Inson aziz, xotira muqaddas
Aslida xalqimiz asrlar davomida orzu qilib kelgan mustaqillik osonlik bilan qo‘lga kiritilgan ne’mat emas. Yoshlarni istiqlol va adolat tantanasi uchun jonini fido qilgan ota-bobolarimizning xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning jasorat va ibratli faoliyatlarini targ‘ib etish borasida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda inson aziz, xotirasi muqaddasligi o‘z ifodasini topmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qatag‘on qurbonlari merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida tumanimizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Natijada ta’lim muassasalarida qatag‘on qurbonlarini yod etish, xotirasini abadiylashtirish borasida maqsadli izlanishlar olib borilmoqda. Jumladan, 53-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi jamoasi ham bu borada ijobiy ishga qo‘l urdi. Jamoa qatag‘on qurboni bo‘lgan Usmon Boltayevnining xotira burchagini tashkil etdi.
Usmon Boltayev hozirgi Kasbi tumanidagi Qamashi qishlog‘ida 1901 yilda tavallud topgan. 1926 yilgacha podachilik qilgan. 1926-1928-yillarda Qamashi qishloq sovetida kotiblik qilgan. 1928–1932 yillarda ayni shu qishloq sovetida rais bo‘lgan. 1932–1937 yillarda Behbudiy rayon ijroiya komiteti raisi vazifasida ishlagan.
Qashqadaryo okrug partiya komiteti plenumining a’zosi bo‘lgan Usmon Boltayev O‘zbekiston SSR Markaziy ijroiya komitetining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan. To‘g‘ri, u garchand qaltis va inson taqdiri sariq chaqaga olinmaydigan bir zamonda umrguzoronlik qilgan bo‘lsa-da, o‘z hayotini, borlig‘ini el-ulusga naf keltirishdek ezgu va savobli yumushga baxsh eta olgan edi. Ammo oxir-oqibatda bu inson otuvga hukum qilinib, umri erta xozon bo‘ldi.
Usmon Boltayev SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasining 1938 yil 14 oktyabrdagi yig‘ilishida o‘limga hukm qilingan.
11-umumiy o‘rta ta’lim maktabining o‘quvchilari ham qatag‘on qurbonlari nomlarini aniqlash borasidagi ishlari natijasida 1935 yilda Baydoqchi qishlog‘ida tug‘ilgan Shaymurod Boltayev nomi aniqlandi. U kishi 1984 yilda paxta ishi bo‘yicha 11 yilga qamalgan. Xuddi shu qishloqda yashagan, 1904 yilda tavallud topgan Mo‘min Eshqoraev quloq qilinib, 5 yilga Sibirga surgun qilingan.
O‘qituvchi va o‘quvchilar tomonidan bunday ezgu ishlarning amalga oshirilayotgani yurtimiz mustaqilligi, erki va haqiqat uchun kurashgan, xalqimiz huquqlarini himoya qilgan va natijada qatag‘on qurboniga aylangan ota-bobolarimizning ruhini shod etadi. Bunday ezgu va savob ishlarni hamisha davom ettirishga harakat qilamiz.
Ibrohim MUSAYEV, Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani xalq ta’limi bo‘limi ma’naviy-axloqiy tarbiya va bolalarni ijtimoiy himoyalash sho‘basi mudiri