Imzo qo‘yish, rasmga tushish, qo‘shiq aytish, suzish nega maktabda o‘rgatilmaydi?
Boshlang‘ich sinfda bola xotirasida ko‘proq ma’lumotlar saqlanib qoladi, muhim hayotiy ko‘nikmalar oson o‘zlashtiriladi. Bu davrda ularni o‘qish va bilim olishdan chalg‘ituvchi vositalar nisbatan kamroq bo‘ladi. Shu sababli boshlang‘ich ta’limda asosiy e’tiborni insonda butun umri davomida asqotadigan bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratish maqsadga muvofiq. Deylik, o‘quvchiga did-farosat, tartib-intizom, o‘zini tutish, favqulodda holatlarda to‘g‘ri harakatlanish, hayot xavfsizligi, ijtimoiy munosabatlarni to‘g‘ri shakllantirish va munosib muloqot yuritish kabi ko‘nikmalarni bir necha yo‘nalishga ajratgan holda sinfdan tashqari mashg‘ulotlarda singdirib borish katta ahamiyat kasb etadi.
Imzo qo‘yish. Imzo — inson umri davomida turli hujjatlarda uning roziligi, istak-xohishi belgisi sifatida qo‘yiladigan «muhr». Odamlar qo‘liga qog‘oz-qalam tushsa, beixtiyor o‘z imzosini qo‘ya boshlaydi. U shunchaki yozuv yoki tasdiq belgisi emas, balki insonning shaxsi, savodxonlik darajasi, did-farosatini namoyon etadi.
Shu sababli boshlang‘ich sinfdayoq qanday qilib imzo chekish bo‘yicha dastlabki mashg‘ulotlar o‘tkazilsa, keyinchalik imzoni o‘zgartirish yoki undan uyalish kabi holatlarga duch kelinmaydi.
Har bir o‘quvchi o‘z imzosi namunalarini ishlab chiqadi hamda ustozlari va ota-onasi bilan maslahatlashgan holda ulardan birini tanlaydi.
Rasmga tushish. Ba’zi kishilar pasport yoki boshqa rasmiy hujjatlardagi, oilaviy, do‘stlar davrasida, biror diqqatga sazovor joylarda yoki shunchaki esdalik uchun tushgan rasmlarini ko‘rishni uncha xushlamaydi. Xo‘mraygan, ko‘zlar yumilib qolgan, qaddini tik tutmagan yoki boshqa ko‘ngilni xira qiluvchi holatlarda suratga tushib qoladi. Butun umrga esdalik bo‘lgani yoki o‘zgartirish imkoni yo‘qligi uchun ham ulardan voz kecha olmaymiz. Vaholanki, boshqa mamlakatlar fuqarolari hatto rasmiy hujjatlar — pasport, ID-kartalar yoki anketa so‘rovnomalariga ham istagan holatida, jilmayib suratga tushadi. To‘g‘ri, rasmiy hujjatlarga kulib, yuzni u yoki bu tomonga burib tushishga ruxsat berilmaydi, ammo rasmga to‘g‘ri tushishni bilgan odam, bu imkoniyat berilmasa ham, o‘zi uyalmaydigan holatda — nim-tabassum bilan suratga tushishi mumkin.
Esdalik uchun esa qaysi holatda eng chiroyli, eng yoqimli ko‘rinishini ustozlari maslahati va ko‘magi bilan bilib olgan inson keyinchalik suratlariga qarab ranjimaydi. Yolg‘iz, tadbirlarda, sayohatlarda, do‘stlar va oila davrasida qanday rasmga tushish maqsadga muvofiq ekani haqidagi dastlabki ma’lumot-tushunchalar, foydali maslahatlar berilib, birgalikda mashq qilinsa, bu borada ham hayot go‘zalligi ta’minlangan bo‘ladi.
Qo‘shiq aytish. Hammamiz musiqa darslarida turli qo‘shiqlarni yod olganmiz, birgalikda kuylaganmiz. Lekin negadir barchamiz ayta oladigan, birgalikda kuylaydigan qo‘shiqlarimiz yo‘q hisobi. Bu, ayniqsa, farzandlarimiz xorij safarlariga yoki sayohatlarga chiqqanida yaqqol seziladi. Qaysi mavzu, qaysi yo‘nalishda bo‘lishidan qat’i nazar, qo‘shiq ayta olmayman, deya uyalmasdan, o‘z ovoz imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda jo‘rovoz qo‘shiq ayta olish, ayniqsa, olis yurtlarda bir millat vakillarining yanada yaqin, yanada jips bo‘lishi, yurt va Vatan sog‘inchini yurakdan o‘tkazishi muhim, deb hisoblayman.
Buning uchun o‘quvchilardagi qo‘shiq aytishdan uyalish hissini o‘ziga ishonch, imkoniyatlarini to‘g‘ri baholay olishga o‘zgartirish, barcha kuylay oladigan ritmdagi qo‘shiqlarni tanlash va birgalikda, do‘stona muhitda mashq qilish zarur.
Suzish. Istiqomat qiladigan joyimizda tabiiy yoki sun’iy suzish havzalari bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’i nazar, farzandlarimiz yaxshi suza olishi, suvda o‘zi va boshqalarning hayotini qutqara olishi shart! Suv havzalari mavjud bo‘lmagan hududlarda hech bo‘lmasa bugun xalq orasida urf bo‘lib borayotgan kichik havo bilan to‘ldirib shishiriluvchi sun’iy hovuzchalar orqali suzishni o‘rgatish mumkin. Bunday hovuzchalar boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga suzishni o‘rganish uchun kichiklik qilmaydi.
Bu borada maxsus dastur qabul qilinsa ham bo‘ladi. Chunki bolalar va kattalarning suv havzalarida cho‘kib, hayotdan ko‘z yumish holatlari tez-tez sodir bo‘lib turadi. Bu kabi holatlar shunchaki yangilik sifatida emas, balki hukumatga, odamlarga chaqiriq sifatida qabul qilinishi, barcha holatlar o‘rganilib, tegishli qarorlar qabul qilinishi, xavfli, girdobli, sovuq oqar suvga tushganda to‘g‘ri harakatlanish qoida va qo‘llanmalari ishlab chiqilishi lozim.
Etika qoidalari. Inson hayoti davomida turli tadbir, to‘y-tantana, ziyofat va qabullarda ishtirok etadi. Bunday paytda o‘zini to‘g‘ri tutishi, ovqatlanish, suhbatlarga aralashish qoidalarini bolalikdan o‘zlashtirishi maqsadga muvofiq. To‘g‘ri, oila davrasida, kattalar bilan o‘tirganda bu kabi qoidalar o‘rgatiladi, ammo etika qoidalari kompleks ravishda, turli qiziqarli mashg‘ulot va o‘yinlar yordamida o‘rgatilsa, bu bo‘yicha o‘quvchilarning har qanday yutug‘i munosib rag‘batlantirilsa, kelgusida faqat va faqat foyda keltirishi mumkin.
Kiyim tanlash. Libos ham insonning shaxsi, ijtimoiy darajasi, did-farosati va boshqa shaxsiy xususiyatlari to‘g‘risida ma‘lumot beradi. Bolalikdan qaysi tur va rangdagi kiyimlar bir-biriga mos kelishi, bo‘y, vazn va boshqa individual xususiyatlarga ko‘ra, shuningdek, boriladigan joyning turiga ko‘ra kiyim tanlash o‘rgatilsa, o‘quvchi butun umr ustozlaridan mamnun bo‘ladi.
Xat, SMS, tabrik va tilaklar yozish. Zamonaviy dunyoda axborot almashish keskin tezlashdi. Xat-xabar jo‘natishda vaqt va makon kabi tushunchalar mohiyatini yo‘qotdi. Birgina xabarchani yozish hamda jo‘natish tugmachasini bosish bilan u manzilga, o‘z egasining qo‘liga yetib boradi. Muammo ularni to‘g‘ri va bexato yozishda qoldi, xolos. Nazarimda, har bir kishi xat va tabrik yozishda o‘z uslubiga ega bo‘lishi kerak. Bugun o‘quvchi-yoshlarning o‘zaro yozishmalarida toqat qilish qiyin bo‘lgan darajada ko‘plab imlo xatolarini, tabrik va dil so‘zlarini yozishdan erinib, rasmli jo‘natmalarni «kopi-past» qilib yuborish kabi holatlarni uchratamiz. Bu nafaqat tilga, millatga, balki xat va tabriklarni jo‘natayotgan kishilarga nisbatan ham hurmatsizlikdir. Boshlang‘ich sinfda bolalar o‘git va maslahatlarga quloq tutishi, gapga kirishi osonroq bo‘ladi. Savodi endigina shakllanib, so‘zlarni so‘zlarga qo‘shayotgan vaqtda kichik-kichik xat va tabriklar, SMSlar yozishni birgalikda mashq qilish orqali bugun aksariyat yoshlarimiz mukkasidan ketgan savodsizlik, xato va kamchiliklarga chek qo‘yish mumkin.
Telefonda gaplashish qoidalari. Bolalikdan bu boradagi ko‘nikmalarni to‘g‘ri shakllantirish, qo‘ng‘iroq qilish, salomlashish, suhbatlashish qoidalarini o‘rgatish, boshqalarni hurmat qilish, vaqtini olmaslik kabilar o‘rgatilishi zarur. Jumladan, telefon qilgan odam birinchi bo‘lib salom berishi, o‘zini tanishtirishi, maqsad-muddaosini aytishi, ezmalanmasligi, qo‘ng‘iroqqa javob bo‘lmasa, ketma-ket telefon qilavermasligi zarurligi o‘rgatilishi, odatga aylantirilishi kerak.
Notiqlik. Tadbirlar, bayramlar, to‘y-tantanalar, yig‘ilishlar, davra suhbatlari — hayotimizning bir qismi. Davralarda sizga so‘z berilsa, cho‘chib ketasiz, nima deyishni bilmay, shoshilib qolasiz. Hayajoningiz titrayotgan qo‘llaringizdan sezilib qoladi. Har bir inson o‘z fikri, tilak va istaklari, munosabati, nuqtayi nazarini omma oldida dadil ayta olishi kerak. Qolaversa, ommaviy axborot vositalariga intervyu berishning ham uddasidan chiqishimiz lozim. To‘g‘ri, hayajon, qo‘rquv va hadik hammada bo‘ladi. Ammo bularni mashg‘ulotlar, kichik davralar, maktabda uyushtiriluvchi tadbirlar orqali yo‘qotish, notiqlik ko‘nikmalarini shakllantirish mumkin. Muhimi, o‘quvchida o‘ziga ishonchni uyg‘ota olishda.
Shaxsiy gigiyena. Badan, libos, uy-joy, narsa-buyumlar tozaligi — salomatlik va yaxshi kayfiyat garovi. Ular kishining tashrif qog‘ozi ham. Kir-chir, badbo‘y odamdan hamma o‘zini tortadi. Oldi-berdi, bordi-keldi qilgisi kelmaydi. Bolalar butun umri davomida toza va ozoda yurish eng muhim masalalardan biri ekanini bilishlari, toza yurishga odatlanishlari lozim. Maktablarda esa ularga qanday qilib toza yurish, badan, libos va buyumlarni ozoda tutish qoidalari o‘rgatilishi foydadan xoli bo‘lmaydi.
Ko‘pchilik umri davomida shunday kamchiliklardan aziyat chekadi. Keling, aziz ustozlar, sinf rahbarlik soatlarimizda o‘quvchilarimizga ana shunday sodda va zaruriy jihatlarni o‘rgatishga, shakllantirishga erishaylik.
Shoiraxon MIRZAYEVA, Baliqchi tumanidagi 6-maktab o‘qituvchisi