Inomjon Majidov: Oliy ta’lim to‘liq modernizatsiya qilinadi
Xalqimiz hayotida unutilmas tarixiy voqea — O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinganligiga (1990-yil 20-iyun) 30 yildan oshdi. Uning tarixiy ahamiyati shundaki, O‘zbekistonning davlat mustaqilligi e’lon qilinishida huquqiy asos yaratib berdi. Mustaqillik azaldan ilmga chanqoq o‘zbek xalqi hayotida katta o‘zgarishlar yasadi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 1992-yil 28-fevraldagi Farmoni bilan respublikamiz hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan institutlar negizida 7 ta davlat universiteti, 6 ta institut va 10 ta oliy o‘quv yurtlarining filiallari, birdaniga 23 ta oliy ta’lim muassasasi tashkil etildi.
Mustaqillik bayrami tobora yaqinlashayotgan kezlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon MAJIDOV bilan suhbatlashdik.
— O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik deklaratsiyasi xalqimizning tarixiy taraqqiyot tamoyillariga tayangan holda ishlab chiqildi. Unda o‘zbek xalqining davlatchilik tarixi, davlat qurilishidagi tarixiy tajribasi va asrlar davomida tarkib topgan boy an’analariga tayanildi, — deydi Inomjon Majidov. — Umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya prinsiplariga asoslangan mustaqil O‘zbekiston davlati barpo etildi.
Mustaqillikning o‘tgan davri mobaynida O‘zbekiston o‘z Konstitutsiyasi asosida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, farovon hayot kechirishlarini ta’minlash borasida murakkab va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi. Oliy ta’lim tizimi ham xalqaro tajribalarni o‘rganish, milliy xususiyatlar va ichki imkoniyatlarni hisobga olgan holda rivojlandi.
Umuman olganda, 90-yillar boshida O‘zbekiston Respublikasida 42 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat olib borgan bo‘lsa, 2017-yilda mamlakatimizda 59 ta, hududlarda ularning 13 filiali, hamkorlikda tashkil etilgan 7 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi filiali faoliyat ko‘rsatdi. Bakalavriat yo‘nalishlarida 260 mingdan ziyod, magistraturada 10 mingga yaqin talaba tahsil ola boshladi. Ularga 22 mingdan ziyod professor-o‘qituvchilar ta’lim berdi.
2002-yili Buyuk Britaniyaning Xalqaro Vestminster va G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetlarining, 2006-yili M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali, 2007-yili I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, 2008-yili Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, 2009-yili Italiyaning Turin politexnika va 2014-yili Janubiy Koreyaning Inha universitetlarining filiallari ochildi.
2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida oliy ta’lim tizimida amalga oshirilgan tub islohotlar natijasida oliy ta’lim yangi bosqichga ko‘tarildi. Hozirgi kunda respublikamizda faoliyat olib borayotgan oliy ta’lim muassasalari soni 119 taga yetdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi”da yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olishni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari, nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari faoliyatini tashkil etish belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 12-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan 15 ta yetakchi oliy ta’lim muassasalari tayanch oliy o‘quv yurtlari sifatida belgilandi. Tarmoq va mintaqaviy markazlar tashkil etilganidan so‘ng, uch yil ichida jami 20 475 nafar professor-o‘qituvchi qayta tayyorlashdan o‘tkazildi.
— Oliy ta’lim tizimini ilmiy-tadqiqot ishlarisiz tassavur etish mushkul. Ilmiy faoliyatni rivojlantirishda ta’lim muassasalarining samaradorligini oshirish borasidagi ishlar haqida to‘xtalsangiz.
— Hozir mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida jami 28 486 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat olib boradi. Ulardan 2 241 nafari fan doktori (DSc), 8 344 nafari fan nomzodi (PhD), ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi esa 37,15 foizni tashkil qiladi. So‘nggi uch yilda respublika oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyati 32,7 foizdan 37,15 foizga ortishiga erishildi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni maqsadli tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2019-yil 19-iyuldagi Qaroriga muvofiq joriy yildan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni maqsadli tayyorlash tartibi joriy etildi hamda stajyor-tadqiqotchilik instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda respublikamizda jami — 2 794 nafar doktorant, shundan, 2 643 nafari tayanch doktorant (PhD), 151 nafari doktorant (DSc) hamda 3 662 nafar mustaqil izlanuvchi, shundan, 3 357 nafari mustaqil izlanuvchi (PhD), 305 nafari mustaqil izlanuvchi (DSc) hamda 200 nafar stajyor tadqiqotchilar ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalarida 2017-yilda 343 nafar (shundan 122 nafari DSc, 221 nafari PhD), 2018-yilda 841 nafar (shundan 196 nafari DSc, 645 nafari PhD), 2019-yilda 1 056 nafar (shundan 153 nafari DSc, 903 nafari PhD) talabgorlar ilmiy ishlarini himoya qildi. Natijada o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida doktorantura bitiruvchilarining dissertatsiyalarni o‘z muddatida himoya qilish ko‘rsatkichi 59,8 foizgacha oshirildi. Oliy ta’lim muassasalarida o‘tgan yilda doktorantlarning o‘z vaqtida himoyalari ko‘rsatkichini oshirish maqsadida 43 ta oliy ta’lim muassasasida “Doktorantlar maktabi” tashkil etildi.
Quvonarlisi, mamlakat oliy ta’lim muassasalarida 2018–2020-yillarda Scopus xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasida indeksatsiyalangan ilmiy jurnallarda 3 403 ta maqola chop etildi. 2020-yil birinchi yarim yilida 1 679 ta maqola nashr etildi. Oxirgi ikki yilda maqolalar soni 8 barobar oshdi.
Bu natijaga eng katta hissa qo‘shgan oliy ta’lim muassasalari ichida O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Samarqand davlat universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasini alohida ta’kidlash joiz.
Dastur doirasida o‘tgan yili 25 nafar olim va ilmiy tadqiqotchilar “Eng yuqori reytingga ega bo‘lgan uchlik”, “Qishloq xo‘jaligi fanlari”, “Texnika fanlari”, “Gumanitar fanlar”, “Tibbiyot fanlari”, “Tabiiy fanlar, ijtimoiy fanlar”, “Yilning eng yaxshi ayol tadqiqotchisi” va “Yilning eng yaxshi muallifi” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandi.
Xalqaro Quacquarelli Symonds (QS), Times Higher Education (THE) bilan birgalikda oliy ta’lim muassasalari reytingini oshirish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlar amalga oshirildi. Natijada ilk bor QS (Quacquarelli Symonds World University Rankings) xalqaro reytingida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 301–350-o‘rinni, TNE (Times Nigher Education) xalqaro reytingi ro‘yxatida O‘zbekiston Milliy universiteti 601-, Toshkent tibbiyot akademiyasi 301–400, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 201-o‘rinni egalladi.
Oliy ta’lim muassasalarida 2019-yilda qiymati 783,7 million so‘mga teng bo‘lgan 212 ta startap loyihalar bajarildi. Mazkur loyihalarni amalga oshirish doirasida 205 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 5,4 milliard so‘mlik sof foyda olishga erishildi. Joriy yilda esa qiymati 6,47 milliard so‘m bo‘lgan 21 ta startap loyihalari bajarilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-iyuldagi “Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Biokimyo va biofizika ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Biokimyo va biofizika ilmiy-tadqiqot institutining tashkiliy tuzilmasida 8 ta ilmiy-tadqiqot laboratoriya tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-maydagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq oliy ta’lim muassasalarida hozirgi kunda innovatsion jamg‘arma va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limlarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
— Oliy ta’lim tizimiga axborot texnologiyalari joriy etilishi qanday holatda?
— O‘zbekiston Respublikasida “Elektron ta’lim” Milliy tarmog‘ini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qaror bilan Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan “Elektron ta’lim” milliy tarmog‘i tashkil etildi. Tarmoq infrastrukturasi to‘liq shakllantirildi. Axborot-resurs markazlarining “ARMAT” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etildi.
Xabaringiz bor, pandemiya sharoitida talabalarning bilim olishi uzluksizligini ta’minlash maqsadida joriy yilning 1-aprelidan barcha oliy o‘quv yurtlarida masofaviy ta’lim joriy etildi. Bunda talabalarning bilim olish darajasini masofadan turib qo‘llab-quvvatlash maqsadida TAS-IX tarmog‘ida https://tube.edu.uz, dist.edu.uz portallari hamda telegram ijtimoiy tarmog‘ida videodarslardan iborat maxsus @eduuz.online kanali ishga tushirildi.
Videoportalga mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarining eng malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan videodarslarning muntazam joylashtirib borilishi yo‘lga qo‘yildi va ulardan bepul foydalanish imkoni taqdim etildi. Ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar o‘quv rejalari asosida joriy semestrdagi fanlarning dasturlari bo‘yicha 7 398 ta fandan 5000 tasini ta’lim resurslari yaratildi va har bir oliy ta’lim muassasasining masofaviy o‘qitish platformalariga joylashtirildi.
Shuningdek, barcha oliy ta’lim muassasalarining masofaviy o‘qitish platformalari vazirlikning yagona portaliga birlashtirilishi natijasida bir oliy ta’lim muassasasining talabasi boshqa oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchisining o‘quv materiallaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida vazirlik portali tarkibida audiokitoblar elektron kutubxonasi https://audiobook.edu.uz portali ishga tushirildi.
— O‘zbekiston Respublikasining yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, ularni ma’naviy barkamol, ruhan mustahkam, keng dunyoqarashga ega shaxslar sifatida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalsangiz.
— Oliy ta’lim muassasalaridagi ma’naviy-axloqiy tarbiya yo‘nalishidagi faoliyatni Prezidentimizning 5 muhim tashabbusi doirasida amalga oshirish tartibi joriy etildi. O‘tgan yildan boshlab “Ma’rifatli yoshlar — yurt tayanchi” shiori ostida talabalar festivalini o‘tkazib borish an’anaga aylandi. Joriy yil iyun oyida o‘tkazilgan onlayn festivalda 7 nomdagi tadbirlarga 76 135 nafar talaba qamrab olindi.
Respublika oliy ta’lim muassasalarining talabalar turar joylarida 450 ta xona ajratilib, ularda san’at va musiqa, fitnes, axborot texnologiyalari va internetdan foydalanish xonasi shakllantirildi.
Bugungi kunga qadar oliy ta’lim muassasalarida 100 ga yaqin sport klubi tashkil etilib, 70 tasi to‘liq ro‘yxatdan o‘tkazildi hamda ularni saqlash va moliyalashtirish oliy ta’lim muassasalarining to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilab berildi.
Joriy yilda 15 ta oliy ta’lim muassasasida “5 tashabbus markazi” barpo etilib, hunarmandchilik maydonchalari tashkil etilmoqda. Shuningdek, oliy ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida talabalar o‘zini o‘zi boshqarish organi — Talabalar kengashi hamda Talabalar ilmiy jamoalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
— Oliy ta’lim muassasalarining zamonaviy o‘quv va uslubiy adabiyotlar bilan ta’minlanishi borasida nima ishlar qilinmoqda?
— Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash to‘g‘risida” 2018-yil 10-oktabrdagi qarori asosida oliy ta’lim muassasalari ilmiy kengashidan o‘tgan o‘quv adabiyot(qo‘lyozma)larini nashrga tavsiya etish borasida yaxshi tajriba to‘plandi. Bu esa, birinchidan, korrupsiyaning oldini olish, shaffoflikni ta’minlashda mualliflarga qulaylik yaratdi. Hududlardagi OTMlardan vazirlikka kelib-ketish ovoragarchiliklariga chek qo‘ydi. Shu kunga qadar 1 550 tadan ortiq nomdagi o‘quv adabiyot(qo‘lyozma)lari qabul qilindi hamda ekspertiza xulosasini olish uchun o‘quv-uslubiy birlashmalarga yuborildi.
Ikkinchidan, ijobiy xulosa olgan jami 605 nomdagi o‘quv adabiyotlariga guvohnoma berildi. 19-iyun kuni ana shu o‘quv adabiyotlarning aksariyati Muvofiqlashtiruvchi kengash muhokamasidan o‘tkazildi.
Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari ARMlarining umumiy fondini 4 758 992 nomdagi o‘quv va ilmiy adabiyotlar tashkil etadi. Joriy yilning II choragi holatiga ko‘ra o‘quv va ilmiy adabiyotlarning 1 237 338 nomdagi elektron shaklda bazasi shakllantirildi.
Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim tizimi uchun chet el o‘quv va ilmiy adabiyotlarini xarid qilish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2016-yil 24-maydagi qaroriga muvofiq jami 2 650 nomdagi o‘quv va ilmiy adabiyotlar ro‘yxati shakllantirilgan. Hozirgi kunga qadar 2 076 nomdagi xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar O‘zbekistonga olib kelindi hamda foydalanish uchun Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga joylashtirildi.
— O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasining mohiyati va istiqbolda tizim oldida turgan dolzarb vazifalar haqidagi fikringiz?
— O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasida oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda.
Buning uchun, avvalo, oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratishdan iborat muhim vazifalarni belgilab olganmiz. Masalan, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining flagmaniga aylantirish ustida ish olib borilmoqda.
Respublikadagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish borasida dastlabki natijalar qo‘lga kiritildi.
Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazishga qaratilgan ishlar boshlab yuborildi. Joriy o‘quv yilidan 33 ta OTM ushbu tizimga o‘tkaziladi.
Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari, doktorantlari, bakalavriat va magistratura talabalarining yuqori impakt-faktorga ega nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishi, maqolalarga iqtiboslik ko‘rsatkichlari oshishi, shuningdek, o‘zimizdagi ilmiy jurnallarining xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasiga bosqichma-bosqich kiritilishini ta’minlashga erishishimiz lozim.
Ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarning oliy ta’lim bilan qamrovi darajasini oshirish, ular uchun infratuzilmaga oid sharoitlarni yaxshilash borasidagi dastlabki natijalarimiz quvonarli. Jumladan, oliy ta’lim muassasalariga kirishda ayrim toifadagi yoshlarimiz uchun berilgan imtiyozlar soni o‘tgan yilda 5 ta bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 7 toifadagi yoshlarga to‘liq davlat granti asosida imtiyozlar berilmoqda.
Harbiy xizmatchilar va ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlariga ijodiy imtihonlar mavjud ta’lim yo‘nalishlariga kirishda tavsiyanomadan foydalanish imkoniyati berildi. Sport sohasining yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida “Sport faoliyati” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati 4 yildan 3 yilga qisqartirildi.
"Ma'rifat" muxbiri Ma’murjon QIYOMOV suhbatlashdi.