Pedagog metodik ta’minotni qayerdan oladi?
Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov pedagoglar bilan interaktiv tarzda muloqotga kirishdi. U ta’limga doir so‘nggi farmon va qarorlar bilan pedagoglar qaysi manbalar orqali tanishishini so‘raganda, o‘qituvchilar gazeta va jurnallardan, deya javob berishdi. Shundan so‘ng, mavzu bo‘yicha savol-javob olib borildi. Afsuski, aksariyat o‘qituvchilar ta’limga doir qaror va farmonlar bilan yaxshi tanish emasligi oydinlashdi. Ular savollarga jo‘yali javob bera olmadi. Buning asosiy sababi sifatida o‘qituvchilar gazeta va jurnallarni o‘qib bormasligi ko‘rsatildi. Hatto sohaga doir ta’lim nashrlari, jumladan, “Ma’rifat” gazetasini ham o‘qib bormasliklari keskin tanqid qilindi. Ayniqsa, bu yil majburiy obunaga chek qo‘yilgandan so‘ng, aksariyat tarmoq nashrlarining adadi kamayib ketgani afsus bilan ta’kidlandi.
Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida tashkil etilgan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirishda maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlarining asosiy roli” mavzusidagi amaliy seminar shu tarzda noan’anaviy shaklda boshlandi.
Xalq ta’limi vazirligi mutasaddi xodimlari hamda Toshkent shahri va viloyatidagi ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 150 nafardan ortiq maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari ishtirok etgan seminarda direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari mas’uliyati, ta’lim jarayonini sifatli tashkil etishdagi o‘rni xususida atroflicha ma’lumot berildi. Muloqot chog‘ida bir qancha muammolar o‘rtaga tashlandi.
Jumladan, sinf jurnali to‘liq nashrdan chiqarilgan bo‘lishiga qaramay, hamon ko‘plab maktablarga yetib bormagani ma’lum bo‘ldi. Vazirning birinchi o‘rinbosari ushbu muammo allaqachon o‘z yechimini topgan bo‘lishiga qaramay, maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari jurnalni o‘z maktabiga yetib kelishini nazoratga olmaganini ta’kidladi.
Seminarning ikkinchi qismida ishtirokchilar guruhlarga bo‘lindi. Sho‘balarda o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish bo‘yicha huquqiy-me’yoriy hujjatlarga kiritilgan o‘zgarishlar, ta’limda sifat va samaradorlikni ta’minlashning dolzarb masalalari, maktablarda byudjetdan tashqari mablag‘ topish va pullik ta’lim xizmatlarini tashkil etish, umumta’lim maktabiga o‘quvchilar qabulini uyushtirish va qat’iy nazoratda turuvchi hujjatlarni yuritish masalalari muhokama qilindi. Pedagoglar seminar davomida kelgusi faoliyatlarida e’tibor qaratishi zarur bo‘lgan jihatlarni belgilab oldi
Zilola MADATOVA