Qo‘llanmadagi xatolar bizni chalg‘ityapti
Darslik mavzusini tushuntirishda metodik qo‘llanmalarga ehtiyoj seziladi. Shu bois, bunday qo‘shimcha manbalarni imkon qadar xatosiz va sifatli chop etish zarur. Yo‘l qo‘yilgan har bir xato bolaning puxta bilim egallashiga to‘sqinlik qiladi. Afsuski, tajribada ayrim qo‘llanmalar shunday xatolar bilan chop etilganiga guvoh bo‘lyapmiz.
Misol uchun, XTV tomonidan tasdiqlangan 4-sinf matematika darsligiga ilova tarzida chop etilgan "Matematika-4" metodik qo‘llanmasi shunday kamchilikdan xoli emas. O‘qituvchi uchun metodik yordam sifatida berilgan ayrim masala va ularning yechimi bahstalab. Masalan, 4-masala(3-bet)ning o‘rniga qo‘llanmada (10-bet) boshqa masalaning yechimi berilgani pedagogni chalg‘itadi. 5-misolning (11-bet) jadvalini tuzishda ham x+200=100 va x+440=248 tarzida xatolik uchraydi. 1-, 2-jadvaldagi bu misollar aslida x+200=1000 va x-440=248 bo‘lishi kerak.
Qo‘llanmadagi 113-masala (55-bet) yechimining ikkinchi yo‘nalishida ham kamchilikka yo‘l qo‘yilgan. Ya’ni, 120:3=40 (so‘m), 100x3=300 (so‘m) deyilgan. Aslida masala yechimi 100x40=4000 (so‘m) tarzida topilishi kerak edi. 124-misolning (60-bet) yechimi ham 380-250+200-100=200 tarzida noto‘g‘ri yozilgan. 61-betdagi 127-misolda 3 metr 30 sm.ga teng shaklida berilgan, aslida 3 m=300 sm tarzida yozilishi kerak. 583+167- (900-623+184)=470 tarzida berilgan 132-misol(63-bet)da ham xatolik bor. 900-623+184=280 emas, aslida 461 bo‘ladi. Yana shu betdagi 133-misolda berilgan qoldiqli bo‘lish 25:3=8 emas, 25:3=8,1 tarzida yozilishi to‘g‘ri bo‘ladi. 66-betdagi 140-misolning oxirgi ikkitasidagi mustaqil ishning yechimi ham (420-300):(90:30)+15=120:3=40 tarzida noto‘g‘ri berilgan. Bu yerda 40 ga 15 qo‘shilmay qolgan. Ikkinchi javob ham (55+45-(890-870):2=100-20:2= =100-10=10 shaklida yozilgan. Aslida 100-10=90 bo‘ladi.
Qo‘llanmadagi 152-misol (15x3: 9+361-954:3=88)da ham 4-ishga biroz loqaydlik bilan qaralgan. Ya’ni, 4-ish 45+361=406 emas, 5+361=366 bo‘lishi kerak. 75-betdagi 160-misol(420:10-4:2=35)da qavs tashlab ketilgan. Aslida 420:(10-4):2=35 tarzida yoziladi. 161-masaladagi chizma xato berilgan, kesmalarning nomlanishi ham masala sharti bilan chizmaga mos kelmaydi. 186-, 195-, 232-, 244-misol va masalalar yechimida kamchiliklar mavjud. 233-topshiriq murakkab bo‘lishiga qaramay, qo‘llanmada bu haqda hech qanday qo‘shimcha ma’lumot yoki izoh yo‘q. 110-betdagi 289-misol(137x4=536) ham kishini o‘ylantiradi. Vaholanki, javob 548 bo‘lishi kerak. 117-betda nur rasmining o‘rniga kesma chizig‘i chizilgan. 120-betdagi 314-topshiriqda ham nurlarni topish kerakligi aytilgan. Afsuski, yuqoridagi xatolik qayta takrorlanib, chizmalarning barchasida kesma aks etgan.
Qo‘llanmaning 120-betidagi test topshirig‘i(35x100:10=)da to‘g‘ri javobning o‘zi yo‘q. Variantlarda A) 150 B) 250 C) 200 D) 230 deb ko‘rsatilgan. To‘g‘ri javob esa — 350.
Test ko‘rinishidagi keyingi masalaga ham to‘g‘ri javob berilmagan:
Do‘konga televizor, magnitofon va radiopriyomnik keltirildi. Ular jami 296 ta. Shulardan 78 tasi magnitofon, radiopriyomniklar esa magnitofondan 2 marta ko‘p, qolganlari televizor. Do‘konga nechta televizor olib kelingan?
A) 140 B) 160 C) 130 D) 120. Aslida 296-(78+78x2)=296-234=62.
Do‘konga 62 ta televizor keltirilgan.
191-betdagi 646-misolning qavs ichidagi amallari xato bajarilgan bo‘lsa-da, yechim to‘g‘ri chiqqani o‘quvchini chalg‘itadi:
900100- (735-184) x 80 = 900100-557 x 80=856020, aslida:
900100-(735-184)x80=900100-551x80=900100-44080=856020.
O‘qituvchilar qo‘shimcha metodik yordam sifatida foydalanadigan kitobda bu kabi xatolar uchrashi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir etadi.
Dilnoza NARZULLAYEVA, Vobkent tumanidagi 21-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi