“General” onaning professor o‘g‘li
Sarlavhadagi “general” so‘zi rasmiy harbiy unvon emas. O‘sha mashhur “Suyunchi” filmidagi ona obraziga berilgan ta’rifga o‘xshatma. “Professor” esa “general”ning o‘g‘li haqiqatan ega bo‘lgan ilmiy unvon. Quyida shu unvon sohibi to‘g‘risida hikoya qilamiz.
Professor deganimiz — Abdullaaziz Ortiqboyev. Mamlakatimiz ilm-fan olamida o‘z o‘rniga ega yirik mutaxassis. Avvalgi Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti(hozirgi Toshkent davlat transport universiteti)da assistentlikdan prorektorlikkacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan chin fidoyi. U kishining muvaffaqiyatlarida ustozlari qatori onasining alohida o‘rni bor. Keling, so‘zni domlaning bolalik yillari, maktab davridan boshlasak.
Abdullaaziz Ortiqboyev 1950-yili Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan. Otasi Ortiqboy Mamatqulov front qatnashchisi bo‘lgan. Urushdan yarador bo‘lib qaytgach, jamoa xo‘jaligida mirob bo‘lib ishlagan. 1953-yili esa olamdan o‘tgan. Bu paytda qahramonimiz hali uch yoshga to‘lib ham ulgurmagandi. Ana endi olti farzandga ham otalik, ham onalik mas’uliyati Soraxon aya yelkasiga tushdi. “General” deganimiz ham shu zot.
— Onam juda irodali, aqlli, aytganini qiladigan va aytganini qildiradigan, bir so‘zli inson edi. Mahalla-ko‘y orasida volidamizni “general” deb atashardi. Bizni bekam-u ko‘st o‘stirdi, — deya xotirlaydi Abdullaaziz aka. — Hayotning baland-pasti, og‘ir-yengili onam irodasini egolmadi. Bizni ham shunday tarbiyaladi. Bir voqea esimdan hech chiqmaydi. Adashmasam, oltinichi sinfda o‘qirdik. Qaysidir bayram arafasi edi. Maktab rahbariyati bir guruh o‘quvchilar qatori menga ham sovg‘a ulashdi — yangi palto berishdi. O‘zimda yo‘q xursandman. Oldim-u, g‘ayirligi kelgan sinfdoshlarimning “Senga yetimliging uchun berildi bu”, degan gapi mohiyatini ham anglamay, uyga chopdim. Onam ovqat tayyorlayotgan ekan. Bolalik emasmi, “Aya, qarang, menga yetimligim uchun palto berishdi”, deb yuboribman. Onam muzlab qoldi. Menga qaradi-yu, “Bolam, nega sen yetim bo‘larkansan, axir men borman-ku. Yo‘q, sen yetim emassan. Buni qaytarib olib bor”, dedi. Boya uyga qanday kelganimni bilmayman, ammo maktabga qaytishda bosgan har bir qadamim yodimda. O‘ylashimcha, menda g‘urur, or tuyg‘usi ana shu voqeadan so‘ng qat’iylashdi. Sovg‘ani qaytardim. Maktab direktori Fayzulla Umarov va sinf rahbarim Sayfiddin Ziyoyev men bilan uyga kelib, onamdan uzr so‘rab ketishdi. Ertasi kuni mehribonim menga bozordan eng zamonaviy, kechagidan ham zo‘r palto olib berdi...
Ilmga chanqoq bolakayning maktabga olinishi ham qiziq bo‘lgan. Yettiga to‘lmasdan 1955-yili tumandagi 10-maktabga hali akasi, hali opasiga qo‘shilib, darslarga borgan. Gohida esa sinfga ham kiritilmagan.
— Jurnalga hatto ism-familiyam yozilmagandi. Hali maktab yoshiga yetmagandim-da. Sinfga kirgizishmagani uchun eshik oldida yig‘lab turgan holatim hamon ko‘z oldimda. So‘ng bir o‘qituvchi menga achingani uchun ichkariga kiritardi. Boshqalardan ko‘ra yaxshiroq javob berishimni ko‘rgach esa bir-ikki oydan keyin kelib onamga “O‘g‘lingizni jurnalga yozib qo‘yaveraman”, degan ekan.
Abdullaaziz Ortiqboyev maktab yillarini eslarkan, ham hayot, ham ilm-u fan sirlarini o‘rgatgan ustozlarini bir-bir yodga oladi. Ulardan minnatdorligi mehr yo‘g‘rilgan har bir so‘zida sezilib turadi.
— Kasbiga juda sodiq, fidoyi o‘qituvchilar dars bergan bizga. Avval boshlang‘ich sinfda o‘qitgan, so‘ng yuqori sinflarda ham dars bergan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchimiz Sayfiddin Ziyoyevni yaxshi eslayman. Yoshim yetmasa-da, ism-familiyamni jurnalga kiritgan ustoz ham shu kishi edi. Uning o‘tgan darslari haligacha yodimda. Negaligini bilasizmi?! Chunki dars o‘tish uslubi o‘zgacha edi. Masalan, adabiyotdan Furqatning ijodi bilan tanisharkanmiz, “Sayding qo‘yaver, sayyod...”ni qo‘shiq tarzida kuylab bergandi.
Bunaqasi kam bo‘lardi.
Yana bir o‘qituvchim — Marg‘uba Shermatova. Kimyodan dars berardi. Juda yaxshi o‘tilardi bu fan ham.
Albatta, matematika yo‘nalishini tanlashimga shu fan o‘qituvchilarim sababchi bo‘lgan. Yusuf Tolipov degan o‘qituvchimiz bor edi. Ilk matematika o‘qituvchim. Undan keyin Rixsitilla Azimov, Abdulxalil Sulaymonov, Ergash Shofayziyev degan o‘qituvchilar dars berdi bizga. Ayniqsa, Ergash Shofayziyevning darslari o‘zgacha edi. Mavzuni tushuntirishga shu qadar berilib ketganidan doska yonidagi harakatlar xuddi raqsga tushayotgan kishini eslatardi. Geometriyaga ham ayni shu inson sabab mehrim tushgan.
Shu tariqa bo‘lg‘usi professorning qalbida aniq fanlarga ishtiyoq kuchaygandan kuchaydi. Domla bu ishtiyoqni yana bir xotira bilan bog‘laydi.
— 10-sinfda o‘qiyotganimda matematikadan tuman olimpiadasida g‘olib bo‘lib, keyingi bosqichga chiqdim. O‘sha kezlari sinfdoshim Hakim Tojiyevning tuman gazetasida men haqimdagi “Matematik bo‘laman” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Shu maqola ham ichimdagi cho‘g‘ni alangalatdi chog‘i, matematik bo‘laman degan maqsad qat’iylashdi.
Maktabni tamomlagach, Abdullaaziz Ortiqboyev Toshkent davlat universitetining mexanika-matematika fakultetiga o‘qishga kirdi. To‘garaklarda qatnashdi. Qiziqishlari sabab geometriya sohasini tanladi. Keyin aspiranturada o‘qishni davom ettirdi. Bu bosqichda Moskva davlat universiteti professori Baris Abramovich Ruzenfeldga shogird tushdi. 1975-yil sentabrda aspiranturani tamomlab Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida ish boshladi.
— O‘sha yildan boshlab hayotim shu oliy o‘quv yurti bilan bog‘landi. Assistent, o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, prorektor... shu yo‘llarni bosib o‘tdim. Nomzodlik dissertatsiyamni 1978-yilda yoqlaganman. Ustozlar yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, katta yordam bergan. Masalan, Moskva davlat universitetida geometriya bo‘yicha yirik mutaxassis, fan doktori, professor Eduard Poznyakning yordami katta bo‘ldi. Fan doktori bo‘lgunimcha ilmiy ishimni nazorat qildi. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri ilmiy rahbarim ham emasdi, qizig‘i. Lekin ilmiy ishim mavzusi, mazmuniga qiziqardi. Ish muvaffaqiyatli yoqlandi... Bir muddat O‘zMUda ham ishladim kafedra mudiri bo‘lib. So‘ng yana qadrdon institutimga qaytib, ma’naviy-ma’riiy ishlar bo‘yicha prorektor bo‘ldim.
Domla universitet ma’naviy muhitini tamoman o‘zgartirib yubordi desam, mubolag‘a qilmayman. Birgina misol — u kishi o‘tkazgan tadbirlar. Shunchaki hisobot uchun o‘tadigan tadbirlardan tubdan farq qilardi ular. Mana, masalan, “Bir qo‘shiq xumori”.
— Bir voqea sabab bo‘ldi-yu, qo‘shiqning ham xumori tutarkan insonni degan fikrga kedim. Universitetda shunday mazmundagi tadbir o‘tkazishni maqsad qildim. Tanlov tarzida o‘tadigan tadbir senariysini ishlab chiqdim. Qischaqa sharti bunday: bir qo‘shiq talabalarga topshiriq sifatida aytiladi. Ular avval qo‘shiq matnini izohlab referat yozishadi. Eng yaxshi ishlar saralanadi. So‘ng saralab olingan ishlar mualliflari hakamlar hay’ati oldida sinovdan o‘tadi. Imkon qadar shu qo‘shiqni ijro etgan san’atkor ham taklif etiladi. Yakuniy bosqichda 12 talaba bellashadi. Ular orasidan uchta o‘rin sohibi aniqlanib, pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
“Qaro ko‘zum”, “Ustina” qo‘shiqlari matni ustida soatlab kechgan do‘stona bahs-munozara, tortishuvlar qatnashchilarga katta ta’sir qilgan. “So‘z va soz sehri” tadbirimiz ham juda ajoyib tarzda o‘tardi. Bilasizmi, bu tanlov, tadbirlarda qatnashgan hamma ham g‘olib bo‘lmas. Biroq endi u qo‘shiqni ham saralab tinglaydi — so‘ziga, kuyiga e’tibor qaratib.
Texnika odami o‘z sohasini bilsa bo‘ldi-da, unga so‘zni his qilish ne darkor deguvchilarga ham domlaning javobi tayyor.
— “Aqlli odam ishlatayotgan so‘zining ma’nosini bilishi kerak!”. Men darsga kirgach, har bir talabaning daftari boshiga shu so‘zlarni yozdiraman. Kimdir mavzuni gapirayotib, masalan, “hosila” degan so‘zni ishlatsa, darrov ta’rfini, mazmunini so‘rayman. Bilsa, rag‘batlantiraman, bilmasa, “Daftaringiz boshida nima yozilgandi, bir o‘qing”, deyman, tamom. Matematik bo‘ladimi, fizikmi, astoronommi, ishlatayotgan har bir so‘ziga e’tiborli bo‘lishi kerak.
Tajribali pedagogning dars o‘tish uslubi ham o‘ziga xos. Buni yillar davomida domla o‘qitgan istalgan talaba tasdiqlashi mumkin. Murakkab qoida, teoremalarni oddiy va qiziq usulda, hayotiy misollar yordamida tushuntirishni hamma pedagog ham eplayvermaydi, axir.
Hozirgi kunda domlaning besh shogirdi bor. Darvoqe, u kishi o‘z yo‘nalishida ilmiy unvonga egalarinigina shogird deyishga haqliman, deydi kamtarlik bilan. Bo‘lmasa, qancha talabaga dars o‘tmagan deysiz. Ular orasida o‘z sohasida muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatib, yuksak mukofotlarga ega chiqqani qancha.
— Bu yil auditoriyaga darsga kirganimga 50 yil to‘ladi. Ko‘plab yigit-qizlarga sohaning sir-asrorini imkon qadar o‘rgatdim. Ularning yutuqlaridan boshim osmonga yetadi. Masalan, men dars o‘tgan talabalardan ikki nafari bir yilda “O‘zbekiston Qahramoni” bo‘ldi. Biri Turg‘un Azlarov, ikkinchisi Ochilboy Ramatov.
Sohaning yetuk bilimdoni 2011–2017-yillar davomida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida kadrlarni qayta tayyorlash bo‘limi boshlig‘i sifatida ishladi. Hozir Toshkent davlat transport universitetida faoliyat yurityapti.
— Hayotda erishgan yutuqlarimning asosida onamning “generallik” o‘rni beqiyos. Men nomzodlik dissertatsiyasini Minsk shahrida Belorussiya davlat universitetida himoya qilganman. Bunda onam himoyaga bormagan. Doktorlik dissertatsiyasini 1993-yili Toshkent davlat universitetida yoqladim. Onamdan himoyaga borishini so‘rasam, “Bolam, shuncha ishlar bo‘ldi, ketingdan biror marotaba bormaganman. Endi ham seni do‘stlaring bilan uyda kutaman”, dedilar. Himoyadan keyin onamni tabriklagani ko‘plab olimlar kelganini hanuz eslayman.
Domla bu yil 71 yoshni qarshilaydi. Halol, kamtarin ustozga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik tilaymiz. Niyatimiz xalqimizning “general” onalariyu professor farzandlari ko‘payaversin.
Dilshod RAHMATOV, Toshkent davlat transport universiteti matbuot xizmati rahbari