limidan to‘lov-kontrakt asosida tushgan mablag‘lar;
yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari va maqsadli badallari;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar grantlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
i) O‘zbekiston Respublikasining 2020-yildagi Filialni ta'minlash uchun budjet ajratmalari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining ijtimoiy sohaga xarajatlari miqdorlari tasdiqlangan doirasida ajratiladi, 2021-yildan esa mazkur soha uchun xarajatlarning yillik miqdorlari nazarda tutiladi.;
y) Filial Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Toshkent shahri, Mirobod tumani, M.Oybek ko‘chasi, 16-A-uy manzilida joylashgan binosiga tegishli kommunal va foydalanish xarajatlarini qoplagan holda “nol” stavkadagi ijara to‘lovi asosida joylashtiriladi;
k) Toshkent shahridagi Oliy ta'lim Federal davlat budjet ta'lim muassasasi “Sankt-Peterburg davlat universiteti” (SPbDU) (Rossiya Federatsiyasi) Filialida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta'limning asosiy yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) ro‘yxatga muvofiq shakllantiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Universitet bilan hamkorlikda Filialning ta'sis hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati organlari bilan ishlab chiqish va muvofiqlashtirishni, shuningdek, belgilangan tartibda Filialni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni ta'minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Universitet bilan hamkorlikda Rossiya Federatsiyasi hukumatiga belgilangan shartlarda Filialni tashkil qilish haqidagi qarorini qabul qilish bo‘yicha murojaat qiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi davolash-profilaktika muassasalari, shuningdek, farmatsevtika mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqaruvchilari, jumladan, farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalari ishtirokchilari va innovatsion ilmiy va ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri «Tashkent Pharma Park» rezidentlarining Filialning ta'lim dasturlari va hamkorlikdagi ilmiy tadqiqotlarini amalga oshirishda ishtiroklarini ta'minlashi belgilanadi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Filialga foydalanish uchun berilgan bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash va jihozlash loyihalarini 2021-yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturlariga belgilangan tartibda kiritilishini ta'minlaydi.
Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Filial talabnomasiga binoan, ushbu qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilingan xorijiy professor-o‘qituvchi va ma'muriy xodimlar (Rossiya Federatsiyasi fuqarosi bo‘lmagan), shuningdek, ularning oila a'zolari uchun belgilangan tartibda kirish vizalarini konsullik va boshqa to‘lovlarni undirmagan holda rasmiylashtirishni ta'minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Filial talabnomasiga binoan Ichki ishlar vazirligiga xorijiy professor-o‘qituvchi va Filial ma'muriy xodimlari, shuningdek, ularning oila a'zolari uchun O‘zbekiston Respublikasida vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish va uni uzaytirishni belgilangan tartibda, davlat boji undirmasdan ta'minlash yuklatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Filial talabnomasiga binoan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Filial faoliyatini tashkillashtirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb etishda belgilangan tartibda ruxsatnomalarni berish (uzaytirish), shuningdek, belgilangan xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqini tasdiqlovchi hujjatlar berilishini (uzaytirilishini) ta'minlash yuklatiladi.
2023-yilning 1-yanvar muddatiga qadar belgilangan tartibda rasmiylashtiriladigan ro‘yxat bo‘yicha Filialni rekonstruksiya, kapital ta'mirlash, jihozlash va uning faoliyatini ta'minlash uchun olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan o‘quv va ilmiy laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, o‘quv va ilmiy-uslubiy adabiyotlar, inventarlar, qurilish materiallari va moddiy-texnika resurslari bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.