Bitiruvchilar bandligini monitoring qilish: Tizimni yangilash vaqti keldi
Iqtisodiyotning barcha sohalarini raqamli texnologiyalar asosida yangilashni nazarda tutadigan raqamli iqtisodiyot milliy konsepsiyasini ishlab chiqishimiz kerak. Shu asosda “Raqamli O‘zbekiston — 2030” dasturini hayotga tatbiq etishimiz zarur.
Sh.MIRZIYOYEV
Raqamli iqtisodiyotda zamonaviy ilmiy yondashuv va innovatsiyalar ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib, bunda ilmiy sig‘imkorlik yuqori bo‘lgan tarmoqlar ravnaq topadi. Oliy ta’lim ham bundan mustasno emas. Raqamli texnologiyaning oliy ta’lim tizimidagi tatbig‘ini izohlaymiz. Respublikada yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida mehnat bozorini raqamli texnologiyalar asosida shakllantirishda mutaxassislarni tayyorlash, ishga joylashtirish va bandlik jarayonining davlat tomonidan boshqaruvi alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu bois oliy ta’lim sifatini oshirish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash jarayonini samarali boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, bitiruvchilarning ish bilan bandligi ko‘rsatkichlari va mehnat faoliyatidagi muvaffaqiyatli odimlarini qayd qilib borish imkoniyatlarini beruvchi raqamli texnologiyalardan foydalanish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ta’limda mavjud har qanday bosqichlarning asosiy maqsadi raqobatbardosh yosh mutaxassislarni tayyorlash hamda xizmat ko‘rsatishni ta’minlashga qaratilgan. Ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilim sifatini belgilovchi asosiy omillardan biri esa ularning ishga joylashish darajasi va mehnat faoliyatidagi muvaffaqiyatidir.
Xo‘sh, hozirgi kunda yoshlarning bandligi yoki ularning mehnat faoliyati samaradorligi qanday nazorat qilinmoqda? Ularning ishga joylashuviga har doim ham o‘z vaqtida yordam berilyaptimi? Ularning bandligi holati monitoringi qanday amalga oshirilmoqda? Bandlik monitoringi shaffof o‘tkazilmoqdami?
Oliy ta’lim muassasalari misolida olib qarasak, kadrlar buyurtmachilarining oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga bo‘lgan talabini qondirishda, shuningdek, hududiy mehnat bozorida viloyat (Buxoro viloyati) oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining moslashuvi va ishga joylashishi hamda ularning bandligi ko‘rsatkichlarini real qayd etish va sifat ko‘rsatkichlarini tahlil qilish imkoniyatlarini yaratish dolzarb masala hisoblanadi. Boshqa viloyatlardagi mazkur yo‘nalishdagi holat ham, afsuski, xuddi shunday.
Bir necha yillar davomida respublikamizda OTM bitiruvchilarining ish bilan bandligini o‘rganish jarayoni bir xil bo‘lib, pedagog-xodimlar tomonidan bitiruvchining ish joyiga yoki yashash manziliga tashrif buyurgan holda amalga oshiriladi. Ushbu turdagi yalpi monitoring natijasida rasmiylashtirilgan dalolatnomalar asosida statistik ma’lumotlar shakllantiriladi va davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari ham shu asosda vujudga keladi.
Ammo ana’anaviy usulda o‘rganish ma’lumotlari to‘liq subyektiv ta’sir ostida shakllanadi, qolaversa, bandlik monitoringi uchun ketadigan moddiy va pedagog-xodimlarning vaqti bo‘yicha xarajatlarning ortib borayotgani (Buxoro viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan 4 ta OTMning 2018–2019-o‘quv yili bitiruvchilarining bandlik monitoringi natijasida pedagog-xodimlar tomonidan taxminan 160105.3 ming so‘m sarflangan) endilikda mazkur jarayonni raqamlashtirish zaruratini keltirib chiqarmoqda.
Masalan, Rossiya Federatsiyasida faoliyat ko‘rsatuvchi barcha bitiruvchilarning bandlik holatini monitoring qilish markazlashgan holda avtomatlashtirilgan tizim asosida amalga oshiriladi. Bunda bitiruvchilarning bandlik holati ko‘rsatkichlari ikkita mustaqil manba: Rossiya Federatsiyasining pensiya jamg‘armasi ma’lumotlari hamda Ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning federal reestri asosida aniqlanadi.
Ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning federal reestri bu barcha ta’lim muassasalari (jumladan, oliy ta’lim muassasalari ham) tomonidan bitiruvchilarga berilgan ta’lim olganligini tasdiqlovchi hujjatlar (diplom, sertifikat) ma’lumotlarini ularning berilgan vaqtidan boshlab 60 kun ichida ta’lim muassasasi tomonidan kiritilishi lozim bo‘lgan yagona electron reestr hisoblanadi.
Bu jarayonlar Rossiya ta’lim va fan vazirligining tashabbusi bilan “Bitiruvchilar bandligini monitoring qilish” internet-portalida yoritib boriladi hamda monitoring natijalarini kuzatib borish imkoniyati mavjud. Bandlik monitoringini o‘tkazishning bosh maqsadi bu bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi samaradorligi ko‘rsatkichlarini baholab borishdan iboratdir.
Bandlik monitoringi quyidagi vazifalarni bajaradi:
— Rossiya Federatsiyasi Pensiya jamg‘armasi, Rossiya Federatsiyasining ta’lim va fan sohasini nazorat qilish bo‘yicha federal xizmati va ta’lim muassasalari tomonidan taqdim etilgan bitiruvchilarning ishga joylashuvi holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayta ishlash;
— oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi bitiruvchilariga mehnat bozoridagi talabni tahlil qilish va baholash;
— abituriyentlar va ularning ota-onalariga bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash natijalari to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlarni taqdim etish.
O‘zbekistonda ham davlat strukturasidagi vazirlik, qo‘mita va idoralar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan turli darajadagi ma’lumotlar bazalarining uyg‘unlashtirilishi orqali bandlik monitoringi sifatini oshirish, bitiruvchining faqatgina bandlik holatini aniqlashdan tashqari yana bir qator turli tahlillar uchun foydali bo‘lgan indikatorlar bo‘yicha ham o‘rganish va tahlillarni olib borish imkoniyatlarini yaratish mumkin.
Bu borada Buxoro viloyati hokimligi Yoshlar masalalari bo‘yicha viloyat idoralararo kengashi tomonidan “Yoshlar bandligini ta’minlash markazi (“Call-centre”) faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur markaz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organlarining ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyalashgan elektron platformani yaratish bo‘yicha muayyan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlari asosida yoshlarning pasport ma’lumotlari va identifikatsiyasi shakllantirilsa, Davlat statistika qo‘mitasi iqtisodiyotning soha va tarmoqlari bo‘yicha mehnat resurslarining taqsimotini taqdim etadi.
Shu taxlit:
— Davlat soliq qo‘mitasi – daromad solig‘i ajratmalari bo‘yicha ma’lumotlarni (STIR (INN) va JBPJ (INPS));
— Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi – ish haqi fondidan budjetdan tashqari pensiya jamg‘armalariga ajratmalarni;
— Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi – bitiruvchiga berilgan ta’lim hujjati haqidagi ma’lumotlarni va identifikatsiyasini;
— Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi – ishsiz sifatida ro‘yxatga olingan bitiruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
— Davlat bojxona qo‘mitasi – respublikadan chiqish va kirish bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni;
— Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi – bola parvarishida, muddatli harbiy xizmatda bo‘lgan yoki xorijga chiqib ketgan bitiruvchilar bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etadi. Mazkur ma’lumotlar bazasi markazda qayta ishlanib, umumlashtiriladi, bandlik ko‘rsatkichlari realligi aniqlashtiriladi.
Dasturiy ta’minotda viloyatdagi barcha yoshlarning bandligini ta’minlash va monitoringini yuritish nazarda tutilgan bo‘lib, bunda umumta’lim maktablari, kollej, akademik litsey, texnikum va oliy ta’lim muassasalari, jumladan uyushmagan yoshlar, ichki ishlar organlari ro‘yxatida turuvchi, tarbiyasi og‘ir, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, nogiron va imkoniyati cheklangan yoshlarning ham qamrab olinishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, bitiruvchilar axborot bazalari bilan ish beruvchilarning axborot bazalari hamda kasbga va mutaxassislikka qayta tayyorlash markazlari(o‘quv markazlari, mono-markazlar, IT o‘qitish markazlari, o‘quv kurslari, tadbirkorlik kurslari, biznes akseleratorlar)ga yo‘naltirishning imkoniyatlari yaratilishi loyihalashtirilgan.
Rivojlangan davlatlar(Ispaniya, Italiya, Avstriya va h.k.), shuningdek, Rossiya Federatsiyasida yuqorida sanab o‘tilgan ma’lumotlarni tegishli davlat va budjet tashkilotlari, shu jumladan, oliy ta’lim muassasalari o‘z faoliyatida davlat boshqaruvi organlaridagi ma’lumotlar bazalariga servis darajasida ma’lumotlarni almashish orqali axborot tizimini integratsiya qilishlariga bemalol imkoniyat yaratib berilgan. Raqamli texnologiyalarning bu yo‘nalishdagi imkoniyatlari ma’lumotlarning yagona identifikatsiya orqali davlat, budjet hamda jamoat tashkilotlari faoliyatini raqamlashtirish jarayonini yanada tezlashtiradi. Demak, raqamlashtirish jarayonlarining tezlashishi hamda samarali tatbiq etilishida boshqaruv organlaridagi ma’lumotlar bazalariga servis darajasida ma’lumotlarni almashish orqali axborot tizimini integratsiya qilishdagi muammolarni hal qilish maqsadga muvofiq. Chunki raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarisiz yuksalishga erishib bo‘lmaydi. Zotan, bu texnologiya xalqimizga raqamli axborot tizimidan foydalanishning afzalligini keng targ‘ib etish va ta’lim sohasida raqamli iqtisodiyot bilan bog‘liq fakultativlarni ko‘paytirishdek dadil qadamlar qo‘yishimizga turtki bo‘ladi. Shu bilan birga, har qanday sohaning shaffoflik darajasini oshiradi, korrupsiya holatlarining kamayishiga xizmat qiladi.
Obidjon HAMIDOV, Buxoro davlat universiteti rektori, iqtisod fanlari doktori, professor