Yangi yildan yangi maktabda
Yunusobod tumanidagi 21-maktab “Obod mahalla” dasturi asosida yangi qiyofa kasb etdi. Su munosabat bilan o‘trazilgan tadbirda tuman xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilari, faxriy pedagoglar, ota-onalar, maktab jamoasi ishtirok etdi.
— Qurilish va ta’mirlash ishlariga davlat byudjetidan 3 mlrd 100 million so‘m mablag‘ ajratildi, — deydi 21-maktab direktori Nurmuhammad Ahmedov. — 3 oy davomida ta’lim dargohimizda qizg‘in ish jarayoni olib borildi. Maktabning ta’mirdan oldingi holati ancha yomon edi. Har yili isitish tizimida muammolar bo‘lardi. Tom qismi eskirib qolgani sabab, yomg‘irli kunlarda ba’zi xonalardan tomchi tomardi. Kapital ta’mirlanganiga qaramay bu muammolar bartaraf etilmadi. O‘tgan yili “Obod mahalla” dasturiga kirgach, maktabimizda qurilish-ta’mirlash ishlari jadallashdi. 2019-yildan o‘quvchilarimiz yangi maktabda o‘qishni boshladi.
Ushbu ta’lim dargohida olib borilgan ishlar ko‘rgan kishining ko‘zini quvnatadi.
— Uch oy davom etgan qurilish-ta’mirlash ishlarida 90 ga yaqin ishchi ishladi, — deydi “Premium engineering service” MChJ rahbari Qahramon Mahamatqulov. — Maktabning fasad qismi uchun zamonaviy va chidamli travertin suvog‘idan foydalanildi. Ushbu suvoq 20 yilgacha o‘z holatini yo‘qotmaydi. Shuningdek, sport maydonchalari, tennis korti, mini futbol, futbol, basketbol, voleybol maydoni yangidan qurildi. Yo‘laklarga asfalt yotqizildi. Shu bilan birga oshxona, foyelar, faollar zali to‘liq ta’mirlandi. Deraza romlari, eshiklar ham zamonaviysiga almashtirildi. Isitish va kanalizatsiya tizimi to‘liq yangilandi.
Niginabonu SHUKUROVA