"Davlat tilida ish yuritish" kitobining taqdimoti o‘tkazildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida "Davlat tilida ish yuritish" nomli kitobning 9-nashri taqdimoti o‘tkazildi.
Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan Fanlar Akademiyasi o‘zbek tili, adabiyoti va fol'klori instituti tomonidan qayta ishlangan «Davlat tilida ish yuritish» nomli mazkur yangi qo‘llanmada ish yuritish faoliyatida eng ko‘p foydalaniladigan hujjatlar, ularni tuzish tartib-qoidalari tegishli namunalar bilan berilgan. O‘z navbatida, kitobdan ish yuritishga oid lug‘at o‘rin olgan.
Har birimiz fikrimizni tinglovchiga aniq va ravon yetkazish uchun tildagi uslublardan xabardor bo‘lishimiz, kundalik so‘zlashuv tilini bilishdan tashqari, rasmiy ish yuritish tilini ham bilishimiz kerak. Har qanday vazirlik, korxona, idora rahbari va xodimlarining faoliyatini esa ish yuritish qog‘ozlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu maqsadda ushbu qo‘llanmada “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonunining o‘zak moddalarida ish yuritishning tilga aloqador jihatlari qoidalashtirilgan.
Vazirlik va idoralarda, jumladan ta'lim inspeksiyasida ham ayni paytda hujjatlar matnini tuzish sermehnat va sermashaqqat jarayondir. Bu jarayonni oqilona va samarali tashkil etish uchun ish hujjatlarini yuritish qoliplaridan foydalanish bugungi kunda ehtiyoj hisoblanadi. Shuning uchun har birimiz har qanday zaruriy axborotni rasmiy – ish tilining tegigshli shakllarida bemalol ifodalay olishimiz, idoraviy ish yuritish malakalarni puxta egallagan bo‘lishimiz maqsadga muvofiq.
Qo‘llanma, asosan, vazirlik va tashkilotlar rahbarlari va xodimlari, boshqaruv faoliyatida bevosita hujjat ustida ish yurituvchilar, kotib-referantlar, kadr xizmati xodimlariga mo‘ljallangan. Shuningdek, undan hisobchilar, adliya maslahatchilari, auditor, menejerlar ham foydalanishlari mumkin.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyati doirasida uzluksiz ta'lim tizimidagi barcha davlat va nodavlat ta'lim tashkilotlari bilan hamkorlik ishlarini olib borishda ushbu «Davlat tilida ish yuritish» qo‘llanmasidan foydalanish o‘z samarasini berishi shubhasiz.
Abdurahim NOSIROV,
Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi