Qashqadaryo viloyatidagi maktablar holati qanday?
Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati sohani yanada rivojlantirish, islohotlar samaradorligini ta’minlash maqsadida joylardagi vaziyatni o‘rganib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralarni ko‘rmoqda.
Jumladan, vazirlik rahbariyatidan iborat ishchi guruh tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi 20 dan ziyod ta’lim muassasalarida kuzatuv ishlari olib borildi. Tekshiruv jarayonida viloyatdagi ta’lim muassasalari uchun 2018-yil davomida 101,4 mlrd so‘m mablag‘ sarflanib, jami 80 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgani aniqlandi. Bu esa 2016-2017-yillarga nisbatan 1,1 barobar ko‘pdir.
Bundan tashqari, 2018-yil davomida viloyatdagi 200 dan ortiq maktabda isitish tizimi yangilandi. Qo‘lbola “burjuyka” pechlar, ma’naviy eskirgan, yaroqsiz qozonlar yangi, zamonaviysiga almashtirildi.
Shunga qaramay, viloyatda yechimini kutib turgan masalalar ko‘p. Misol uchun, Mirishkor tumani “Vori” QFYda joylashgan 17-maktab holati o‘rganilganda, ushbu hudud 10 yil avval tabiiy gazdan uzilgani sabab, tabiiy gazga mo‘ljallangan 6 ta isitish qozonidan foydalanish imkoni yo‘qligi aniqlangan. Ishchi guruh sa’y-harakati bilan qo‘lbola pechlar orqali isitiladigan maktabga jamg‘arilgan 10 tonna ko‘mir briketi zaxirasiga qo‘shimcha 16,5 tonna ko‘mir yetkazib berildi. Shu bilan birga, bir hafta muddatda qattiq yoqilg‘iga mo‘ljallangan 6 dona yangi qozon o‘rnatilib, foydalanishga topshirildi.
Yakkabog‘ tumanidagi 13-maktabning 3 ta sinfxonasidagi hamda 25-maktab sinfxonalaridagi eskirgan jihozlar Yakkabog‘ agrobiznes kasb-hunar kollejining foydalanilmayotgan yaroqli jihozlariga almashtirildi.
Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatidagi 300 dan ortiq maktabning isitish tizimini modernizatsiya qilish zarurati bor. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan maktablarni isitish bo‘yicha xorij tajribasini o‘rgangan holda, mazkur muammoni bartaraf etish uchun ularni butunlay yangicha (energiya tejamkor) isitish tizimiga almashtirish ishlari olib borilmoqda.
Vazirlik rahbariyati tomonidan maktablardagi muammolarni o‘rganish va joyida bartaraf etish ishlari nazoratga olingan.