Ozod va erkin hayotimizning mustahkam poydevori
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi munosabati bilan 7-dekabr kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat arboblari, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport namoyandalari, keng jamoatchilik, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizni ushbu qutlug‘ ayyom bilan muborakbod etib, Asosiy Qonunimizda belgilangan fuqarolarning huquq va manfaatlari, mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lidagi ustuvor yo‘nalishlar haqida ma’ruza qildi.
O‘zbekiston yangi taraqqiyot yo‘lidan olg‘a ildamlamoqda. Barcha sohada jadal sur’atda olib borilayotgan islohotlar, avvalo, xalqimiz farovonligini yuksaltirishni maqsad qilgan. O‘ziga xos yil sarhisobiga aylangan Konstitutsiya bayramida yakunlanayotgan yilda bajarilgan ishlar ko‘z oldimizdan o‘tadi, nimalarga erisha oldigu, qaysi vazifalarni uddalashda sustkashlikka yo‘l qo‘yildi, degan savol ko‘ndalang bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida shu masalaga e’tibor qaratdi. Mamlakatimizda qonuniylikni ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvida, kundalik hayotimizda ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini qaror toptirish, xalqimizni rozi qilish borasidagi vazifalarga to‘xtaldi.
Asosiy Qonunimizda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat sifatida belgilangan. Mamlakatimizda bundan uch yil oldin xalq bilan muloqotning mutlaqo yangi shakli – Xalq qabulxonalari tashkil etilgani fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidlash joiz. Bugun barcha darajadagi davlat idoralarida murojaatlar bilan ishlash, odamlarni tinglash, muammolarini hal etish birinchi darajali masalaga aylandi. Odamlarda adolatga, qonun ustuvorligiga ishonch ortdi. Eng muhimi, yurtdoshlarimizda yon-atrofidagi muammolarga, ijtimoiy jarayonlarga nisbatan daxldorlik tuyg‘usi kuchaydi.
Lekin shu bilan birga qonunlarning mukammal ishlashi, shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlar to‘la ro‘yobga chiqishi, soddaroq aytganda, islohotlar hayotimizda o‘z ifodasini topishi uchun fuqarolarda huquqiy ong va madaniyat shakllangan bo‘lishi zarur. Fuqarolarda, barcha bo‘g‘indagi rahbarlarda Konstitutsiya va qonunlarga itoat tuyg‘usi qaror topsagina jamiyatimiz o‘zgaradi, hayotimiz yanada farovon bo‘ladi.
Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida qonun ustuvorligini ta’minlash demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanishi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ishlab chiqayotgan hujjatlar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq bo‘lishi shartligini alohida ta’kidladi. Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan samarali vosita yo‘q ekani, qonuniylikni qaror toptirish, qonun buzilishiga qarshi kurashish borasida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari “uyg‘ongani” qayd etildi.
Jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarni uzluksiz davom ettirish, bu boradagi ko‘nikmalarni farzandlar tarbiyasiga bolalikdan singdirish kerakligiga e’tibor qaratildi.
Bosh qomusimizda belgilangan insonparvar tamoyillar to‘la amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda Prezidentimizning jinoyat sodir etganlarni afv etish bo‘yicha 8 ta farmoni qabul qilinib, 4 mingdan ziyod shaxs jazoni o‘tash joylaridan ozod qilindi.
Konstitutsiya bayrami arafasida davlatimiz rahbari yana bir shunday farmonga imzo chekdi. Unga binoan, jinoiy qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 92 nafar mahkum afv etildi. Joriy yilda Jasliq qo‘rg‘onidagi jazoni ijro etish koloniyasi yopilgani ham insonparvar siyosatning amaliy namunasi bo‘ldi.
O‘tgan uch yilda 9 ming 692 nafar, jumladan, bu yil 5 ming 868 nafar shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari huquqni muhofaza qiluvchi organlarni faqat va faqat xalq manfaati yo‘lida og‘ishmay xizmat qiladigan idoralarga aylantirish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Bayram tantanasiga yig‘ilganlar qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, Mustaqilligimiz qo‘shig‘iga jo‘r bo‘ldi.
Bugungi shiddatli davrda oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erishishda, xalqimiz uchun hech kimdan kam bo‘lmagan hayot barpo etish, iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish, eng muhimi, mamlakatimizning rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan joy olishida mustaqil taraqqiyotimiz, ozod va erkin hayotimizning mustahkam poydevori bo‘lgan Konstitutsiyamiz beqiyos kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qilaveradi.
Tantanali marosimda yurtimiz san’at ustalari va yosh ijrochilar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
O‘zA