Tuzatmaguningizcha gapiraveramiz
Ona tilini o‘qitishda o‘quvchining fikr-mulohazalarini og‘zaki va yozma shaklda savodli bayon qila olishiga alohida e’tibor qaratiladi. 8-sinf ona tili darsligida berilgan matn va mashqlar ham o‘quvchilarni bahs-mulohaza yuritish, mustaqil va ijodiy fikrlashga o‘rgatadi. Har bir mavzuda bo‘limlardagi aloqadorlikka e’tibor qilingan. Ammo darslik ayrim kamchiliklardan xoli emas. So‘zlarning lug‘aviy ma’nolari (leksikologiya) va ular ustida ishlash, lug‘at tuzish, yodda saqlash aytiladi, biroq uy vazifalarini berishda ayrimlarida mavzular hisobga olinmagan. Masalan, “Kesim. Fe’l kesim va ot kesim” mavzusida uyga berilgan topshiriqqa e’tibor beraylik:
61-topshiriq. Berigan so‘zlardan barno, davlatmand, erinchak, mag‘lub, surbet, hayoli, himoya, mudofaa, huzur-halovat so‘zlarining antonimlarini aniqlang: Mehnatkash, g‘olib, andishali, uyatsiz, chorasizlik, hujum, azob-uqubat, xunuk, kambag‘al.
O‘quvshilar antonimlarni aniqlaydi. Bu yaxshi. Ular leksikologiya bo‘limida o‘rgangan bilimlarini yodga olishadi. Ammo yangi mavzu-chi? Bu so‘zlar ishtirokida gaplar tuzing va kesimning ifodalanishiga ko‘ra turiga e’tibor bering, deyilishi lozim edi. O‘quvchilar gaplar tuzib, kesimni tahlil qilishardi.
Keyingi mavzu “Matn va lug‘atlar bilan ishlash”. Bu mavzu uchun mumtoz matn tanlangani quvonarli va qiziqarli. O‘quvchilarni mumtoz matn va lug‘atlar bilan ishlashga, mulohaza qilishga yordam beradi. Biroq o‘tgan mavzumiz haqida eslatilmaydi ham.
Bunday holat “Sodda kesim va murakkab kesim”, “Bog‘lamalar”, “Egali va egasiz gaplar”, “Yig‘iq va yoyiq gaplar”, “Hol”, “Matn va lug‘atlar bilan ishlash” kabi mavzulardagi uyga berilgan topshiriqlarda ham uchraydi. Ularda so‘zlarning izohini topish, yodlash aytilgan. Nazariy bilim bir soat berilgan, biroq uni amaliyotda qo‘llay bilishi uchun tahlillar berilmagan, boshqa mavzu haqida bosh qotirishi yangi mavzu haqidagi bilim, ko‘nikma hosil qilishga to‘sqinlik qilmaydimi?
8-sinfda sintaksis bo‘limini o‘rganamiz. Bu jarayon ham ancha murakkab. O‘quvchilar bilan ko‘proq tahlil ustida ishlanmasa, ular mavzuni o‘zlashtirolmaydi. Leksikologiyada o‘rganilgan bilimlarni mustahkamlash, uni sintaksis bo‘limida eslash, o‘rganish ma’qul, biroq har qanday holatda ham mavzuga bog‘lanishi, o‘quvchilar faqat so‘zlarning lug‘aviy ma’nolarini o‘rganibgina qolmay, ular ishtirokida gapdagi sintaktik vazifasini o‘rganishsa, yaxshi bo‘lardi.
Darslikdagi “Bilib oling” rukni ostida berilayotgan nazariy ma’lumotlarda ham noaniqlik bor. Masalan,“Gapda biror bo‘lakning ma’nosi so‘zlovchi nazarida noaniqlik bo‘ladi va uning ma’nosini aniqroq berish, izohlash maqsadida xuddi shunday boshqa bo‘lakni gapga kiritadi. Ajratilgan aniqlovchiga keltirilgan gapni olaylik: Qobil bobo, yalangbosh, yalangoyoq, eshik yonida dag‘-dag‘ titraydi. Bu gapda noaniqroq aniqlovchi qani? Yoki “Ajratilgan bo‘lakning o‘z ichida vergul bo‘lsa, ikki tomoniga tire qo‘yiladi”, deyilgan. Yuqoridagi gapda bunga ham amal qilinmagan.
Taklifim: har bo‘lim tugaganda mustahkamlash uchun test savollari berib borilsa, o‘quvchilarning mustaqil ishlashiga imkoniyat tug‘ilardi.
Risolat JUMANAZAROVA, Qamashi tumanidagi 42-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi