Belarus universitetida O‘zbek tili va madaniyati markazi tashkil etiladi
Belarus davlat universiteti va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Shartnoma talabalarning akademik almashinuvini, qo‘shma konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar tashkil etishni, ilmiy-tadqiqot, noshirlik, ishlaridagi hamkorlikni, shuningdek, ilmiy-uslubiy materiallar va adabiyotlar almashinuvini nazarda tutadi.
Universitetlar rahbarlari o‘zlari rahbarlik qilayotgan muassasalar faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida ma’lumot almashdilar. Shuhrat Sirojiddinov o‘zbek tili va adabiyotini ommalashtirish o‘zi rahbar bo‘lgan universitetning asosiy vazifalaridan biri ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
So‘nggi ikki yil ichida Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning faol rivojlanishi madaniy-gumanitar aloqalarni va, birinchi navbatda, universitetlararo hamkorlikni taqozo etmoqda.
BDUning filologiya fakultetida romano-german, slavyan, sharq tillari bo‘yicha mutaxassisliklar mavjud. Tomonlar o‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha taklifni qo‘llab-quvvatladilar va Belarus universitetida O‘zbek tili va madaniyati markazini ochish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Ushbu markaz O‘zbekistonning milliy madaniyati, adabiyoti va urf-odatlari bilan tanishishga imkon beradi. Markaz 2021-yil yakuniga qadar BDUda tashkil etiladi.
D.Mamatova, O‘zA