Ta’lim ta’lim bo‘lib qolishi kerak!
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 187-sonli qarorining 3-ilovasida Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida matematika o‘quv fanining maqsad va vazifalari keltirilgan. Unda ko‘rsatilishicha, matematikani maktabda o‘qitishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri shunday:
“Milliy, ma’naviy va madaniy merosni qadrlash, tabiiy-moddiy resurslardan oqilona foydalanish va asrab-avaylash, matematik madaniyatni umumbashariy madaniyatning tarkibiy qismi sifatida tarbiyalash”.
Tarix fanini o‘qitishdan ko‘zlangan asosiy vazifalardan biri esa bunday:
“Ajdodlarning ma’naviy merosi va jasoratlaridan ibrat olishga, ularga munosib voris bo‘lishga o‘rgatish”.
Fizika fanini o‘qitish vazifalari orasiga ham quydagilar qistirib o‘tilgan:
“…ma’naviy va madaniy merosni avaylab-asrash, umumbashariy madaniyat elementlarini tarbiyalash”.
Dinshunoslik degan fan bor. Uning teologiyadan farqi — dinni tashqaridan o‘rganadi, hech bir dinni targ‘ib qilmaydi. Shu nuqtayi nazardan bu fan dunyoviy davlatlar maktablarida o‘qitilishi mumkin. Sharti — uni teologiya bilan aralashtirib yubormaslik lozim. Ana shu fanni o‘qitishdan ham ko‘zlangan vazifa quyidagicha:
“Din, uning mohiyati va mazmuni, ezgulik g‘oyalari bilan o‘quvchilarni qurollantirish; yurtimizda vijdon erkinligining kafolatlanishi, ma’rifiy islom¬ning rivojlanishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yoshlarni tanishtirish”.
Diniy erkinlik va bag‘rikenglik kompetensiyasi (B1) baholanganda o‘quvchi egallashi lozim bo‘lgan sifatlar orasiga uning imon-e’tiqodli, dinlarning ezgulik mohiyatini anglay olishi ham kiritilgan. O‘quvchini bu tarzda baholash dunyoviy ta’lim talabiga qanchalik to‘g‘ri keladi? O‘quvchini diniy e’tiqodli bo‘lishi yoki bo‘lmasligiga qarab baholash Konstitutsiyaga zid emasmi? Diniy e’tiqodi bo‘lmagan o‘quvchi diniy erkinlik va bag‘rikenglik kompetensiyasi past deb baholanadimi? Umuman, o‘quvchining imonli yoki imonsizligini qanday baholash mumkin? Sen “Xudoga ishonasanmi?” deb so‘raladimi? Tavhid kalimasini aytib bersa, unga imonli deb yuqori baho qo‘yiladimi? Agar u dinlarga salbiy munosabatda bo‘lsa-chi, shaxsiy fikri hurmat qilinmaydimi? Din va ta’lim ajratilgan dunyoviy tizimimizga bu qanchalik mos keladi? Bu kabi savollarga javobni Konstitutsiyaviy sudda o‘tirganlar bersa yaxshi bo‘lar edi.
Hukumat qarori bilan tasdiqlangan ushbu hujjat ta’lim standartini belgilaydimi yoki?..
Bilim berish — ta’lim, qadriyatlar, odatlarni singdirish esa tarbiya deyiladi. Agar o‘sha qadriyat va odatlar muayyan siyosiy rejim yoki din, mafkurani saqlash, mustahkamlash uchun singdirilsa, indoktrinatsiya bo‘ladi. Aniq, tabiiy va gumanitar fanlarni o‘qitishdan ko‘zlangan vazifalar sifatida “ma’naviy merosni asrash”, “milliy, madaniy merosni qadrlash”, “ajdodlardan ibrat olish” kabilar ko‘rsatilishi nima deb ataladi? Ta’limmi? Tarbiyami? Targ‘botmi?
Qadrlash, asrab-avaylash, ibrat olishga ko‘niktirish ta’lim emas, tarbiya deyiladi va bu vazifani oila bajaradi. Ta’lim esa faktlar, faktlardan chiqadigan mantiqan izchil xulosalar va tanqidiy fikrlashga asoslanadi. Fakt va mantiq millat, din, tarix, ajdodlarni ajratmaydi. Fakt va mantiq uchun millat va an’anani saqlash ahamiyatsiz.
Ammo maktablar ta’lim emas, tarbiya dargohi ham, deyish mumkin. Zero, bizda universitetlarni ham tarbiya dargohi hisoblaydigan konservatorcha qarash hukmron. U holda nega hujjatning nomi “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida” deyilmoqda. “Ta’lim va tarbiya standartlari” deb nomlansa ham bo‘lardi-ku! Xalq ta’limi vazirligini esa Xalq ta’limi va tarbiyasi vazirligi deb atasak, har xil e’tirozli savollar o‘rtaga chiqmas edi.
Biz “ta’lim standarti” haqida gapiryapmizmi, demak, ana shu tushunchaning o‘zidan kelib chiqib standartlar belgilanishi lozim.
Sobiq Sovet ittifoqi davrida hamma fanlarga marksizm-leninizm qo‘shib yuborilgandi, tariximiz qora bo‘yoqlarda aks ettirilgandi, deb noliymiz. Ammo o‘zimiz o‘sha ishni takrorlamayapmizmi? Hozirgi ta’lim standartlarimiz o‘sha vaqtdagidan qolishmaydi. Biz hatto matematika faniga qadriyatlarni tiqishtiryapmiz, tariximizni oqlamoqchi, ajdodlarimizga munosib bo‘lmoqchimiz. Nahotki ta’lim standarti ishlab chiqilayotganda matematika fani qadriyatlar bilan shug‘ullanmasligini hech kim bilmagan. Agar biz o‘ta aqlli kompyuterlarni yaratsak, u matematika tilini “tushunadi”, ammo qadriyatlarni tushunmaydi. Chunki qadriyatlar maqsad bilan bog‘liq, maqsad esa insoniy hodisa. Biz maqsadimizga qarab qadriyatlarni shakllantiramiz. Fan esa maqsadni ko‘rsatmaydi. Fan “chekish sog‘liq uchun zarar”liligini ochib berishi mumkin, biroq “chek” yoki “chekma” demaydi, buni insonning o‘zi hal qiladi. Maqsadi sog‘lom yashash bo‘lgan inson chekmaydi.
Fan uchun millat, din, qadriyatlar bo‘lmaydi. Fan uchun haqiqat va yolg‘on, asoslanganlik va asossizlik bo‘ladi. Shundan boshqasi, u fan emas, mafkuraga aylanadi. Fan aslida nima ekanini maktabdanoq tushunib, bilib olmaganlar keyinchalik mafkura bilan fanni ajratolmaydi. Ilmiy dunyoqarash haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi.
Maktab tayyor fikrlarni o‘quvchi ongiga quyadigan maskan bo‘lmasligi kerak. Fan nima, mafkura nima, asoslanganlik va asossizlik qanday bo‘ladi, mantiqiy ziddiyat va mantiqiy qarama-qarshilik o‘rtasidagi farq nima, argumentlar qanday quriladi, haqiqat mezoni nima — ana shu kabi savollarga javobi bo‘lmagan o‘quvchilardan mustaqil, ongli fuqarolar yetishib chiqmaydi.
Darsliklarni yaxshilashimiz kerak, degan o‘y bilan yurardim. Aftidan ta’lim standartlarini belgilaydigan normativ hujjatlarni ham qayta ko‘rib chiqish kerak, chamamda.
* * *
Turli targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, OAVda qayta-qayta takrorlanaverib siyqasi chiqib ketgan gaplarni darsliklarga kiritish mustaqil, erkin fikrli avlodni tarbiyalashni ko‘zlagan ta’lim tizimi uchun mutlaqo begonadir. Ilg‘or ta’lim bugungi kunning tor talabidan kelib chiqib emas, balki ehtimoliy kelajakka yosh avlodni tayyorlashga xizmat qiladi. Darslikni targ‘ibot-tashviqot quroli, tayyor fikrlar (faktlar emas) majmuasiga aylantirish orqali biz ta’limni bugungi kunning siyosiy va iqtisodiy voqeligiga, injiqliklariga bog‘lab qo‘yamiz. Bu kabi yo‘l bilan ta’lim olgan avlod esa kelajakning egasi bo‘lolmaydi.
Xurshid YO‘LDOSHEV