O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filiali tashkil etildi
Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filialini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra:
Filial O‘zbekiston davlat konservatoriyasining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.
Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilansin:
– kadrlar tayyorlash jarayoniga sohaning yetuk va malakali mutaxassislarini jalb qilish orqali ilm-fan va ta’limning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash;
– milliy musiqa san’ati sohasida yuqori malakali bakalavr va magistrlarni, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib borish salohiyatiga ega bo‘lgan ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;
– ilmiy tadqiqotlar natijalari bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish;
– talaba yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalliy va xalqaro grantlarni jalb etgan holda ularning xorijda ta’lim olishi, ilmiy-ijodiy ishlar bilan shug‘ullanishini samarali tashkil etish, hamkorlikdagi konsert dasturlarini muntazam asosda yo‘lga qo‘yish;
– kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy-ijodiy faoliyatni yanada rivojlantirish, iqtidorli talaba yoshlarni ushbu yo‘nalishga keng jalb etish;
– soha mutaxassislarini xorijiy turdosh oliy ta’lim muassasalarida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, stajirovka o‘tashlarini tizimli tashkil etish.
Filialda o‘quv jarayoni 2021/2022-o‘quv yilidan boshlanadi;
Filialga talabalarni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul qilish ko‘rsatkichlari har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.
Filialning 2021/2022-o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul jarayoni va ijodiy imtihonlari O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘tkaziladi.